Maktabda o‘quvchilar 11 yil o‘qishi shartmi?

Ikki yil avval bir anjumanda turkiyalik rektor so‘zga chiqib: “Mening institutimda 25 ming nafar talaba o‘qiydi. Ularning 5 ming nafari oliy ta’limda tahsil olsa, qolgan 20 ming nafari kasb-hunar o‘rganadi”, degan edi.
Demak, Turkiyada kasb-hunar o‘rganishni istovchi yoshlar ko‘p ekan. Barcha yoshlarni oliy ta’limga qamrashning imkoni yo‘qligi bois boshqa davlatlarda ham yoshlar kasb-hunarga yo‘naltiriladi. Xo‘sh, bizda-chi, degan savol tug‘iladi. Masalan, bugun viloyatda 69 ta professional ta’lim muassasalari, ya’ni 37 ta kasb-hunar maktabi, 12 ta kollej va 20 ta texnikum faoliyat yuritmoqda. Professional ta’lim muassasalarida 135 ta kasb bo‘yicha 47569 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
To‘g‘ri, respublikamizda maktab bitiruvchilarining barchasini oliy ta’limga qamrab olishning imkoni yo‘q. Shuningdek, hamma ham oliy ta’limda o‘qishni istamaydi, to‘g‘rirog‘i, o‘qishga qiziqmaydi. O‘qishga ishtiyoqi sust o‘quvchilarni 9-sinfdan kasb-hunarga yo‘naltirish uchun joylarda kasbga yo‘naltirilgan biron professional ta’lim muassasasi ochilgan. Ammo, yoshlarimiz kasb-hunar egasi bo‘lishni istaydimi? Bu borada soha vakillarining fikrlariga qiziqdik.
- Oliy ta’limda o‘qishni xohlamaydigan bitiruvchilar tezroq maktabni bitirib chetga ketishni istaydi, - deydi Toyloq tumanidagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Dilafro‘z Ulug‘boyeva. – Shuningdek, bizga bozor yaqin, xorijga ketmaganlari savdo bilan shug‘ullanadi, restoran, kafelarda ishlaydi. Ayrim ota-onalar farzandini oliy ta’limga kira olmasligini bilsada, maktabni bitirsa bo‘ldi qabilida maktabda o‘qitaveradi. Lekin yaxshi o‘qimaydigan bolalar ham ertaga oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshiradi. Ularning hisobidan maktab reytingi tushib ketadi. Bu borada maktabimizning ko‘rsatkichi yomon emas. Tumanning chekka hududlarida bu masala juda og‘ir.
Keyingi yillarda Toyloqdagi yettita kollejdan uchtasini maktab qilishdi. Bor-yo‘g‘i ikkita kollej kasb-hunar maktabiga aylantirildi. Endi shularni kuchaytirish, moddiy texnik bazasini boyitish, o‘qishi sust bolalarni aniq, maqsadli kasbga yo‘naltirish kerak.
- Maktabimizda kollej va texnikumlarga o‘qishga kirishni istovchi o‘quvchilar talaygina, - deydi Oqdaryo tumanidagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabining nemis tili fani o‘qituvchisi, “Shuhrat” medali sohibi Charos Nurmamatova. – Masalan, o‘zim ham darsdan keyin tuman markazida joylashgan “Aql ziyosi” o‘quv markazida yoshlarga nemis tilini o‘rgataman. O‘quv markazida tahsil olayotganlar ichida maktab o‘quvchilaridan tashqari 30-35 yoshli fuqarolar ham bor. Ular Germaniyaga kasbga o‘qish uchun tayyorlanyapti. O‘quvchilar nemis tilidan B1 yoki A2 darajali sertifikat olsa, Germaniyaga ham o‘qish, ham ishlash uchun ketadi. Markazda yuzga yaqin yoshlar o‘qiyapti. Tuman hokimligi tomonidan ularning o‘qishi uchun har biriga 200 ming so‘mdan to‘lab berilyapti. O‘zim ham Germaniyada avgust-sentyabr oylarida malaka oshirib keldim.
Chet tilini biladigan yoshlarga bugun imkoniyatlar keng. Shu o‘rinda bir taklifim bor. Nemis tili maktablarda 1-sinfdan o‘tilsa, bolalar tilni yaxshi o‘rganadi. Tuman bo‘yicha faqat bizning maktabimizda nemis tili 1-sinfdan o‘rgatiladi.
- Bugun yoshlarimizda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ishtiyoqi kuchli, - deydi Samarqand shahridagi 81-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Alovuddin Ochilov. – Oliy ta’limga kira olmaganlari ham yana ikki-uch yil tayyorlanib, o‘qishga kiryapti. Yoki kam ball to‘plagan bo‘lsa ham xususiy oliy ta’lim muassasalariga kirib o‘qiyapti. Yoshlar ko‘proq pul topish maqsadida savdo sohasiga, tadbirkorlik va biznesga qiziqayapti. Maktabimiz joylashgan Qorasuv maskani misolida aytadigan bo‘lsam, maskanga quruvchi, santexnik, buyoqchi, oshpaz, mebelsoz kabi kasblar juda kerak. Ammo, bunday kasb egalari boshqalardek har kuni kostyum-shim kiyib ishga bormaydi, maoshi ham uncha ko‘p emas. Shuning uchun yoshlar kasb-hunar o‘rganishni uncha xohlamaydi.
- Bizda har yili 9-sinf bitiruvchilari ichidan kasb o‘rganishni istovchilar kasb-hunar maktabiga ketadi, - deydi Toyloq tumanidagi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktor o‘rinbosari Sayfulloxon Temirxonov. – Masalan, joriy yilda to‘rtta 9-sinf bitiruvchilaridan 30 nafarga yaqini kasb-hunar maktabiga ketish istagini bildirgan. Maktabimiz yaqinida kasb-hunar maktabi bor.
Ushbu fikrlardan bilish mumkinki, har bir hududda kasb-hunar o‘rganishga qiziqish turlicha. Ba’zilar oliy ma’lumotli bo‘lish ortidan yaxshi daromad topishni istasa, boshqalar xorijga ishga ketib mo‘may pul topishni xohlaydi. Ammo, oramizda o‘z kasbining ustasi bo‘lib, uning ortidan yetarli mablag‘ topayotganlar ham yo‘q emas. Masalan, bugun mahoratli tikuvchi, tajribali oshpaz maktab direktoridan ko‘p pul topadi. Faqat yoshlarni kasbga yo‘naltirish ota-onalarga bog‘liq. Avvallari farzandlar ota kasbini davom ettirishgan, ya’ni ota kasbi ortidan mo‘may daromad topgan. Hozir ham oz bo‘lsa-da, ayrim hududlarda bunday udum saqlanib qolgan. Kattaqo‘rg‘on tumanining Payshanba shaharchasida holvapazlik bilan shug‘ullanib kelayotgan oilalar ota kasbini asrlar davomida avloddan-avlodga saqlab kelayotgani hech kimga sir emas.
Aslida xorijda ishlashni istovchilar ham 9-sinfdan biron kasb o‘rgangani maqsadga muvofiq. Sababi, xorijda pul topish oson emas. Ayniqsa, qo‘lida hunari yo‘q odam eng past darajali ishni bajarishiga to‘g‘ri keladi. Qo‘lida kasbi bor va chet tilini biladiganlar xorijda ish topishda qiynalmaydi. Buni ota-onalar farzandlariga tushuntirishi va ularni biron kasbga yo‘naltirishi kerak.
Darhaqiqat, ayrim ota-onalar farzandini oliy ma’lumot olishi va davlat tashkilotlarida ishlashini istaydi. Hatto farzandi maktabda yaxshi o‘qimasa ham uni kasb-hunarga yo‘naltirmaydi.
- O‘g‘lim maktabda uncha yaxshi o‘qimaydi, - deydi kattaqo‘rg‘onlik Nilufar Qahhorova. – Ammo men uni oliy ma’lumotli bo‘lishini xohlayman. Davlat tashkilotida ishlaydigan kishilarga havasim keladi. Meni ham farzandim shunday joylarda ishlarmikan, deb orzu qilaman. Shuning uchun o‘g‘limni xususiy oliy ta’lim muassasalaridan birida o‘qitmoqchiman.
Afsuski, ota-onalar ichida mana shunday fikrlaydiganlari ham uchrab turadi. Havas qilgan ota-ona bola bilan boshidan shug‘ullanmaydimi? Uni bilim olishga qiziqtirmaydimi? Farzandining kelajagini maktabni bitirayotganida o‘ylaydigan ota-onalarga nima deyishni ham bilmaysan kishi.
Keyingi yillarda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uncha qiyin bo‘lmay qoldi. Ayniqsa, xususiy oliy ta’lim muassasalari kam ball to‘plagan abituriyentlarni ham o‘qishga qabul qilyapti. Shuning uchun ham ayrim yoshlar diplom olish maqsadida xususiy oliy ta’lim muassasalariga kirib o‘qiyapti. Ammo ular ertaga o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lishi dargumon.
***
Endi masalaning yana bir tomoni bor.
Fakt va raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘tgan o‘quv yilida viloyatdagi 1248 ta maktabni 49315 nafar bitiruvchi tugatgan. Shuningdek, 2024-2025 o‘quv yilida 82 ming nafarga yaqin bola 1-sinfga qabul qilingan. Bu degani, bitiruvchilarning 1,5 baravaridan ko‘p o‘quvchi maktabga qabul qilinyapti. Bu raqam har yili shu tarzda oshib borsa, kelgusida o‘quvchilarga maktablar yetishmaydi. Shundoq ham viloyatimizda ikki va undan yuqori koeffitsentli maktablar talaygina.
Shuning uchun bemaqsad maktabda o‘qiyotgan o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish lozim. Buning ortidan, avvalo, o‘quvchi kasbli bo‘ladi, maktablar koeffitsenti me’yorlashadi, ba’zi kasbga ehtiyoji bor sohalar o‘rni to‘ladi. Hamma maktabda 11 yil o‘qishi shart emas.
Xurshida ERNAZAROVA.