Toyloqda fermer xo‘jaligining yer maydonini sotmoqchi va egallab olmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
- 05.07.2022 09:57
- 261
- Jinoyat va jazo
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toyloq tuman bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tergovga qadar tekshiruvda, “L.Z.” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi A.T. 9 nafar fuqaroga xo‘jalikning jami 54 sotix sug‘oriladigan yer maydonini egalik qilish huquqini beruvchi qaror chiqartirib berishga ishontirib, 46,5 mln so‘mga sotib yuborganligi, shuningdek, fuqaro T.A. o‘zboshimchalik bilan egallangan 6 sotix yer maydonida uy uchun poydevor qurganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 229-1-moddasi (yer uchastkalarini o‘z boshimchalik bilan egallab olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.