G‘o‘lbaliklar nimadan xursand, ularni nima qiynayapti?

Bugun Samarqandning olis hududlaridagi o‘zgarishlar qay darajada? Aholini qiynayotgan muammolar nimalardan iborat? Bu muammolarning yechimlari qanday? Shu savollarga javob izlab, Toyloq tumani G‘o‘lba mahallasida bo‘ldik.

“5 kishi bir xonada ishlaganmiz”

2022 yili mahallada “Obod qishloq” dasturi asosida zarur ishlar amalga oshirildi. Tuproq yo‘llarga shag‘al, shag‘al yo‘llarga esa asfalt yotqizildi. 60 ta simyog‘och yangi beton-ustunlarga almashtirilib, yangi transformator o‘rnatildi. Eski qishloq fuqarolar yig‘ini binosi ta’mirlanib, mahalla fuqarolar yig‘ini uchun foydalanishga topshirildi. 9-maktabgacha ta’lim tashkiloti uchun yangi bino qurib berildi. Prezident ta’lim muassasalari agentligi qoshidagi ixtisoslashtirilgan maktab tashkil qilindi.

- 7 yildan beri shu mahalla raisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelyapman, - deydi Mohigul Davronova. - Ilgari qishloq vrachlik punktining binosida, bir xonada ishlardik. Mahallamiz “Obod qishloq” dasturiga kiritilgach, o‘zimizning binoga ega bo‘ldik.

- O‘tgan yili 75 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilib, ularga moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatildi, - deydi xotin-qizlar faoli Shahnoza Rasulova. – Ular o‘zlariga topshirilgan tikuv mashinalari, pishiriq pechlari va boshqa uskunalardan unumli foydalanishga harakat qilyapti. Barchasi “daftar”dan chiqarilgan bo‘lsa-da, nazoratdan chetda qolgani yo‘q. 2023 yil uchun xatlov jarayoni ketyapti. Sharoiti og‘ir ayollarimizga ko‘mak ko‘rsatishda davom etamiz.

Drayver – urug‘chilik

Mahalla aholisi asosan kartoshka va piyoz urug‘lari yetishtiradi. Keyingi paytlarda ular orasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar soni ham ortib boryapti.

- O‘tgan yil boshida mahallada bor-yo‘g‘i 8 kishi tadbirkorlik bilan shug‘ullanar edi, - deydi hokim yordamchisi G‘ayrat Hojiqulov. – Bir yil davomida 22 nafar fuqaro tadbirkorlik ro‘yxatidan o‘tib, o‘z ishlarini boshladi. Ularning orasida profildan eshik va deraza romlari, temirdan darvoza, so‘ri va boshqa ro‘zg‘orga kerakli bo‘lgan buyumlar tayyorlayotganlari bor. 34 kishiga urug‘chilikni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratildi. 61 kishiga “Ye-auksion” dasturi orqali 20 sotixdan yer ajratildi. Natijada 120 nafardan ziyod ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Chet davlatda ishlayotgan yoshlar e’tibordan chetda emasmi?

Hududda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ishsizlar bandligini ta’minlash maqsadida zarur choralar ko‘rilyapti.

- Mahalla yoshlaridan 86 nafari xorijda, - deydi yoshlar yetakchisi Hamidjon Saidov. – Ularning 6 nafari o‘qish uchun, qolganlari ishlash uchun ketgan. Noqonuniy yo‘l bilan chetga chiqqan yoshlarimiz yo‘q. Ularning har biri bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali bog‘lanib turaman. Bu yerdagi yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida xabar topgan yoshlarimiz, qaytish istagini ham bildirib turibdi. Masalan, ajratilgan 20 sotix yerdan ikki marta hosil olib, 50 million so‘mgacha daromad qilayotgan yoshlarimiz o‘z natijalari haqida telegramdagi “G‘o‘lba yoshlari” guruhida xabar qoldirgandi. Buni ko‘rgan xorijdagi bir tengdoshimiz, chetda yurib ham yiliga 50-60 million so‘m atrofida pul yuborayotganini ma’lum qilib, oilasi bag‘riga qaytishini aytdi.

Yozda yerda mehnat qilganlar qishda nima bilan band?

2022 yilda mahalla yigit-qizlarining 54 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilib, ularga turli yordamlar ko‘rsatilgan.

- “Daftar”ga kiritilganlarning 14 nafariga 20 sotixdan yer ajratildi, - deydi H.Saidov. – Ular shu kunlarda tomorqalarida piyoz urug‘larini ko‘kartiryapti. Bu erta va mo‘l hosil olish uchun qulay.
- O‘tgan yilning may oyida 20 sotix yer ajratildi, - deydi mahalla yoshlaridan biri Mahliyo Toshtemirova. – Turmush o‘rtog‘im bilan birga piyoz yetishtirdik. 15 tonna hosil olib, 45 million so‘m daromad qildik. 2023 yilda bu yerdan ikki marta foydalanmoqchimiz va shunga yarasha daromad ham qilamiz. Ayni qish kunlarida ham bekor o‘tirganimiz yo‘q. Tomorqamizda piyoz urug‘larini ekib, ko‘chat uchun tayyorlayapmiz. Erta bahorda ularni daladagi yer maydoniga ko‘chiramiz.

Mahallaning muammolari nimalardan iborat?

Mahalladagi maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan ham yaqindan tanishishga harakat qildik. 60 o‘rinli yangi binoda 150 nafar bola tarbiyalanishi bizni ajablantirdi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, haligacha eski binodan foydalanilayotgan ekan. Ammo anomal sovuq kunlarida bu binoning issiqlik tizimi ishdan chiqib, barcha bolalar yangi binoda tarbiyalanyapti. Yana bir achinarli jihati, bog‘chaning yangi binosida ham issiqlik tizimi ko‘ngildagidek emas. Tomdan chakka o‘tganligining sababini so‘raganimizda tashkilot rahbari tom ustidan o‘tkazilgan quvurlar sovuq sababli yorilishi oqibatida shu ahvolga kelganini aytdi. Xonalarning yetarli darajada isimasligiga sabab esa elektr energiyasidagi uzilishlar ekan.

- Hovlimiz yaqinida suv inshooti bor edi, ammo uning nosozligi tufayli uzoq masofadan suv tashirdik, - deydi Soy qishlog‘ida yashovchi otaxon Mamat Jiyanov. – Bizni qiynayotgan muammolardan biri - elektr energiyasidagi uzilishlar. To‘g‘ri, ayrim simyog‘ochlar yangi ustunlarga almashtirildi, ammo eskirgan simlar bor. Ularni yangisiga almashtirsa, balki bu muammo ham hal etilar?

Samarqand shahrini "Jartepa" chegara posti orqali Tojikiston bilan bog‘lovchi katta yo‘l yoqasida joylashgan bu mahalladagi o‘zgarishlar diqqatga sazovor. Ammo safarimiz chog‘ida uchragan muammolar ko‘ngilni xira qiladi. Bu masalalarga tezroq va sifatli yechim topish esa mas’ullarga bog‘liq.

To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (surat).