“Yuksalish” davlat dasturi ijrosini tizimli monitoring qilib boradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi farmoni bilan Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi.

Keng jamoatchilikning muhokamalarida kelib tushgan taklif va mulohazalar inobatga olingan holda shakllantirilgan ushbu dastur tom ma’noda ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa yo‘nalishlarda ayni paytda dolzarb va ustuvor bo‘lgan masalalarni o‘z ichiga olganligi bilan ahamiyatlidir.

Albatta, dasturni ishlab chiqib tasdiqlash bir tomon bo‘lsa, uning ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash ikkinchi muhim masala hisoblanadi. Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik va oqilona tashqi siyosatni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan jami 274 bandda o‘z ifodasini topgan vazifalarni o‘z muddatida va samarali ijrosini ta’minlashda tizimli monitoringni amalga oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan keng va faol foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezident farmonining 26-bandida Adliya vazirligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakatiga bu borada muhim vazifalar yuklatildi.

Ta’kidlash lozimki, “Yuksalish” umummilliy harakati tashkil qilinganida jamoatchilik nazoratining samarali tizimini shakllantirish unga asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan. Shunga muvofiq, 2019 yildan buyon Harakat o‘z faoliyatida nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, faol va tashabbuskor fuqarolar ko‘magi va ishtirokida davlat dasturlarining joylardagi ijrosi holatini jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganib, natijalari yuzasidan Oliy Majlis, Prezident Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasiga muntazam tahliliy ma’lumotlarni taqdim etib kelmoqda.

“Yuksalish” umummilliy harakati joriy yilgi davlat dasturining 16 bandida belgilangan nodavlat notijorat tashkilotlarning roli va ahamiyatini, ijtimoiy faolligi va faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha ham Adliya vazirligi va “Taraqqiyot strategiyasi” bilan birgalikda mas’ul ijrochi sifatida biriktirilgan.

Dilnur A’zamov,

“Yuksalish” umummilliy harakati Samarqand viloyat bo‘linmasi

bosh mutaxassisi.