Dasturdagi ishlar nega kechikdi?

Joriy yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida viloyatimizdagi 28 qishloq va 4 mahallada keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Buning uchun elektr energiyasi, ichimlik va oqova suv tarmoqlarini yangilash, gaz, yo‘l, aloqa, hududni obodonlashtirish ishlari olib borish reja qilingan. Viloyat hokimining o‘rinbosari Akmal Shukurovning xalq deputatlari viloyat Kengashida bergan axborotiga ko‘ra, hozirgacha tanlangan hududlarda ishlar reja asosida olib borilgan. 

Ajratilgan mablag‘ga loyiq ishlar bajarilgan

Injiniring kompaniyasi dasturga asosan 87 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 59 ta ijtimoiy soha ob’yekti, shundan 27 ta maktab, 17 ta sog‘liqni saqlash va 15 ta maktabgacha ta’lim muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarishi kerak. Hozirda ob’yektlarda 75,9 milliard so‘mlik (87 foiz) qurilish-montaj ishlari bajarilgan va 84,3 milliard so‘m (bajarilgan ishga nisbatan 97 foiz) mablag‘ moliyalashtirilgan, 45 ta ob’yektda qurilish-montaj ishlari yakunlangan. Rejadagi 212 kilometr ichimlik suv tarmog‘i hamda 34 ta suv inshootidan hozirgacha 199 kilometr (94 foiz) tarmoq qurish va 25 ta (75 foiz) suv inshooti o‘rnatilgan. 80,6 kilometr yo‘l (70 foiz) asfalt va 270,2 kilometrga (100 foiz) qum-shag‘al yotqizilgan. Bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri elektr energiyasi ta’minoti hisoblanadi. Kunlar sovushi bilan ta’minotdagi uzilishlar iste’molchilarda e’tiroz uyg‘otadi. Bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun 85,5 kilometr (119 foiz) tarmoq tortish, 29 ta (104 foiz) transformator va 1 848 dona (132 foiz) tayanch ustun o‘rnatish ishlari yakunlandi. Aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash uchun 14 kilometr (187 foiz) tarmoq, 27 ta (113 foiz) gaz taqsimlash punkti (GRP) va 2740 ta (100 foiz) gaz ballonlari tarqatildi. 63 kilometr piyodalar yo‘laklari qurilib 86 ta bozor infratuzilma ob’yektlarida qurilish-montaj ishlari bajarildi.

Bu raqamlar qog‘ozdagi hisobotlar. Joylarda esa dasturga kiritilgan aholi maskanlarida belgilangan ishlar rejadagidan ancha kechikayotgani kuzatilmoqda.

Muammolar zanjirli, yechimi mablag‘

Kattaqo‘rg‘on shahridagi Nurobod va Oq oltin mahallalari joriy yilgi “Obod mahalla” davlat dasturiga kiritilgandi. Dasturga asosan hududda ichki yo‘llar va piyodalar yo‘laklarini, irrigatsiya tarmoqlarini ta’mirlash, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi tarmog‘ini yaxshilash, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish, bozor infratuzilmasi ob’yektlari, yakka tartibdagi uy-joylar, mahalla binolarini ta’mirlash rejalashtirilgandi. Bu ishlar uchun mahalliy, viloyat va respublika byudjetidan 8,1 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, ishlar joriy yilning sentyabr oyida yakunlanishi lozim edi. Ammo dasturda belgilangan vazifalar kechikdi.

Shaharda ko‘p yillardan buyon yo‘l, suv, elektr, tabiiy gaz va boshqa masalalarda talay muammolar yig‘ilib qolgandi, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining o‘rinbosari Tohir Eshbekov. – Shu bois, Nurobod va Oq oltin mahallalari tanlab olinib, dastur asosida ishlar boshlandi. Ushbu mahallalarda 2 milliard 68 million so‘m mablag‘ hisobidan 2,6 kilometr ichki yo‘lda asfaltlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Dastur asosida 4 kilometr ichki ko‘chalarga tosh yotqizish ishlari bajarildi, biroq ushbu mahallalarda yana tosh yotqizilmagan ko‘chalar hisobga olinib, shahar hokimligi tomonidan qo‘shimcha 32 million so‘m mablag‘ ajratildi. 5 kilometr piyodalar yo‘laklari qurildi, 4,4 kilometr ariq rejadan ortig‘i bilan bajarildi, 233 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi, 3,3 kilometr elektr tarmog‘i tortildi, 120 ta tayanch ustun va 2 ta transformator o‘rnatildi. Tabiiy gaz tarmog‘i bo‘yicha ham rejadagidan ortiq ishlar bajarilmoqda. 4 ta maishiy xizmat ko‘rsatish binosi qurildi, 100 dan ortiq yakka tartibdagi uy-joy ta’mirlandi, ikkita mahalla binosi yangidan qurildi. Qo‘shimcha manbalar hisobidan Bahoriston, Qo‘shhovuz, Damariq va Alisher Navoiy nomli mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun yangi binolar qurildi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash shaharning eng katta muammolaridan biri bo‘lib kelayotgandi. Dastur doirasida 12,4 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi, 3 kilometr oqova suv tarmog‘i qurib bitkazilib, lokal oqova suvi inshooti va tarmoq qurilish ishlari davom etmoqda. Bu ishlar sentyabr oyida yakunlanishi belgilangandi, ammo mablag‘ ajratilishidagi kechikish tufayli hozirgacha davom etmoqda. Mablag‘ yetishmovchiligidan suv tarmog‘i tortilishi kechikdi, suv tarmog‘ini o‘tkazmasdan turib ko‘chalarni asfaltlab bo‘lmaydi.

4,5 ming aholini qiynagan muammo

Shahardagi Oq oltin mahallasidagi 802 ta xonadonda 4552 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalladagi 23 ta ko‘cha va 5 ta ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi aholini ichimlik suvi muammosi va yo‘llarning holati qiynab keladi. 

- Dastur asosida yettita ko‘chada asfaltlash va tosh yotqizish ishlari olib borilmoqda, eski simyog‘ochlar o‘rniga beton ustunlar o‘rnatilyapti, - deydi Oq oltin mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bolibek Sanaqulov. – Mahallamizda aholini qiynayotgan muammolardan biri ichimlik suvi. Hozirda Firdavsiy va Qoraqoshyon ko‘chalarida 6,5 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortilmoqda. Bu ishlar yakunlangach asosiy tarmoqqa ulanadi, so‘ngra ko‘chalarni asfaltlash ishlari yakuniga yetkaziladi.  

Mahallamiz binosi ham juda eskirib qolgandi. Dastur asosida mahalla binosi buzilib, 795 million so‘m mablag‘ hisobidan yangisini qurish belgilangandi. Dasturdan tashqari qo‘shimcha manbalar hisobidan bu yerda 905 million so‘mlik qurilish ishlari olib borilib, mahalla binosi foydalanishga topshirildi. Bu yerda rais, o‘rinbosarlar, uchastka noziri uchun alohida xonalar, qishki majlislar zali va yozgi ayvon qurildi. 

Mahallada ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, har bir xonadon uchun alohida suv olish quvurlari tashkil etilgan va har bir nuqtaga suv hisoblagichlar o‘rnatilmoqda. Suv olish nuqtalarining atrofi asfaltlanib, ichimlik suvi quvurlariga zarar yetishining oldi olinmoqda.

Keyingi yildan mablag‘ ko‘paytiriladi, ishlar ko‘lami kengayadimi?

Dasturda belgilangan asosiy ishlardan hisoblangan yo‘llarni asfaltlash ishlari kechikkan, bunga esa ichimlik suv tarmog‘ning tortilmaganligi sabab bo‘lgan. Avvalgi yillardan farqli ravishda joriy yildan ichimlik suvi va oqova suv tarmog‘i o‘tkazib bo‘lmasdan turib yo‘lni asfaltlab bo‘lmaydi. Tarmoq esa moliyalashtirishdagi uzilishlar tufayli kechikkan. Muammmolar barchasi bir-biriga bog‘liq. Natijada sentyabrda tugallanishi belgilangan ishlar yakuni noyabr oyi bilan yuzlashdi. Moliyalashtirishni eng muhim va birinchi bajariladigan ishlardan boshlasak, bu kabi cho‘zilishlar kamayarmidi?

Darvoqe, 2022 yilgi davlat byudjeti loyihasiga ko‘ra respublika bo‘yicha “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga joriy yilgidan uch barobarga ko‘p (3 trillion so‘m) mablag‘ ajratish taklif etilibdi. Loyiha ma’qullansa, keyingi yildan moliyalashtirish va bajariladigan ishlar salmog‘i sezilarli o‘zgarishi mumkin.  

O‘ktam XUDOYBERDIYeV, 

Baxtiyor MUSTANOV, foto.

***

Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.