Huquqiy ko‘mak: Adliya - mahallada, adliya - uyingizda
Prezidentning joriy yil 24 maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan vaqtda viloyatning 153 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi mingdan ortiq xonadonga uyma-uy kirilib, 220 dan ziyod huquqiy muammolar aniqlandi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar mahallabay ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.
- Jarayon samaradorligini oshirish maqsadida “Adliya kuni” tadbirlari joriy etildi, - deydi viloyat adliya boshqarmasi xodimi Mansur Hasanov. - Shuningdek, “Huquqiy ko‘mak” aksiyalarida uyma-uy yurgan holda fuqarolarning muammolari, ayni muammoning kelib chiqish sabablari o‘rganilib, shunday holatlar takrorlanishining oldini olish uchun qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilishi yo‘lga qo‘yildi.
Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “Mahalla huquqshunosi” loyihasi ham amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihada mahalla raislarining huquqiy bilimlari oshirilib, odamlarning huquqiy masalalari bilan ishlash, shu yo‘nalishdagi muammolarni vaqtida aniqlash va bartaraf etishda qonunchilikda belgilangan talablarni to‘g‘ri qo‘llash, adliya organlari bilan samarali hamkorlik qilish bo‘yicha ko‘nikmalar berilmoqda. Asosiysi, mashg‘ulotlar amaliy tarzda, adliya mutaxassislari bilan uyma-uy yurgan holda olib boriladi.
Ana shunday tadbirlardan birida oqdaryolik 70 yoshli Namoz ota Karimov xonadonidagi 2 yillik muammo hal etildi. Aniqlanishicha, otaxoning kenja kelini ikki yil avval Samarqand shahridagi tug‘ruq majmualaridan birida farzand ko‘rgan, ammo go‘dak ko‘p yashamagan. Bolaning o‘limini qayd qilish jarayonida negadir ona ham tiriklar safidan chiqarib qo‘yilgan. Bu chalkashlik kelin keyingi farzandni dunyoga keltirganida yuzaga chiqqan. Shu kungacha uni hal qilish bo‘yicha qilingan harakatlar samara bermagan. Adliya aralashuvi bilan ushbu xatolik to‘g‘rilanib, fuqaroning huquqlari tiklab berildi.
“Fuqaro – mahalla – adliya” tizimi asosida viloyatdagi barcha adliya idoralari tegishli davlat tashkilotlari bilan birgalikda joylarda sayyor qabul va ochiq muloqotlar tashkil etmoqda. Jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumani Nayman mahallasida o‘tkazilgan sayyor qabulda 20 nafardan ortiq fuqaro subsidiya, aliment, kommunal soha, kadastr, bandlik va mehnat munosabatlari, moddiy yordam, hujjatlarni tiklash kabi ko‘plab masalalarda murojaat qildi. Barcha murojaatlar qonun talablaridan kelib chiqib o‘rganildi va nazoratga olindi.
Uyma-uy yurish davomida birinchi navbatda ijtimoiy daftarlar va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan shaxslarga bepul huquqiy yordam ko‘rsatiladi. Xususan, o‘tgan vaqtda 239 nafar fuqaroga huquqiy hujjat loyihalari tayyorlab berilib, joylarda 1,5 mingdan ortiq sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Aniqlangan muammolarni hal qilish barobarida sudlarga 273 million so‘mlik da’vo arizalari kiritildi. Taqdimnomalar asosida 267 million so‘mlik to‘lovlar undirib berildi.