Viloyatdagi ilk «Huquqiy maslahat kuni» Jomboyda o‘tkazildi
Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan Jomboy tumanidagi «Zarafshon» mahalla fuqarolar yig‘inida “Huquqiy maslahat kuni” tadbiri o‘tkazildi.
“Huquqiy maslahat kuni” tadbirida 28 ta tashkilotlar rahbarlari, jumladan fuqarolik, ma’muriy ishlar bo‘yicha sud raislari, tuman ichki ishlar bo‘limi, bandlikka ko‘maklashish markazi, MIB tuman bo‘limi vakillari va boshqa mutasaddi rahbarlar ishtirok etib, 38 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan kelgan 152 nafar xotin-qizlarga huquqiy maslahat berishdi.
Jumladan, “Huquqiy maslahat kuni” doirasida 32 nafar xotin-qizlarga xuquqiy, 12 nafariga tibbiy, 8 nafariga psixologik, 26 nafariga moddiy yordam hamda 25 nafar xotin-qizlarga oilaviy va 49 nafar xotin-qizlarga turli massalalarda maslahat berildi.
- «Huquqiy maslahat kuni» o‘tkazilishi har bir xotin-qizlar qo‘mitasining «Yo‘l xaritasi»ga kiritilgan, - deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova. – Ushbu tadbirlarni o‘tkazishdan asosiy maqsad xotin-qizlarga o‘z vaqtida, zarur tavsiyalar, ularning hayotidagi muammolarga yechim topishga to‘g‘ri yo‘nalish berishdan iborat. Xonadonlardagi ahvolni o‘rganish jarayonida aksar xotin-qizlar o‘z huquqlarini bilmasliklari, u yoki bu masalada kimga murojaat etishni tushunmasliklari ayon bo‘ldi. Shuni inobatga olgan holda ularga tegishli tashkilotlar bilan birgalikda zarur yordam ko‘rsatishni rejalashtirganmiz. Xuddi shunday «Huquqiy maslahat kunlari» viloyatimizning barcha shahar, tumanlarida o‘tkaziladi.
Shu kuni “Huquqiy maslahat kuni ” doirasida viloyat xokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G. Alimovaning sayyor qabuli ham o‘tkazildi va 20 nafar xotin-qizlarning muammolari joyida bartaraf etildi. Jumladan, aliment, oilaviy nizo, bandlik, sog‘ligini tiklash, uy-joy masalasidagi murojaatlar joyida bartaraf etildi.
Gulruh MO‘MINOVA.