Obod bo‘lmayotgan "Obod qishloq"lar. Ulardagi qurilishlar qachon bitadi?
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari asosida har yili viloyatimiz tuman va shaharlaridagi infratuzilma ob’yektlari, ijtimoiy sohani rivojlantirish, transport xizmatlarini yaxshilash, gaz, suv, elektr ta’minotidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib boriladi. Oddiy qilib aytganda, dasturga kiritilgan qishloq yoki mahalla butunlay zamonaviy qiyofaga kiradi. Ammo dasturdagi barcha qishloq va mahallalarda ham belgilangan ishlar to‘liq bajarilmayapti.
Tahririyatimizga Xudoynazar To‘raqulov shikoyat arizasi yo‘llab, Past Darg‘om tumanida 2019 yilgi “Obod qishloq” dasturida belgilangan ishlar hamon yakuniga yetkazilmaganligini bildirgan.
- 2019 yilda Beklar va Go‘zalkent hududlari “Obod qishloq” dasturiga kiritilib, umumta’lim maktabi, ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi, shifokorlar uyida qurilish-ta’mirlash ishlari rejalashtirilgandi, - deydi X.To‘raqulov. – Oradan uch yildan ortiq vaqt o‘tdi hamki, bu ob’yektlarda hamon qurilish ishlari tugallanmadi. Qurilish-ta’mirlash xarajatlarining 60 foizi tuman hokimligi tomonidan qoplanishi ko‘zda tutilgan. Ammo mablag‘ ajratilmagach, ishlar o‘z holicha qolib ketdi. Chala qolgan qurilish-ta’mirlash ishlarini yakuniga yetkazish, bajarilgan va bajariladigan qurilish-montaj ishlarini to‘liq moliyalashtirishni so‘rab viloyat hokimining o‘rinbosari, injiniring kompaniyasi rahbariyati, tuman hokimi nomiga 6 marotaba yozma murojaat qildik. Haligacha ijobiy natija bo‘lgani yo‘q.
2019 yilda “Obod qishloq” dasturi doirasidagi ishlarning bajarilishi yuzasidan shu hududdan maqola tayyorlagandik. O‘shanda aholining kayfiyati, xursandchiligi, ertangi kunga ishonchi juda yuqori edi. Yangi binolar qurilishi, yo‘l, gaz, suv, elektr ta’minotidagi o‘zgarishlar, qishloq hududining zamonaviylashib, shaharga tenglashib borayotganini ko‘rgandik. Murojaatni o‘rganishga borganimizda afsuski, qurilish ishlari yarim holicha qolib ketganiga guvoh bo‘ldik.
Beklar mahallasidagi 56-maktabgacha ta’lim muassasasida 90 nafar bola tarbiyalangan. Qurilish ishlari yakuniga yetgach, zamonaviy ikki qavatli binoda 120 nafar bolani qamrab olishi kutilgandi. Qisqa muddatda yangi binoga ega bo‘lishni o‘ylagan maktabgacha ta’lim muassasasi jamoasi vaqtincha faoliyat yuritib turish uchun fuqaroning uyiga ko‘chgandi. Ammo uch yil o‘tdi hamki, «qisqa muddatli» qurilish ishlari yakuniga yetmasdan o‘lda-jo‘lda qolib ketdi. Beklar mahallasidagi shifokorlar uyi deyarli bitgan, hatto o‘sha paytda eshik-romlar ham qo‘yilgandi. O‘tarchi va Beklar mahallasidagi 7 ming aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan shifokorlar uyi so‘nggi pardozlash ishlari yakuniga yetmaganligi uchun bino foydalanishga topshirilmasdan qolib ketdi.
Tumandagi 103-maktabda 724 nafar o‘quvchi o‘qiydi. 30 ta sinfdan iborat ta’lim muassasasida sinfxona yetishmasligidan o‘quvchilar ikki navbatda o‘qiydi. Qishloq “Obod qishloq” dasturiga kiritilganda maktabda 120 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilishi va sport zalni ta’mirlash rejalashtirilgandi. Dastur asosida 120 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi qurib foydalanishga topshirildi. Ammo maktabning sport zali hamon muhr bosilgan ko‘yi yopiq turibdi.
- 2019 yil maktabimizda qo‘shimcha o‘quv xonalari va sport zalimizni ta’mirlash rejalashtirilgandi. Ammo sentyabr oyigacha faqat 120 o‘rinli qo‘shimcha bino foydalanishga topshirildi, sport zal ta’miri esa qolib ketdi, - deydi 103-maktabning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Farrux Yorboboyev. – Qish paytida jismoniy tarbiya fani ob-havoga bog‘liq bo‘lib qolgan. Issiq kunlari o‘quvchilarni tashqariga chiqarib dars o‘tamiz, sovuq kunlarda esa sinfxonada shaxmat-shashka o‘ynatamiz. Shu kunlarda havo issiq bo‘lganligi uchun sport zalning kiyinish xonasidan foydalanib turibmiz. Sport zalning polini yangilash, ranglash, tibbiyot va o‘qituvchilar xonalarini ta’mirlash, isitish tizimidagi muammolar tufayli jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari o‘quv qurollari, to‘plar, stol tennisi raketkalari va boshqa jihozlarni o‘zlari bilan olib yurishadi.
O‘qituvchilarning aytishicha, sport zalni ta’mirlash maktabning yagona muammosi emas. Maktabdagi qurilish-ta’mirlash ishlari davomida yangi qozonxona o‘rnatish ham ko‘zda tutilgandi. Maktabda yangi qozonxona o‘rnatilgan, lekin issiqlik bermayotgani tufayli hamon qo‘lbola pechlardan foydalanilmoqda.
- Maktab ta’miri “Ahmad madad” qurilish korxonasi tomonidan olib borilgan va bu yerda 1 milliard 300 million so‘m mablag‘ evaziga 120 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi, isitish tizimi va sport zalni ta’mirlash rejalashtirilgan, - deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi inspektori Botir Nomozov. – 600 million so‘m mablag‘ moliyalashtirilmaganligi tufayli ishlar yakuniga yetkazilmasdan qolib ketdi. Tumanda bu kabi 4 ta ob’yektda qurilish ishlari chala turibdi. Maktabda isitish tizimini yangilash uchun Farg‘ona viloyatidan tabiiy gaz va ko‘mirga moslashtirilgan yangi qozonxonalar keltirilgan, lekin foydalanishga qabul qilingani yo‘q.
Dasturga kiritilgan hududda ijtimoiy soha ob’yektlari, infratuzilma yaxshilanishi, ish o‘rinlari yaratilishi, maishiy muammolar bartaraf etilishi ko‘zda tutiladi. Dasturning asosiy vazifalari - tibbiyot, ta’lim va maktabgacha ta’lim muassasalarida ishlar yakuniga yetkazilmagan bo‘lsa, nima ishlar bajarilgan?
- “Obod qishloq” dasturi asosida mahallamizda 2,3 kilometr beton yo‘l, 5,3 kilometr ichki yo‘llarimizga tosh yotqizildi, yangi suv inshootlari qurildi va ta’mirlandi, 8,3 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortildi, tungi yoritish tizimi o‘rnatildi, - deydi Beklar mahalla fuqarolar yig‘ini raisi G‘ulom Umbarov. – Elektr, gaz, suv ta’minotida yaxshi o‘zgarishlar bo‘ldi. Dastur asosida 103-maktabning sport zali va shifokorlar uyida qariyb ishlar yakunlangan, faqat 56-maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish ishlari qolib ketdi.
Tumanda 2019 yilda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan Go‘zalkent qo‘rg‘oni tomon yo‘l oldik. Dastur asosida bajarilgan ishlar yuzasidan ma’lumot olish uchun mahalla raisi, maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasini topolmadik. Shunday bo‘lsa-da, yo‘llarga beton qoplangan, yangi qurilgan maishiy xizmat binolarini uchratish mumkin. Lekin masala bu emas.
Murojaatda keltirilgan 46-maktabgacha ta’lim tashkiloti tumandagi eng katta qamrovga ega bog‘chalardan biri hisoblanadi. 1986 yil foydalanishga topshirilgan mazkur muassasada 240 nafar bola qamrab olingan. Hozir esa 60-70 nafar bola uchun 4 yildan buyon mudiraning uyi vaqtincha bog‘cha vazifasini o‘tamoqda. Ta’lim-tarbiya oluvchi bolalarning aksariyati uy bog‘chalar va yaqin hududdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga joylashtirilgan.
- 7-8 oylik qurilish ishlari natijasida binoda tom yangilandi, tashqi va ichki ta’mir ishlari bajarilgandi, - deydi 46-maktabgacha ta’lim tashkiloti qorovuli Toyir Suvonov. – Old va orqa tomondagi o‘yin maydonchalari ustini yopish, yo‘laklarni betonlash, isitish tizimi, elektr ta’minotidagi ishlar qolgandi. Ammo endi bajarilgan ishlar ham yo‘qqa chiqyapti, xonalarga suv o‘tib ketadi, ishlatilgan qurilish materiallari sifatini yo‘qotdi.
Xo‘sh, dasturdagi ishlar nega yakuniga yetkazilmadi, qurilishlarning chala qolib ketishiga faqat mablag‘ yetishmovchiligi sababmi?
- Prezidentimizning 2019 yil 20 fevraldagi “Obod qishloq” dasturini 2019 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida tumanimizdagi Beklar, Go‘zalkent va Eski Juma mahallalari tanlab olinib, dastur bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilgan, - deydi tuman hokimligi mutaxassisi Dilshod Yo‘ldoshev. – 9460 nafar aholi istiqomat qiladigan bu hududlardagi 1300 ta xonadonda ta’mirlash ishlari olib borilgan. 13 ming 200 metr ichimlik suvi tarmog‘i tubdan yangilangan, 3 ta suv inshooti ta’mirlanib, 1 ta inshoot yangidan qurilgan. 3700 metr elektr tarmog‘i tortilib, 350 ta ustunlar o‘rnatilgan, 11 ta transformator rekonstruksiya qilingan. Go‘zalkent mahallasida 700 metr tabiiy gaz tarmog‘i ta’mirlandi, 220 ga yaqin gaz ballonlari tarqatildi. Bu mahallalarda 18 kilometrga yaqin ichki ko‘chalarga tosh yotqizilgan, 6 kilometr yo‘lga beton qoplamasi yotqizilgan. Ijtimoiy soha ob’yektlari bo‘yicha Beklar mahallasida shifokorlar uyi, 56-maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilishi, 103-maktabda qo‘shimcha bino qurilishi va sport zalni ta’mirlash, isitish tizimini yangilash hamda 46-maktabgacha ta’lim tashkilotini rekonstruksiya qilish belgilangandi. 103-maktabda 120 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilishi yakunlanib foydalanishga topshirilgan, maktabning sport zali va shifokorlar uyi, ikkita maktabgacha ta’lim muassasasidagi qurilish-montaj ishlari mablag‘ yetishmovchiligi tufayli yakunlanmay qolgan. Dastur doirasida bu ijtimoiy soha ob’yektlari uchun jami 6 milliard 411 million 800 ming so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgandi, shundan 2 milliard 40 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Mazkur ob’yektlardagi chala qolgan qurilish ishlarini joriy yilda tugallash choralari ko‘riladi.
Tuman hokimligi mas’ullarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilgi “Obod qishloq” dasturiga viloyat bo‘yicha 55 ta ijtimoiy soha ob’yekti kiritilgan. Bu ob’yektlarda qurilish va ta’mirlash ishlari uchun jami 85 milliard 108 million so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Bizga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatning 8 ta tuman-shaharlaridagi ob’yektlar uchun jami 50 milliard 570,8 million so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan. Ya’ni, 24 ta umumta’lim maktabi, 11 ta tibbiyot muassasasi, 20 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti uchun belgilangan mablag‘ 54 foizdan 71 foizgacha moliyalashtirilgan. “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan 12 ta ob’yektning 10 tasi foydalanishga topshirilgan bo‘lsa-da, jami ob’yektlar uchun 89 foiz mablag‘ moliyalashtirilgan.
Afsuski, bu ma’lumotlar qanchalik to‘g‘ri ekanligini aniqlash va holatga oydinlik kiritish uchun ushbu dasturlarga mas’ul bo‘lgan viloyat injiniring kompaniyasiga murojaatlarimiz javobsiz qoldi.
«Obod qishloq», «Obod mahalla» dasturlari asosida har yili qishloq va mahallalarda qurilish, obodonlashtirish ishlari bajariladi. Lekin qachongacha bittasini yakunlamasdan boshqasiga qo‘l urib ketaveramiz. Sohaga mas’ul rahbarlarning hisobotlarida bu ishlar yakunlanganligi e’lon qilinadi. Bitkazilmagan ishlar uchun yolg‘on hisobotlar berib, yillar davomida aholini qiynab kelayotgan masalalarga vaqtida yechim topilmasa, aholida ishonchsizlik uyg‘onmaydimi?
O‘ktam Xudoyberdiyev,
Baxtiyor Mustanov (foto).