Samarqandda ma’muriy sudlar tomonidan 9 oyda 1057 ta ish ko‘rib chiqildi

Viloyat hamda tumanlararo ma’muriy sudlari tomonidan 2025 yilning to‘qqiz oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslarning mahalliy davlat hokimiyati va boshqa davlat organlariga nisbatan ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlarga oid mansabdor shaxslarining qarorlarini haqiqiy emas deb topish hamda xatti-harakatlari (harakatsizligi)ni qonunga xilof deb topish haqidagi arizalari asosida jami 1057 ta ma’muriy ishlar ko‘rib tamomlangan.

Shundan 432 ta ariza qanoatlantirilgan, 378 ta arizani qanoatlantirish rad qilingan, 84 ta ariza ko‘rmasdan qoldirilgan, 163 ta ariza bo‘yicha ish yuritish tugatilgan.

Ko‘rib chiqilgan ishlar davlat organlari kesimida tahlil qilinganda, 340 tasi mahalliy davlat hokimiyati, 259 tasi kadastr agentligi, 133 tasi soliq organlari, 69 tasi Majburiy ijro byurosi, 48 tasi adliya organlari, 43 tasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlar, 29 tasi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi, 136 tasi boshqa davlat organlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ko‘rib chiqilgan ish natijalari bo‘yicha taraflardan 833 million 28,6 ming so‘mlik sud xarajatlarini undirish bo‘yicha 718 ta ijro hujjatlari ijro qaratilgan bo‘lib, shundan 647 million 444,3 so‘mlik 505 ta (yoki 77,2 foiz) ijro hujjatlarining ijrosi ta’minlangan.

Viloyat ma’muriy sudi apellyasiya instansiyasi tomonidan birinchi instansiya sudi tomonidan chiqarilgan sud hujjatlariga nisbatan keltirilgan shikoyat va protestlar asosida 131 ta ishlar ko‘rib chiqilgan bo‘lib, shundan 105 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatlari o‘zgarishsiz qoldirilgan, 11 ta ish bo‘yicha sud hujjatlari bekor qilingan, 2 ta apellyasiya shikoyati ko‘rmasdan qoldirilgan va 13 ta apellyasiya shikoyati ish yuritishdan tugatilgan.

Kassatsiya instansiyasida 59 ta ishlar ko‘rib chiqilgan bo‘lib, shundan 48 ta ish bo‘yicha sud hujjatlari o‘zgarishsiz qoldirilgan,1 ta sud hujjati o‘zgartirilgan, 8 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatlari bekor qilingan va 2 ta kassatsiya shikoyati bo‘yicha ish yuritishdan tugatilgan.

Taftish instansiyasida 88 ta ish ko‘rib chiqilgan bo‘lib, shundan 84 ta ish bo‘yicha quyi sud hujjatlari o‘zgarishsiz qoldirilgan, 3 ta ish bo‘yicha quyi instansiya sudining qarori bekor qilingan va 1 ta taftish shikoyati ko‘rmasdan qoldirilgan.

Ishlarni ko‘rib chiqish jarayonida ma’muriy organlar va ular mansabdor shaxslari tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlarining oldini olish, kelgusida qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik hamda ularga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash maqsadida viloyat hamda tumanlararo ma’muriy sudlari tomonidan jami 85 ta xususiy ajrimlar chiqarilgan.

Tohir Fayziyev,

viloyat ma’muriy sudi raisi.