O‘qituvchi o‘z yutug‘i bilan emas, o‘quvchilari yutug‘i bilan faxrlanadi
Toyloq tumanidagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ingliz tili o‘qituvchisi Dildora Salimova ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega.
Oliy toifali pedagog 19 yillik faoliyati davomida turli xalqaro kurslarda o‘qib, muntazam o‘z ustida ishlab keladi.
- 150 dan ortiq mamlakatda xalqaro o‘qituvchi sifatida ishlash imkoniyatim bor, - deydi u. – Sababi, dunyo tan olgan TESOL xalqaro kursida o‘qiganman. Bu kursda xorijlik pedagoglar bizga dars o‘tgan. Ulardan ko‘plab tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘ldim. Shuningdek, kurs orqali respublikamizning turli viloyatlaridagi chet tili o‘qituvchilari bilan do‘stlashdim, ular bilan hozirgacha hamkorlik qilaman. Bundan tashqari, Amerika davlatida 3 oydan 6 oygacha o‘qib kelish imkoniga egaman. Ayni paytda o‘qishga borish taraddudidaman.
Dildora Salimova darslarni yangicha usulda o‘tadi, o‘quvchilarni ingliz tiliga qiziqtira oladi. Shuning uchun ham yuqori sinf o‘quvchilari orasida ingliz tilidan IELST sertifikatiga ega o‘quvchilar bor. Bundan tashqari, muallimaning o‘zi ham darsdan keyin o‘quvchilarga qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tadi, ularni sertifikat olish uchun tayyorlaydi.
- Shogirdlarim Yaponiya, Janubiy Koreya, Amerika, Germaniya kabi dunyoning rivojlangan mamlakatlarida tahsil olyapti. Bu men uchun sharafdir, - deydi u. – O‘qituvchi o‘z yutug‘i bilan emas, o‘quvchilari yutug‘i bilan faxrlanadi. O‘quvchilarimdan hozirda "Ibrat maktabi" a’zosi Boburjon Baxtiyorov erishayotgan yutuqlardan xursandman. Boburjon ingliz tilini o‘rganishga qiziqib, oldimga kelganida ikkinchi sinf edi. U maktabni bitirgunga qadar mendan dars oldi. Bir kuni Boburjon telefon qilib: “Muallima, men Amerikaning Xopkins universitetiga o‘qishga kirdim, bu sizning yutug‘ingiz”, dedi. To‘g‘risi, ko‘zimdan yosh chiqib ketdi. Aslida pedagog uchun bundan ortiq baxt yo‘q ekan. Boburjon IELTSdan 9 ballik sertifikatga ega. Bunday natija hammaga ham nasib etavermaydi. Unga o‘qishi davomida ham maslahatlar berib turdim. Bir kuni u ustoz yozish ko‘nikmasidan balim kam, nima qilsam bo‘ladi, dedi. Men unga odamlar bilan ko‘proq suhbatlash, dedim. U har xil kasbdagi odamlar bilan gaplashgach, yozish ko‘nikmasi o‘sganini aytib, mendan minnatdor bo‘ldi.
O‘quvchim Sardor Yusupov Toshkent shahridagi Vebster universitetida o‘qidi. Hozirda Kanadada magistraturani tugatdi. U ham maktabda namunali o‘quvchi edi, shuning uchun o‘z orzulariga erishdi. Shuningdek, boshqa sohada o‘qisa-da, maktabda ingliz tilini yaxshi o‘qigani uchun chet ellarda tahsil olayotgan shogirdlarim bor. Ular menga o‘z yutuqlari, hayoti, o‘qishi haqida videolar jo‘natib turadi. Men o‘quvchilarimga shogirdlarim yuborgan video lavhalarni qo‘yib berdim. Sobiq bitiruvchilar yuborgan videolar bolalarga motivatsiya berdi, ularning o‘qishga bo‘lgan qiziqishi yanada ortdi.
Dildora Salimovaning orzulari bir jahon. Uning hayotga bo‘lgan ishtiyoqidan ruhlangan o‘quvchilari ham ingliz tilini puxta o‘rganib, chet ellarda o‘qishni maqsad qilmoqda. Agar haqiqatda o‘qituvchi bilimli va mahoratli bo‘lsa, o‘quvchilar o‘quv markazlariga qo‘shimcha darslarga bormasdan ham yutuqlarga erisha olar ekan. Buni Toyloq tumanidagi 14-maktab o‘quvchilari misolida ko‘rdik.
- O‘tgan o‘quv yilida maktabni 31 nafar o‘quvchi bitirdi, - deydi maktab direktori Zamira Jabborova. – Ulardan 28 nafari oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirdi. Hujjat topshirgan abituriyentlarning 13 nafari, ya’ni chet tilidan sertifikatga ega bo‘lganlari o‘qishga kirdi. Bu yil biz marrani yanayam kattaroq olyapmiz, buning uchun bitiruvchilarga barcha sharoitlar yaratilgan.
Toyloq tumanida 61 ta umumta’lim maktabi bo‘lsa, ularning barchasi APro platformasiga ulangan. APro – bu attestatsiya, milliy sertifikat va UZBMB (DTM) imtihonlariga professional tayyorgarlik platformasi bo‘lib, o‘quvchilar va o‘qituvchilar o‘z bilimini tekshirib boradi. Hozircha o‘quvchilar platformadagi test savollarini yechib, 100 balldan 150 ballgacha to‘playapti. Nasib bo‘lsa, bu yilgi bitiruvchilarim yaxshiroq natijani qo‘lga kiritadi, degan umiddaman.
Xurshida ERNAZAROVA.