Noqonuniy qurilishlarga barham beriladi(mi?)

Viloyatda noqonuniy qurilishlarni aniqlash, ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar mutlaqo qoniqarsiz. Viloyat qurilish boshqarmasi, qurilish nazorat inspeksiyasi, joylardagi hokimliklar bu ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ygan. Oqibatda noqonuniy qurilishlar soni yil boshiga nisbatan 95 taga oshib, 440 taga yetgan.

Viloyat hokimi rahbarligida o‘tkazilgan muhokamada ma’lumot berilishicha, inspeksiya tomonidan bor-yo‘g‘i 112 ta (25 foiz) noqonuniy qurilmalarni buzdirish bo‘yicha sudlarga da’vo ariza kiritilgan.

Sudlar tomonidan esa 45 ta ob’yektni buzdirish bo‘yicha qarorlar chiqarilgan bo‘lsa-da, Majburiy ijro byurosi tomonidan ob’yektlarda buzish ishlari boshlanmagan.

Bu masalaga shahar va tuman hokimlari ham tomoshabin bo‘lib o‘tiribdi. Oqibatda noqonuniy qurilishlar soni borgan sari ko‘payib bormoqda.

Hududlardagi qurilish bo‘limlari tomonidan ob’yektlar ustidan yetarli nazorat o‘rnatilmagan. Misol uchun, Samarqand shahar qurilish bo‘limi tomonidan Ziyokorlar mahallasida “Yuksel Group Sam” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga yakka tartibda uy-joy qurishga ruxsat berilgan. Biroq yetarli nazorat yo‘qligi sababli fuqaro tomonidan yakka tartibda emas, balki ko‘p qavatli uy-joy qurmoqda.

Bundan tashqari, hali foydalanishga topshirilmagan 41 ta ob’yekt elektr, gaz, suv ta’minotiga ulanib, to‘laqonli faoliyat ko‘rsatmoqda.

Nima sababdan elektr, gaz va suv ta’minoti korxonalari ularning tarmoqqa ulanishiga ruxsat bergan? Ruxsat bermagan bo‘lsa, nega tarmoqqa ulanishi holatiga ko‘z yumib kelmoqda?

Misol uchun, Samarqand shahar Narpay ko‘chasidagi “Selxoztexnika” va Kimyogarlar shaharchasi 29-dahasidagi “Xurshid Baraka Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan qurilgan ko‘p qavatli uy-joylarda aholi yashab kelmoqda.

Shunday holatlarni ko‘rgan boshqa quruvchilar ham ob’yektni topshirmasdan, davlatga soliq to‘lamasdan ham faoliyat ko‘rsatsa bo‘lar ekan, degan xayolda binoni topshirmasdan yuribdi.

Bugungi kunda qurilish muddati tugagan 644 ta ob’yekt foydalanishga topshirilmagan. Buning oqibatida davlat byudjetiga ham soliq tushumlari undirilmayapti.

Viloyat hokimi rahbarligidagi muhokamalarda viloyat qurilish boshqarmasi (B.Negmatov), qurilishda nazorat inspeksiyasi (A.Shukurov), Majburiy ijro byurosi va shahar, tuman hokimliklari bilan birgalikda noqonuniy qurilishlarga barham berish bo‘yicha ish uslubini keskin o‘zgartirib, zarur choralarni ko‘rishi kerakligi bildirildi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari (N.Rahmonov) noqonuniy qurilishlarni bartaraf etish bo‘yicha qattiq nazorat o‘rnatib, amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha har hafta viloyat hokimiga axborot kiritib borishi belgilandi.