Davlat dasturiga taklifim bor: Mahallalarning moliyaviy mustaqilligini ta’minlash kerak

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasiga ayrim takliflarimni bildirmoqchiman.

Xorijiy davlatlar tajribasida muammolarni quyidan yuqoriga yo‘nalishda yechib borish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Xorijiy davlatlarda esa mahalla degan tizimni o‘zi mavjud emas. Shu nuqtai nazardan, mahalla to‘g‘risidagi qonunda Mahalla-tuman (shahar)-viloyat-respublika tizimining amalga oshirish mexanizmlari nazarda tutilishi maqsadga muvofiq.

Shuningdek, davlat rahbari tashkil etilgan hokim yordamchisi lavozimi orqali, har bir hududning mahallalari kesimida taraqqiyot strategiyasining elementlarini shakllantirish va bunga tegishli ekspert va mutaxassislarni jalb etilsa ma’qul bo‘lardi.

Mahallalar moliyaviy mustaqilligini ta’minlashda mahallaning maqomi va vakolatlarini aniq mezonlar asosida tashkil qilinishi ham zarur, deb hisoblayman. Hozirgi kunda amaldagi qonunga ko‘ra mahalla nodavlat–notijorat tashkiloti hisoblanadi. Masalan, xorijiy davlatlarda ko‘pchiligida mahalla tizimi yo‘q, lekin aholi turmush farovonligini oshirishda qandaydir tashkilotlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bizda, mahallada mahalla tijorat bilan shug‘ullanmasa-da bugungi kunda ko‘pgina ishlarni ijtimoiy sheriklik asosida mahalla tarkibiy tuzilmasi orqali amalga oshirilmoqda.

Shu nuqtai nazardan mahalla qandaydir xizmatlarni amalga oshirishda shartnomalar asosida hisob raqamiga pul tushirishi, mazkur hosil bo‘lgan mablag‘larni hudud ijtimoiy–iqtisodiy rivojlanishi, aholini qo‘llab quvvatlashga va mahallada ishlovchi xodimlarni moddiy rag‘batlantirishlariga yo‘naltirilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Shahriyor Xolboyev,
SamDU tadqiqotchisi, Davlat boshqaruvi akademiyasi Samarqand hududiy filiali bosh mutaxassisi.