2024 yilgi Davlat dasturi loyihasi muhokamaga qo‘yildi
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganini e’lon qildi.
Davlat dasturi loyihasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 5 ta yo‘nalishi bo‘yicha 2024 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar va ishlab chiqilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxatlari belgilanmoqda.
Hujjat loyihasida yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologiya, davlat boshqaruvi, sud-huquq, xavfsizlik va tashqi siyosat yo‘nalishlarida 2024 yilga mo‘ljallangan islohotlar nazarda tutilmoqda.
2024 yilgi Davlat dasturi loyihasi muhokamasida faol ishtirok etish istagida bo‘lgan fuqarolar o‘z takliflarini Markazning maxsus uzbekistan2030.uz onlayn portali orqali bildirishlari mumkin. Muhokamalar 9 fevral kuniga qadar davom etadi.