Yoshlar uchun huquq maktabi: Samarqand akademik litseyi imkoniyatlari kengaymoqda

Huquqshunoslik kasbining obro‘si va nufuzini oshirish, yoshlarda ushbu kasbga nisbatan hurmat va faxr tuyg‘ularini shakllantirish, ularni huquqiy bilim olishga qiziqtirish bo‘yicha mamklakatimizda bir qator izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Samarqand hamda Namangan viloyati yuridik texnikumlari negizida Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Samarqand hamda Namangan viloyat akademik litseylari tashkil etildi.

Akademik litsey Davlat ta’lim standartlariga mos ravishda to‘qqiz yillik tayanch o‘rta ta’lim asosida 2 yil mobaynida amalga oshiriladigan va ta’lim oluvchilarning intellektual qobiliyatlarining jadal rivojlanishini ta’minlaydigan, shuningdek chuqurlashtirilgan ta’lim dasturlari asosida o‘qitish amalga oshiriladigan, kasb-hunarga va shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim olishini ta’minlaydigan davlat o‘rta maxsus ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Hozirda Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYuU) huzuridagi Samarqand viloyat akademik litseyida jami 358 nafar o‘quvchi tahsil olib, ularga 30 ga yaqin professor-o‘qituvchi ta’lim berib kelmoqda.

Akademik litseyda “Davlat va huquq asoslari” hamda ingliz tili fanlari chuqurlashtirib o‘qitiladi.

Dars jarayonlari interaktiv usullarda, yangi pedagogik texnologiyalar asosida zarur texnik vositalarni qo‘llagan holda olib borilmoqda.

Shuningdek, akademik litsey o‘quvchilariga bevosita Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan onlayn dars-mashg‘ulotlari, hamkor tashkilotlar, xususan, adliya boshqarmasi, sud, advokatura, notarius, majburiy ijro byurosi tomonidan “Mahorat darslari” olib borilmoqda. Bu esa o‘quvchilarga o‘z sohasiga qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Litseyda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish maqsadida sport to‘garaklari bilan bir qatorda “Sun’iy intellekt”, “Fashion and style”, “Yuridik klinika”, “Muzokara san’ati”, “Notiqlik va nutq mahorati”, “Social media market”, “Mantiqiy fikrlash” kabi to‘garak va loyihalar tashkil etilgan bo‘lib, unda o‘quvchilar intellektual ko‘nikmalarini ham oshirib bormoqda.

2025/2026 o‘quv yilida Samarqand viloyat yuridik akademik litseyida o‘quvchilar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, bugungi kunga qadar akademik litseyda jami 8 ta to‘garak va klublar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, joriy o‘quv yilidan boshlab akademik litsey talabalar assotsatsiyasi huzurida “Inklyuziv volontyorlari” guruhi, “Media club” hamda “Yoshlar korrupsiya qarshi” klublari ham o‘z faoliyatini boshladi.

Shuningdek, akademik litseyda futbol, voleybol, shaxmat, shashka hamda stol tennisi sport klublari faoliyati yo‘lga qo‘yilib unda o‘quvchilarning faol ishtiroki ta’minlanmoqda.

O‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, davlat va jamiyatga yetuk, yosh va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, yoshlarni ona Vatanga sadoqat, halollik, mehnatsevarlik va fidoyilik ruhida tarbiyalash va intellektual salohiyatini oshirish hamda ularga o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etishga imkoniyatlar yaratish maqsadida har yili Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litsey o‘quvchilari o‘rtasida “Lex Pride” – (Akademik litsey faxri) respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazilib kelinmoqda. Xususan, joriy o‘quv yilida o‘tkazilgan tanlovning respublika bosqichida akademik litsey o‘quvchisi Sabrina Olimova faxrli III o‘rinni egalladi.

O‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish hamda ularning ilmiy izlanishlarga oid bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish maqsadida bir qator seminar, ilmiy konferensiya hamda loyihalarga jalb qilinmoqda.

Adliya vazirligi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida tashkil etilgan “Huquq maktabi” o‘quv kurslarida akademik litseyning 100 nafardan ortiq o‘quvchisi ishtirok etib, 150 ga yaqin sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.

2025 yil sentyabr oyida Samarqand viloyat akademik litseyi 2-bosqich, 207-guruh o‘quvchisi Shahzoda Azamatova Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi miqyosida tashkil etilgan “Yuksak ehtirom” xalqaro ilmiy-amaliy ko‘rik tanlovda ishtirok etib, estalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

 

O‘quvchilarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash maqsadida viloyat adliya boshqarmasi, Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi, viloyat sudi, Advokatlar palatasi viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda bir qator uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish hamda ularning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, ularda qonunlarga hurmat, mamlakat taqdiriga daxldorlik hamda vatanparvarlik hissini kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar kelgusida ham davom ettiriladi.

 J.Otaqulov,

 TDYuU huzuridagi Samarqand viloyat akademik litsey direktorining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari.

Xurshidbek Ashurov,

litsey o‘quvchisi.

#Reklama