«Obod mahalla», «Obod qishloq» g‘oliblari qanday saralanadi?

- Hozirda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini ovoz berish orqali amalga oshirish belgilanmoqda. Bunda har bir mahalla bo‘yicha jamoatchilik fikri asosida loyihalar to‘plami shakllantiriladi. Ovoz berish tartibidan ham xabardormiz. Lekin, ayting-chi, g‘olib mahallalarni saralab olish qanday bo‘ladi? Eng ko‘p ovoz olgan tashabbuslar g‘olib deb topiladimi?

Saydulla Bekmirzayev,

Nurobod tumani.

Savolga Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mas’ul xodimi Jamshid Nazarboyev javob berdi:

- Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini jamoatchilik fikri asosida tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari orqali amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga asosan, g‘olib mahallalarni aniqlash ovoz berish jarayoni boshlanishidan avval keng jamoatchilikka e’lon qilingan holda quyidagi usullardan biri orqali:

  • loyihalar to‘plamiga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib;
  • aholisi soni kam bo‘lgan mahallalarga (qishloqlarga) tuzatish koeffitsiyentini qo‘llagan holda loyihalar to‘plamiga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Ovoz berish jarayoni yakunlariga ko‘ra, har bir tuman (shahar) uchun jamg‘armada shakllantirilgan mablag‘lar doirasida eng yuqori ko‘rsatkichni egallagan loyihalar to‘plami g‘olib deb topiladi. Bunda loyihalar to‘plami g‘olib deb topilishi uchun kamida 100 ta ovoz to‘plashi lozim. Ovozlar soni teng bo‘lgan taqdirda, teng ovoz to‘plagan mahallalardan eng yuqori ko‘rsatkichni birinchi bo‘lib qayd etgani g‘olib deb topiladi.

Loyihalar to‘plami tarkibidagi tadbirlardan tegishli loyihalar to‘plamiga berilgan ovozlar sonining 50 foizidan yuqori ovoz to‘plaganlari amalga oshiriladi. Bunda fuqarolar ovoz berish jarayonida loyihalar to‘plami tarkibidagi haqiqatda mahalla uchun real muammo bo‘lgan tadbirlarni tanlashi lozim. Yetarlicha ovoz to‘play olmagan va g‘olib deb topilmagan mahallalar bo‘yicha shakllantirilgan loyihalar to‘plami «arxiv» maqomiga o‘tkaziladi. Ular mahalla raislari tomonidan kelgusi jarayonlarda qaytadan ovoz berish jarayoniga tiklanishi mumkin.

Tadbirlarni amalga oshirish uchun talab etiladigan mablag‘ning dastlabki miqdori tegishliligiga ko‘ra tarmoq korxonalari xulosasi asosida loyiha-smeta hujjatlari bo‘yicha aniqlashtiriladi.

To‘plamning dastlabki qiymatidan kelib chiqib, tadbirlar doirasida amalga oshiriladigan ishlar (tovar, xizmatlar) hajmini kamaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Agar tadbirlarning dastlabki qiymatiga nisbatan loyiha-smeta hujjatlariga ko‘ra yakuniy qiymati ko‘proqni tashkil etsa, mazkur holatlarda qo‘shimcha mablag‘ tegishli loyihalar to‘plami tarkibidagi boshqa tadbirlardan iqtisod qilingan mablag‘lar yoki jamg‘armadagi mavjud mablag‘lar hisobidan, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari qaroriga asosan, tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanadi.

***

Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.