Akademik litseylar uchun qabul jarayonlari boshlandi

Bugun, 10 iyundan 2025/2026 o‘quv yili uchun akademik litseylarga umumta’lim maktablarining joriy yil 9-sinf bitiruvchilaridan hujjatlarni my.edu.uz portali orqali onlayn qabul qilish boshlandi.

Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar qildi.

Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tizimga ID-karta yoki tug‘ilganlik haqida guvohnoma ma’lumotlarini kiritish bilan birga quyidagi hujjatlarni elektron shaklda (PDF, JPEG) yuklashlari lozim:
— 3,5x4,5 sm o‘lchamdagi 1 ta rangli fotosurat;
— O‘qishga imtiyozli kirish huquqini beruvchi hujjatlar — fan olimpiadasi g‘olibi ekanligini tasdiqlovchi diplom, chet tili va umumta’lim fanlarni bilish darajasi to‘g‘risidagi milliy yoki xalqaro sertifikat (mavjud bo‘lsa).
Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda:
- o‘zlari tanlagan uchtagacha akademik litseyning mos yo‘nalishlarini tanlashi (bunda ta’lim tili bir xil bo‘lishi kerak) va qaysi chet tilidan kirish test sinovini topshirishini belgilaydi.
Abituriyent o‘zi tanlagan hududda tashkil etiladigan kirish test sinovlarida ishtirok etadi. Qabul jarayonlari 10 iyulga (shu kuni ham) qadar davom etadi.
Qabul jarayonlari bilan bog‘liq qo‘shimcha ma’lumotlarni akademik litseylarda tashkil etilgan «Maslahat markazlari» yoki vazirlikning @eduuzuniversalbot’i orqali olish mumkin.
Qabul kvotasi bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.