Uzr so‘rashning qo‘pol holatini sodir etganlarga chora qo‘llanildi

Paxtachi tumanidagi 21-umumta’lim maktabi o‘quvchilari aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhkamalarga sabab bo‘ldi. 

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, holat 2024 yil aprel oyida Paxtachi tumani 21-maktab o‘quvchisi X.T.ning shu maktab o‘quvchisi E.Ya.ni haqoratlagani natijasida yuzaga kelgan. (O‘quvchi X.T. Samarqand shahar hokimining 2021 yil 16 noyabrdagi tegishli qarori bilan hududdagi 1-sonli oilaviy bolalar uyiga berilgan).

Voqeadan xabardor bo‘lgan maktab direktori o‘rinbosari, sinf rahbari va maktab psixologi o‘quvchi X.T. ning onasini roziligi bilan uni va uning opasini o‘quvchi E.Ya. ning uyiga uzr so‘rash uchun olib borgan. Videolavhadagi holat o‘quvchi E.Ya. ning onasi fuqaro S.D. tomonidan o‘quvchi X.T. ning uzr so‘rash jarayonidan tasvirga olingan.

Mazkur holat bo‘yicha huquqni muhofoza qiluvchi organlar tomonidan fuqaro S.D. ga nisbatan tegishli ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Paxtachi tumani 21-maktab direktorining tegishli buyrug‘i bilan voqea ishtirokchilari — maktab direktori o‘rinbosari S. D., sinf rahbari V.S. va maktab psixologi E.R. larga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.

Shuningdek, bu kabi holatlar qayta takrorlanmasligi uchun maktab ma’muriyati hamda hudud profilaktik inspektori tomonidan o‘quvchilar va ota-onalar o‘rtasida zarur tushuntirish ishlari olib borilgan.