Samarqand shahrida 10 dan ortiq bino shaharsozlik me’yorlariga zid ravishda qurilayotgani aniqlandi

Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Samarqand shahrida qurilayotgan uylarda monitoring ishlari olib borildi.

Monitoring davomida Samarqand shahar Farhod ko‘chasi 2-manzilda, shaharning Gagarin ko‘chasi 36-manzilda, Spitamenshoh ko‘chasi 264-manzilda, Ilg‘or ko‘chasi 25-manzilda, Bog‘dod ko‘chasi 26-manzilda, M-37 magistral avtomobil yo‘li yoqasida hamda Qorasuv massivida qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joy bino qurilishlari hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmasdan amalga oshirilayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Masalan, Samarqand shahar Ilg‘or ko‘chasi 25-manzilda "R.I." MChJ tomonidan qurilayotgan turar-joy binolarining qurilishlari hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmagan. Ushbu qurilish o‘zboshimchalik bilan olib borilayotgani sababli shu yilning mart, may oylarida ogohlantirish xatlari, 27 iyulda esa qurilishni to‘xtatish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan. Biroq qurilish ishlari davom ettirilgan. Shu sababli MChJ rahbariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi bilan ma’muriy jazo qo‘llanilgan.

Ushbu turar joy binosidagi qurilish ishlarining sifati o‘rganilganda quruvchi tomonidan qator kamchiliklar ham qayd etilgan. Xususan, yopma temir beton plitalar montaj qilinganda oraliq masofasi loyihada 14 santimetr qoldirilishi ko‘rsatilgan, biroq joyida 5 santimetr masofa qoldirilgan. Qurilish materiallarini saqlash uchun maxsus omborxonalar tashkil qilinmagan, oqibatda armaturalar korroziyaga uchragan. Pardevorlarda terilgan gazobloklarning vertikal va gorizontal choklari qorishma bilan to‘liq to‘ldirilmagan, armaturalangan zilzilaga qarshi kamarlar ishchi loyiha asosida bajarilmagan. Shuningdek, ob’yektga olib kelingan plitalar sifati belgilangan talablarga javob bermagan.

Yuqoridagi qonunbuzilish holatlari yuzasidan fuqaro va tadbirkorlarga yozma ko‘rsatmalar berildi. Shaharsozlik hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilib, inspeksiya ro‘yxatidan o‘tkazilganiga qadar ob’yektlarda qurilish-montaj ishlari to‘xtatildi.

Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi axborot xizmati.