Davlat dasturi doirasida maktablarda nima o‘zgardi?
Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili davlat dasturida xalq ta’limi tizimi bo‘yicha bir qator vazifalar belgilangan.
Xo‘sh, ushbu ishlar qay darajada amalga oshirildi? “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘linmasi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi jamoatchilik eshituvida shu savolga javob berildi.
Qayd etilishicha, joriy yilda 497 mlrd. so‘m evaziga 167 ta maktabning (shundan, 60 ta filial) holati to‘liq yaxshilanib, 4 ta maktab yangidan qurilgan. Bundan tashqari, 108 ta maktab rekonstruksiya qilinib, 55 ta maktab mukammal ta’mirlangan. Natijada 18 160 ta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratilib, 6 ta qo‘shimcha sport zallari qurilgan.
Xususan, viloyat hokimining tashabbusi bilan 2964 ta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratilgan. Buning uchun 184 ta maktab filiallaridan yaroqsiz va achinarli holatda bo‘lgan 60 tasi 27,9 mlrd. so‘m evaziga qayta qurilgan.
Biroq shunga qaramay mavjud 1 267 ta maktabda 744 206 nafar o‘quvchi 581 441 o‘ringa mo‘ljallangan ta’lim muassasalarida 1,3 koeffitsiyentda tahsil olmoqda. Viloyatdagi 1039 ta maktabda darslar ikki navbatda tashkil etilgan.
Maktablarning 1228 tasi (97 foiz) kompyuter jihozlari bilan ta’minlangan. Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan 39 ta, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 32 ta maktab sport zallari hamda 4 ta maktabga 21 mlrd. 708 mln. so‘mlik jihozlar yetkazib berilgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan maktablarni birlamchi sport anjomlari bilan ta’minlash belgilangan. Bu borada viloyatdagi maktablarga davlat byudjetidan 5 milliard so‘m ajratilgan.
Taqsimotga asosan maktablarga 6818 ta futbol, 5051 ta voleybol, 5051 ta basketbol, 3339 ta gandbol, 2084 ta badminton raketkasi, 2084 ta badminton volani, 426 ta stol tennisi, 20840 ta stol tennis to‘pi, 1255 ta sekundomer, 574 ta shaxmat, 287 ta shaxmat soati, 287 ta shaxmat doskalari tarqatilgan.
Bugungi kunda viloyat maktablarida xorijiy til fani o‘qituvchilari 5244 nafarni (69,4 foiz ayollar) tashkil etadi. Ularning 97,6 foizi oliy, 2,4 foizi tugallanmagan oliy ma’lumotga ega bo‘lib, 270 nafar ingliz tili fani o‘qituvchilari 15-30 foizgacha ustama oladi. Biroq bu umumiy ingliz tili fani o‘qituvchilarining 5,1 foizini tashkil etadi.
Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Nurobod, Oqdaryo, Past Darg‘om, Payariq, Urgut tumanlarida ingliz tilini bilish Yevropa Ittifoqi talablari, ya’ni C1-CEFR darajasi yoki IELTS xalqaro sertifikatiga ega bironta o‘qituvchi yo‘q.
Viloyatda fransuz tilini bilish Yevropa Ittifoqi talablari C1-CEFR darajasi bo‘yicha 2, V-2 sertifikatiga ega 9 nafar, nemis tilini bilish V-2 darajasi sertifikatiga ega 7 nafar o‘qituvchi faoliyat olib boryapti.
Umuman, bugungi kunda viloyatda 58 466 nafar o‘qituvchi (shundan ayollar soni 35 442 nafar yoki 60,6 foiz)larning 51 223 nafari oliy ma’lumotli. Qolgan 2 223 nafari yoki 3,8 foizi tugallanmagan oliy, 5 020 nafari (8,6 foiz) o‘rta maxsus ma’lumotli. O‘qituvchilarning katta qismi – II toifali (13 645 nafari yoki 23,3 foiz) va mutaxassis o‘qituvchilar (35 813 nafari yoki 61,2 foizi).
Jamoatchilik eshituvida deputatlar, faollar pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish, malaka toifasini oshirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi. Shuningdek, ta’lim sifatini oshirish va ijobiy tajribalarni tarqatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan qiziqdi.
Ta’kidlanishicha, 146 nafardan ortiq o‘qituvchilar viloyatimizning olis va chekka hududdagi maktablarida faoliyat yuritmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridan 2 nafar, Andijon viloyatidan 28 nafar, Namangan viloyatidan 2 nafar, Buxoro viloyatidan 13 nafar, Navoiy viloyatidan 33 nafar, Jizzax viloyatidan 4 nafar, Qashqadaryo viloyatidan 23 nafar tajribali o‘qituvchilar jalb qilingan.
Ular Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Narpay, Paxtachi va Payariq tumanlaridagi ta’lim sifati past maktablariga ishga qabul qilingan. Ularning samarali faoliyat yuritishi uchun qulay yashash sharoitlari yaratilib, qo‘shimcha ustama haqlari to‘lanmoqda.
Tadbir so‘ngida xalq ta’limi tizimidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha zarur takliflar umumlashtirildi.
Dilnur A’zamov,
“Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘linmasi bosh mutaxassisi, “Kelajak liderlari” klubi a’zosi.
***
Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.