2021 yil Davlat dasturi: taraqqiyot yo‘lida navbatdagi kompleks chora-tadbirlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil – “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturini tasdiqlash haqidagi farmonni imzoladi.

Davlat dasturi 274 banddan iborat bo‘lib, birinchi – davlat boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha – 20 ta, ikkinchi – sud-huquq yo‘nalishi bo‘yicha – 18 ta, uchinchi – iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha 113 ta, to‘rtinchi – ijtimoiy soha yo‘nalishi bo‘yicha 93 ta, beshinchi – tashqi siyosat va xavfsizlik yo‘nalishi bo‘yicha 30 ta bandni tashkil etadi.

Mazkur davlat dasturi loyihasi joriy yilning 18–27 yanvar kunlari 2021.strategy.uz, jamoatchilik.uz va regulation.gov.uz veb-portallari, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali aholi va keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi. Muhokamalar doirasida mahalliy ommaviy axborot vositalari, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlarda 700 ga yaqin materiallar e’lon qilindi, teleradiokanallarda qariyb 400 ta chiqish va eshittirishlar efirga uzatildi.

Shu bilan birga, loyiha xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan ham atroflicha muhokama qilinib, unda belgilanayotgan vazifalarning hududlarda samarali ijro etilishi bo‘yicha xalq vakillari oldida turgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar belgilab olindi.

Umumiy hisobda Davlat dasturi loyihasining hayotiyligini ta’minlashga qaratilgan 4 mingga yaqin takliflar kelib tushdi. Xususan, davlat boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha – 1 239 ta, sud-huquq yo‘nalishida – 479 ta, iqtisodiyot sohasida – 901 ta, ijtimoiy sohada – 1 018 ta, tashqi siyosat va xavfsizlik yo‘nalishida– 146 ta takliflar bildirildi.

Keng jamoatchilik va ekspertlar tomonidan berilgan takliflarni har tomonlama ko‘rib chiqish yakuniga ko‘ra, Davlat dasturi loyihasiga jami 50 ga yaqin konseptual hamda 100 dan ortiq aniqlashtiruvchi tahririy o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Shuningdek, farmon bilan Davlat dasturida rejalashtirilayotgan tadbirlarni moliyalashtirishga umumiy qiymati 29 492,7 mlrd. so‘m, 2 600,4 mln. AQSh dollari va 57,5 mln. yevro miqdoridagi mablag‘lar ko‘zda tutilmoqda.

Davlat dasturining birinchi – Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘zda tutilgan eng muhim chora-tadbirlar qatorida Prezidentning hujjatlari va topshiriqlarini mas’ullarga yetkazish, tushuntirish, amaliyotda qo‘llashga ko‘maklashish va nazorat qilish bo‘yicha Adliya vazirligi vakolatlarini kengaytirish, Davlat rahbarining hujjatlari va topshiriqlarini o‘z muddatida bajarmaslik yoki sifatsiz ijro etish holatlari bo‘yicha mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, bundan buyon O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va natijalarini aholiga yetkazib borishga qaratilgan “Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda” mavzusida ko‘rsatuv va chiqishlar tashkil etib boriladi.

Prezidentning hujjatlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etishda jamoatchilik ishtiroki va nazoratini keng yo‘lga qo‘yish maqsadida “jamoatchilik eshituvlari” va “jamoatchilik monitoringi” tizimlari ham joriy etiladi.

Ikkinchi – Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha esa Davlat dasturida O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini berish tartibini takomillashtirish borasidagi islohotlarni izchil davom ettirish, qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish, yuridik shaxslarning moliyaviy javobgarligi institutini qayta ko‘rib chiqish, transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini soddalashtirish, jazoni ijro etish va probatsiya xizmatini yanada takomillashtirish kabi muhim chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Davlat dasturining uchinchi ustuvor yo‘nalishi – iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha belgilanayotgan eng muhim choralar sifatida, birinchidan, mamlakatimizdagi ishsiz fuqarolarga, o‘zini o‘zi band qilmoqchi bo‘lgan fuqarolarga tegishli imkoniyatlar yaratish, xususan, yer maydonlarini ajratish, ish faoliyatlarini boshlashlari uchun subsidiyalar berish ko‘zda tutilmoqda. Ikkinchidan, energetika bozorlarini monopoliyadan chiqarish, tabiiy gaz va elektr energiyasini bozor tamoyillariga asosan sotishni joriy qilish belgilanmoqda. Uchinchidan, iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini kamaytirish, yirik korxonalar va banklarni transformatsiya qilish, ularni strategik investorga sotish kabi keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘layotgan muammolar yechimiga qaratilgan vazifalar ham belgilab berilgan.

Shuningdek, Davlat dasturida 2021 yilga berilgan nomdan kelib chiqib, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, yosh avlodning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, bandligi ta’minlanishi, tadbirkorligini rag‘batlantirish, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Bu jihatlar, ayniqsa, Davlat dasturining to‘rtinchi – ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarida aniq namoyon bo‘lmoqda.

Xususan, joriy yildagi Davlat dasturida 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy etiladi. Oliy ta’lim muassasasida ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga ta’lim krediti berish va talaba tomonidan ushbu kreditni o‘qish davri tugagandan so‘ng qaytarish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Yana bir e’tiborga molik jihati shundaki, Davlat dasturida oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari sonini 25 foizga hamda ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari sonini 2 baravarga oshirish ko‘zda tutilmoqda, shuningdek, yoshlarimizning teng huquqli ta’lim olishlarini ta’minlash maqsadida xususiy oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashga ham davlat granti berish tizimi joriy etilmoqda.

Shu bilan birga, bu yilgi Davlat dasturida ilmiy unvon va ilmiy darajalarni berish vakolati 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab respublikaning nufuzli oliy ta’lim muassasalarining ilmiy kengashlariga bosqichma-bosqich o‘tkazilishi, 2021 yil 1 apreldan boshlab esa “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali nufuzli xorijiy oliygohlarning magistratura va doktoranturasida o‘qishga yuboriladigan yoshlar sonini 5 barobarga oshirish, mazkur jamg‘arma hisobidan xorijda bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish tizimini joriy etib, 2021 yilda 100 nafar yoshlarning xorijga ta’lim olish uchun yuborilishi kabi chora-tadbirlar ham belgilab berilgan.

Davlat dasturida xalqimiz salomatligini saqlash va mustahkamlash hamda aholimizning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ta’lim olishi va kasb egallashiga ko‘maklashish, og‘ir kasallikka chalingan bolalarni davolash maqsadida Bolalarni qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etiladi va uning maqsadlarini amalga oshirishga Davlat byudjetidan 100 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida bu yil mamlakatda tibbiy-ijtimoiy xizmatning mutlaqo yangi modelini shakllantirish choralari ko‘rish ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan.

Davlat dasturining beshinchi – Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, shuningdek, vazmin, o‘zaro foydali va konstruktiv tashqi siyosatni amalga oshirish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqiladigan qonun loyihasida mamlakatimizning ochiq va pragmatik tashqi siyosatini izchil amalga oshirish hamda belgilangan strategik rejalarning jadal ijrosini ta’minlash maqsadlari ko‘zda tutilmoqda.

Shu bilan birga, beshinchi yo‘nalishda Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) bilan hamkorlikni kengaytirish, Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar ta’sirini yumshatishga qaratilgan amaliy harakatlarni qat’iy davom ettirish, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi va mazkur mamlakatning barqaror rivojlanishini ta’minlash yo‘lidagi global sa’y-harakatlarni faol qo‘llab-quvvatlash, jumladan, Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bog‘laydigan Trans-afg‘on transport yo‘lagini barpo etish borasida aniq manzilli tadbirlarni amalga oshirish kabi aniq vazifalar ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosatida iqtisodiy diplomatiyani faol ilgari surish, ayniqsa, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan yaqin qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish beshinchi yo‘nalishning muhim ustuvor vazifalaridan sanaladi.

Xulosa qilib aytganda, 2021 yil Davlat dasturida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan barcha sohalardagi chora-tadbirlar, eng avvalo, O‘zbekiston taraqqiyoti, xalq farovonligi, yurt obodligiga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyatga molikdir.

Shu boisdan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi o‘zining ustuvor vazifalaridan biri sifatida bu yilgi Davlat dasturining mazmun-mohiyati, uni amalga oshirib borilishi to‘g‘risida aholi, tadbirkorlik sub’yektlari, xorijiy va mahalliy investorlar, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro hamjamiyatni keng xabardor qilish, o‘z navbatida, bu muhim dasturilamal hujjatning ijrosi ustidan monitoring va o‘rganishlarni amalga oshirib borish bo‘yicha faollikni yanada kuchaytirishni maqsad qilgan.

Eldor TULYaKOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori.