Toyloqda 104 yoshli onaxonga «Shuhrat» medali topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga ko‘ra, Toyloqning Muborak mahallasida yashovchi 104 yoshli onaxon Marziya Shamsiyeva “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi. 8 farzand, 85 nevara, yetti nafar nevara, bir nafar chevarali piru badavlat onaxon o‘tgan asrning 20-yillarida tavallud topgan.
Viloyat hokimining o‘rinbosari Bahodir Qodirov, Toyloq tumani hokimi Bahodir Bobonazarov hamda tuman faollari onaxonga mukofotni topshirib, Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi bilan muborakbod etar ekan, onaxon bilan suhbat qurishdi. Medalni ko‘ksiga taqqan, pul mukofotini ko‘rpacha ostiga qistirgan onaxon hamma qiyinchiliklari unut bo‘lganini aytib, jilmaydi.
-Boshing mehnatdan chiqmasa ham shunchalik ko‘p yashash mumkin ekan, - deya sokinlik bilan jilmayib gapiradi onaxon. – Qahatchilikni ham, ocharchilikni ham, bir daqiqa ham tin olmay mehnat qilishni ham, hammasini ko‘rdik. Balki shu qiyinchiliklar evaziga bugungi yorug‘ kunlarni ko‘rsin, deb uzoq yashatdimikan Xudoyim, deb o‘ylab qolaman.
Onaxon titroq qo‘llari bilan uzun duo qilar ekan, ko‘zlarida yosh dumaladi. Ehtimol, bir burda non izlab, och uxlab qolgan bolaligi yodiga tushgandir, balki urush yillaridagi har kun bir uydan chiqqan yig‘i ovozlari qulog‘iga chalingandir yoki bugungi kunlariga shukronalikdan ko‘zlariga yosh qalqqandir. Axir bir asrdan oshgan momo bilan uzoq suhbatlashishning imkoni yo‘q-da. Qaniydi imkoni bo‘lsa, yillar ko‘ngliga qatlagan tashvishu quvonchlarini birma-bir bayon etsang.