Qorasuv maskanidagi 82-maktab ertaga ishga tushadi, to‘rtinchi chorakdan darslar boshlanadi

Bu haqda jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan press-turda ma’lum qilindi.
Samarqand shahar Qorasuv maskani Shodiyona mahallasida 1,2 gektar yer maydonida qurilgan maktab 1680 o‘rinli bo‘lib, uni qurish uchun davlatimiz tomonidan 37 milliard 100 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Ushbu ta’lim muassasasi binosining qurilish ishlari “Temir qalqon” MChJ va “ME’MOR KOMPLEKS” MChJlar tomonidan amalga oshirilgan.
- Qorasuv maskanida aholi juda ko‘p, shuning uchun hududda yana bitta maktab ham qurilyapti, bu maktab 2025 yil sentyabr oyidan ishga tushadi, - dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov. – Shuningdek, ushbu maskanda 1100 o‘rinli xususiy maktab ham qurilyapti. Ammo bular yetarli emas, hududda bolalar juda ko‘p. Shuning uchun kelasi yilga Qorasuv maskanida yana bitta maktab qurishni rejalashtiryapmiz.
Press-tur davomida jurnalistlar yangi ishga tushayotgan maktab binosi va unda yaratilgan zamonaviy o‘quv xonalari bilan tanishdi.
- Maskanda pedagoglar ham juda ko‘p, bir oy oldin 670 nafar o‘qituvchi talabgor sifatida ishga kirish uchun ariza topshirdi, - dedi maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Nizomiddin Odilov. – Tanlov asosida talabgorlarning 67 nafari ushbu maktabga ishga qabul qilindi. Test sinovida 70 balldan past to‘plagan pedagogni ishga qabul qilmadik, ya’ni eng bilimli o‘qituvchilar ishga olindi. Bundan keyin yangi maktab qaysi hududda ochilishidan qat’iy nazar pedagoglar tanlov asosida ishga qabul qilinadi.
Yangi ochilayotgan 82-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga hududdagi 80-, 81-maktablardan bolalar qabul qilinyapti. Ayni paytda 700 nafarga yaqin bola maktabga qabul qilingan, qabul davom etyapti.
Xurshida ERNAZAROVA.