Bajarilmagan davlat dasturi: Ilmoboddagi ishlar qachon yakuniga yetadi?
Yaqinda Zarnews.uz’ga Samarqand shahridagi Ilmobod mahallasida yashovchi fuqarolardan 2021 yilda davlat dasturiga tushgan mahalla ko‘chalarini asfalt qilish, hududdan o‘tgan ichimlik suvi quvuri hamda elektr tarmoqlari ustunlarini yangilash kabi ishlarni amalga oshirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani haqida murojaat kelib tushgan edi.
Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasinining tahririyatga shu munosabat bilan yo‘llagan javob xatida xalq deputatlari shahar Kengashining 2021 yil 25 maydagi qaroriga asosan Ilmobod mahallasi ichki ko‘chalarining 1400 metr qismi ta’mirlanib, foydalanishga topshirilganligi, shuningdek, Hamroh ko‘chasining 6-yo‘lagi bo‘ylab D-800 mm. Hajmdagi ichimlik suvi quvuri yangilanishi sababli ko‘chada ta’mirlash ishlari olib borishning iloji yo‘qligi aytilgan. Shuningdek, keyinchalik 4-yo‘lak ham ta’mirlanishi ta’kidlangan.
Xo‘sh, haqiqatan ham ko‘chalar asfalt qilinganmi? Biz bu savolga javob topish maqsadida mazkur mahallada bo‘ldik.
Ilmobod mahallasida 4220 metr ichki yo‘llari bo‘lib, shundan 600 metri homiylar va mahalla fuqarolari tomonidan asfalt qilingan ekan. Qolgani viloyat mintaqaviy yo‘llardan foydalanish boshqarmasi tomonidan asfalt qilinishi ko‘zda tutilgan. Mazkur maqsadlar uchun Dastur asosida 1 milliard 122 million so‘m ajratilgan bo‘lib, 16 ta ko‘chaning 2300 metri qisman ta’mirdan chiqarilgan.
Shuningdek, 7 ta tor yo‘lak umuman obodonlashtirilmasdan qolgan. Yo‘lsozlar 600 metr uzunlikdagi 6-tor yo‘lakning yer ostidan D-800 mm.li ichimlik suv quvuri o‘tganligi sababli faqatgina tosh to‘kish bilan cheklangan.
Ko‘plab murojaatlardan so‘ng joriy yilning noyabr oyida shahar hokimining qaroriga ko‘ra, Hamroh ko‘chasining qolgan qismini asfalt qilish ishlari shahar obodonlashtirish boshqarmasi zimmasiga yuklatilibdi. Buning uchun hatto mablag‘ ham ajratilgan. Qayta loyihalash ishlari «Samarqand yo‘l loyiha» MChJ tomonidan amalga oshirilgan. Xo‘sh, bu borada loyihachilar nima deydi?
MChJ mutaxassisi Oybek To‘ychiyevga ko‘ra, asfalt qilinmagan ko‘chalar yana qayta-qaytadan loyihalashtirilgan. Mablag‘ ajratilgan, lekin ishni yakunlash uchun yetmaydigan darajada.
Afsuski, bu ishlarning boshida asosiy buyurtmachi viloyat injiniring kompaniyasi turgan bo‘lsa-da, ishlar boshlangani yo‘q. To‘g‘ri, biz quruvchilarni huda-behudaga ayblayverishdan yiroqmiz. Ularning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari, tashvishlari bordir.
Qolaversa, hujjatlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun vaqt ham kerak bo‘ladi. Nima bo‘lganda ham mana, oradan ikki oy o‘tyaptiki, Ilmobod ko‘chalarining chala qolgan ishlarni yakunlanmayapti.
Ilmobod mahallasining muammolari faqatgina bu emas ekan. O‘tgan yili sobiq Samarqand axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va sanoat kasb-hunar kolleji binosi yangi tashkil etilgan 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga berilgan ekan. Biroq maktabda o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlarni yaxshi deb bo‘lmaydi.
Viloyat hokimi kelib vaziyatni o‘rganganda o‘quv binolarini mukammal ta’mirdan chiqarish zarurligini ta’kidlab o‘tgan ekan. Aytishlaricha, Dasturga qo‘yilayotgan ekan. Lekin bugungi kunda nafaqat maktab o‘quvchilari, balki o‘qituvchilarning ishlashlariga ham sharoitlar yetarli emas.
Ayniqsa, maktab binolarining devorlari nurab boryapti, eshik va romlari, derazalari singan. Ayniqsa, oshxona, faollar zali va ayrim xonalarning ahvoli achinarli. Kamiga maktab atrofida yashovchi aholi tomonidan muassasani o‘rab turgan devorga taqab qo‘shimcha binolarni qurib olganiga nima deysiz?
Nahotki, hech kim maktab devori bilan aholi imoratlari orasida 3 metrdan ortiq masofa bo‘lishi kerakligini bilmasa?
Bir muammo izidan boshqasi chiqib kelaveradi. Mazkur mahallada ham xuddi shunday bo‘ldi. Lekin barcha muammolarning ham yechimi bor. O‘ylaymizki, Ilmoboddagi kamchiliklar tez orada bartaraf etiladi.
Dilmurod To‘xtayev,
Baxtiyor Mustanov
“Zarnews” uchun maxsus.
***
Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.