34 yil oldin yo‘qolgan ayol Toyloqda yaqinlari bilan ko‘rishdi

Bir necha yillardan buyon Toyloq tumani Adas mahallasi hududida o‘ziga begona oila vakillari bilan yashab kelayotgan 60 yoshli Halima Saibnazarova bugun opa-singillari bilan Toyloq tuman hokimligida uchrashgan.

Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi hamda tuman «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi izlanishlari natijasida Halima Saibnazarovaning qarindoshlari Sirdaryo viloyati Xovos tumanida yashashi aniqlangan va ularga bu haqda xabar berilgan.

- Oilada 6 nafar qiz, 1 nafar o‘g‘il farzand edik. 1989 yilda singlim Halima uydan chiqib ketib, qaytib kelmadi. Biz uni yillar davomida izladik. Allohga shukr, bugun Toyloq tumani hokimligi vakillari ko‘magida singlimizni topdik, - deydi Jamila Saibnazarova.

Hokimlik xabariga ko‘ra, Halima Saibnazarovani qarindoshlari tug‘ilib o‘sgan uyiga olib ketishgan.