Qizilo‘ngach axalaziyasi kasalligini davolashning zamonaviy usuli ilk bor Samarqandda qo‘llanildi

Ushbu kasallik aholi orasida nisbatan kam uchrasa-da, muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, har yuz ming nafar aholi orasida taxminan bitta shunday holat qayd etiladi. Demak, agar mamlakatimiz aholisi 37 million nafar bo‘lsa, bir yil ichida taxminan 370 ta yangi axalaziya holati rivojlanish ehtimoli mavjud.

- Axalaziya kasalligini davolashning ikki asosiy usuli bor, - deydi endoskopist G‘ulom Xalilov. - Bular: dori-darmon bilan (konservativ) davolash va jarrohlik (operativ) usullari. Avvalo, bemorlarga dori vositalari yordamida muolaja o‘tkaziladi. Agar bu usul samara bermasa, unda jarrohlik usuli qo‘llaniladi.

Bu usul bilan davolash avvaliga an’anaviy usulda, ya’ni qorin old devori kesilib, transabdominal yo‘l orqali amalga oshirilar edi. Keyingi yillarda ilm-fan va tibbiy texnologiyalar rivojlanishi natijasida bu operatsiya laparoskopik usulda (xalq orasida “lazer usuli” deb ham yuritiladi) bajarila boshladi.

Keyingi yillarda esa yana ham ilg‘or, bemor uchun eng kam travmatik bo‘lgan endoskopik usul — POEM (Peroral Endoscopic Myotomy) yo‘lga qo‘yildi. Bu usul hozirda butun dunyo bo‘ylab axalaziyani davolashda eng samarali va xavfsiz usullardan biri sifatida qo‘llanilmoqda.

Biz ham keyingi yillarda ushbu zamonaviy operatsiyalarni joriy etish maqsadida faol ish olib bordik. Ukraina, Rossiya, Qozog‘iston, Koreya va Xitoy kabi davlatlar yetakchi mutaxassislari bilan tajriba almashuvi, mahorat darslari va amaliyotlarni tashkil etdik.

Bir yil muqaddam ushbu operatsiyani mahalliy sharoitda, ya’ni o‘zimiz amalga oshirishni boshladik. Hozirga qadar 50 dan ortiq bemor ushbu usulda muvaffaqiyatli davolandi va natijalar juda yaxshi bo‘lmoqda. Bemorlar o‘z sog‘ligi va natijadan juda mamnun.

Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasida, birlashma boshlig‘i Ahmadjon Bobojonov hamrohligida ushbu yangi, zamonaviy operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda. Bu amaliyotning o‘ziga xosligi shundaki, teri kesilmaydi, hech qanday teshish yoki iz qolmaydi. Barcha jarayonlar tabiiy yo‘l - og‘iz orqali maxsus yumshoq endoskoplar yordamida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston tarixida birinchi marta bunday amaliyotlar Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasida amalga oshirildi va hozirda ham muvaffaqiyatli davom ettirilmoqda.