Samarqandda o‘zboshimcha qurilishlarga chek qo‘yilyapti

Samarqand shahrida ko‘p qavatli uylar atrofida noqonuniy qurilgan inshootlarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha keng qamrovli nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda. Bu jarayon Samarqand viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan muntazam ravishda tashkil etilmoqda.
So‘nggi nazorat tadbirlari davomida “Oltin asr” mahallasi Rudakiy ko‘chasi 140-uy, “Ilg‘or” mahallasi Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan 1-, 3-, 5-ko‘p kvartirali uylar hamda “Semurg‘” mahallasi Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi 4-uy atrofida noqonuniy qurilmalar aniqlandi.
Mutasaddi tashkilotlar tomonidan ushbu holatlar yuzasidan mulkdorlarga qonun talablari tushuntirildi. Shu bilan birga, o‘zboshimcha qurilgan inshootlarni qisqa muddatda o‘z hisobidan buzish, piyodalar yo‘laklarini ochish va hududni avvalgi holatiga keltirish bo‘yicha ogohlantirishlar hamda rasmiy ko‘rsatmalar berildi.
Mazkur nazorat tadbirlari shahar infratuzilmasini muhofaza qilish, piyodalar va aholi uchun xavfsiz, qulay muhit yaratishga qaratilgan bo‘lib, bu boradagi ishlar izchil davom ettiriladi.