Maktabda cholg‘u asboblari yetarlimi?

Prezidentimizning 2022 yil 2 fevraldagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga milliy musiqa cholg‘ularidan kamida bittasini chala olish mahorati o‘rgatilishi va bu ularning shahodatnomasida qayd etilishi belgilangan. Ammo...

Qarorda bor, amalda esa....

Past Darg‘om tumanidagi umumta’lim maktablarida tashkil etilgan sport, madaniyat va san’at to‘garaklari faoliyati bilan tanishdik.

Tumanning Oqoltin mahallasidagi 51-maktabda 58 nafar o‘qituvchi 855 nafar o‘quvchiga dars o‘tadi. Shundan bir nafari musiqa fani o‘qituvchisi.

– 10 yildan beri shu maktabda o‘quvchilarga dutor chalishni o‘rgatib kelyapman, – deydi Sohiba Valiyeva. – O‘quv ish rejasiga muvofiq, musiqa darsi faqat 1-7-sinf o‘quvchilariga o‘tiladi. Maktabimizga yetti turdagi 14 ta cholg‘u asbobi berilgan bo‘lib, darsdan tashqari xor, folklor, cholg‘u sozlari bo‘yicha ham to‘garaklar tashkil etilgan. O‘quvchilarimning qiziqishiga qarab ularga chalishni o‘rgatyapman.

Hozir 20 nafarga yaqin shogirdim cholg‘u asboblarini mukammal chaladi. Ular tuman, viloyat, respublika ko‘rik-tanlovlarida g‘olib va sovrindor bo‘lishgan. Prezident qaroriga ko‘ra, o‘quvchilar milliy musiqa cholg‘ularidan kamida bittasini chalishni bilishi va bu ularning shahodatnomasida ko‘rsatilishi belgilangan. Biroq shahodatnomalarga haligacha musiqa fani kiritilgani yo‘q.

Ma’lum bo‘lishicha, 9-sinfni bitirgan maktab o‘quvchilariga beriladigan shahodatnoma Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan shakllantiriladi, o‘qituvchilar esa kiritilgan fanlarga qarab o‘quvchilarni baholaydi. Bundan ko‘rinadiki, oradan uch yil o‘tgan bo‘lsa-da, qaror ijrosi haligacha ta’minlanmagan.

Darvoqe, ushbu maktabda 6 ta sport turi bo‘yicha to‘garak tashkil etilgan bo‘lib, uch nafar jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi tomonidan mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Muassasaga qarashli sport zalida 2018 yil davlat dasturi asosida ta’mirlash ishlari boshlanib, 2021 yilda 200 million so‘mlik ishlar bajarilgan va qurilish-ta’mirlash ishlari chala tashlab ketilgan. Ayni paytda sport zalning issiqlik va xavfsizlik tizimi, kiyinish va yuvinish xonalariga havas qilib bo‘lmaydi.

Tumanning Sanchiqul mahallasidagi 123-maktabda 440 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Maktab direktori Elyor Tirkashevning ta’kidlashicha, muassasada sport va madaniy to‘garaklar tashkil etilgan. Lekin sport jihozlari va milliy cholg‘u asboblari yetishmaydi.

– Keyingi ikki yilda maktabga faqat to‘p berilgan bo‘lsa, joriy yil boshida 12 ta yaroqsiz musiqa asbobi tarqatildi, – deydi E.Tirkashev. – O‘quvchilarimiz faqat futbol o‘ynash, yengil mashqlarni bajarish yoki bitta-ikkita soz chalish bilan chegaralanmoqda. Ular orasida chempionlar, san’atkor bo‘lishni orzu qilayotganlari bor. Lekin o‘quvchilar qo‘llab-quvvatlanmasa, sharoit yaratib berilmasa, yaxshi natijaga qanday erishish mumkin?

Charxin mahallasidagi 55-maktabdamiz. 700 o‘ringa mo‘ljallangan muassasada 1340 nafar o‘quvchi ikki navbatda tahsil olmoqda. Maktab direktori G‘ayrat Vohidov berilayotgan sport jihozlari va musiqa asboblari yetishmasligi, ularning o‘rni homiylar yordami bilan to‘ldirayotganini ta’kidladi. Jumladan, ayni paytda muassasaga qarashli sport zal maktab jamoasi va homiylar ko‘magida ta’mirlanmoqda.

Xullas, Past Darg‘omdagi biz ko‘rgan umumta’lim maktablarida tashkil etilgan sport, madaniyat va san’at to‘garaklarida holat shunaqa. Tizimdagi muammolar va yoshlarning kelajagi mas’ullarni be’tibor qoldirmaydi, degan umiddamiz.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.