Paxtachilik o‘quvchi ingliz tili bo‘yicha respublikada eng yaxshi natijaga erishib, oltin medal va xorijga sayohat yo‘llanmasini oldi

Respublika Matematika va ingliz tili olimpiadasi 2024 (IRN — Republic Mathematics and English Olympiad 2024) tanlovi final bosqichida Paxtachi ixtisoslashtirilgan maktab internati o‘quvchisi Madina Abdusamatova 10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida ingliz tili bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Poytaxtda bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida Madina Abdusamatovaga oltin medal, diplom va Dubayga sayohat yo‘llanmasi topshirildi.

Ma’lumot uchun, ushbu olimpiada respublika miqyosida 1-11 sinflar o‘quvchilari o‘rtasida har bir yosh toifasida uch bosqichda bo‘lib o‘tdi. Saralash, yarim final bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar finalda o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Samarqand viloyati sha’nini himoya qilgan Madina Abdusamatova ingliz tili bo‘yicha eng yuqori ballni egallab, o‘z tengdoshlari orasida tengsiz, deb topildi.

Madina Abdusamatova haqida o‘tgan yili ham saytimizda yozgandik. O‘shanda u IELTS dan 7,5 balni qo‘lga kiritgan edi.