Oliy ta’limga yo‘l akademik litseydan boshlanadi

* Qabul davlat test markazi orqali

* Litseyda “rektor soati” bo‘ladi

* Yaxshi o‘qituvchi 100 foiz ustama oladi

* Akademik litseyning reytingi bo‘ladi

Qabul davlat test markazi orqali

2020 yilning 3 dekabrida Prezidentimiz tomonidan “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qilindi.

Qarorda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab  iqtidorli yoshlarni akademik litseylarga tanlab olishda  jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirilishi belgilandi. Bu yangiliklar hozirgacha amalda bo‘lgan tartiblardan bir qancha jihatlari bilan farq qiladi. Ayni paytgacha litseylarga o‘quvchilar qabuli O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan nizomga binoan o‘tkazilardi. Bunda asosiy ishni akademik litsey qoshida tuziladigan komissiya bajarardi. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab akademik litseylarga iqtidorli yoshlarni saralab olish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari asosida amalga oshiriladi. Fan olimpiadalari, tanlovlar g‘oliblari va fanlarni o‘zlashtirish sertifikatiga ega bo‘lgan maktab o‘quvchilari uchun litseyga qabul qilishda imtiyozlar mavjud. 

Akademik litseylarga hujjat topshiruvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi. Akademik  litseyning tegishli yo‘nalishida o‘qish uchun kelib tushgan arizalar soni belgilangan qabul parametriga 2:1 nisbatdan kam bo‘lgan hollarda mazkur yo‘nalish bo‘yicha qabul parametrlari tegishli o‘quv yili uchun arizalar soniga nisbatan ikki baravar qisqartirilishi(bundan mazkur yo‘nalish uchun bir akademik guruh o‘quvchilari soniga teng bo‘lgan hollar mustasno) belgilab berildi.

Bu band iqtidorli yoshlarni saralab olishda haqiqiy raqobat muhitini yuzaga keltiradi va pirovardida  munosiblar tanlanishiga imkoniyat yaratadi. Holbuki, shu paytgacha ba’zi litseylarning ayrim yo‘nalishlarida o‘quvchilarni saralab olish darajasi ancha past edi. Chunki, qabul parametridagi o‘rinlar soniga nisbatan tushgan arizalar unchalik ko‘p bo‘lmas, gohida  yetmay qolardi. Noiloj, ariza topshirganlarning  barchasi, bilimi qandayligidan qat’i nazar, litseyga qabul qilinardi. Iqtidori yetarli bo‘lmagan bunday o‘quvchilar o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishda qiynalishib, pedagogik jamoa uchun ham muammolar tug‘dirardi. Yangi qarorning amalga tatbiq etilishi bu kabi kamchiliklarga barham beradi. Shu bilan birgalikda o‘quvchilarni saralab olishda adolat va shaffoflik ta’minlanadi.

Litseyda “rektor soati” bo‘ladi

Qaror bilan tanishar ekansiz, unda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan aniq va dolzarb vazifalar belgilab berilganiga guvoh bo‘lasiz. Jumladan, umumta’lim fanlar soati hisobiga chuqurlashtirilgan fanlar soatini oshirish hamda ular ulushini kamida 50 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. Oliy ta’lim muassasalarining turdosh ta’lim yo‘nalishlarida takroran o‘qitiladigan fanlar akademik litseylar o‘quv dasturidagi tegishli fanlar bilan unifikatsiya qilinmoqda.

Shu paytgacha akademik litseylar nomiga tegishli oliy o‘quv yurti qo‘shib aytilsa-da, amalda o‘rtada ko‘z ilg‘amas bo‘shliq bor edi. Ba’zi oliygoh rahbarlari akademik litseylar muammolarini hal qilish, ko‘mak ko‘rsatish, o‘zaro hamkorlik masalalariga  yetarlicha e’tibor qaratmadi. Bu ishlarning aksariyati  qog‘ozda qolib ketdi. Ikki yil davomida biror marta akademik litsey o‘quvchilari  va o‘qituvchilari bilan uchrashuv-muloqot o‘tkazmagan oliy o‘quv yurti rahbarlari ham afsuski uchradi.

Yangi qaror o‘rtadagi uzilishga barham beribgina qolmay, oliy o‘quv yurti bilan akademik litseyni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan o‘zaro hamkorlikni kuchaytiradi. Qarorda oliy ta’lim muassasalari prorektorlari (filial direktori o‘rinbosarlari), kafedralari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha akademik litseylar faoliyatiga har tomonlama yordam ko‘rsatish va nazorat qilish uchun mas’ul etib, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, shu jumladan rahbar xodimlari akademik litseylarning dars mashg‘ulotlariga jalb qilinishi belgilab qo‘yilgani akademik litseylar nufuzini ko‘tarishda muhim omil bo‘ladi, desak yanglishmaymiz.

Oliy ta’lim muassasalarining o‘quv ishlari uchun mas’ul prorektori (filial direktori o‘rinbosari) bir vaqtning o‘zida akademik litsey direktori hisoblanishi, akademik litseylarda har oyda kamida bir marotaba bevosita oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan akademik litsey xodimlari va o‘quvchilari ishtirokida «rektor soati» o‘tkazib borish vazifasining qo‘yilishi bu – oliygoh bilan akademik litseyni chambarchas bog‘laydi, maqsadlar mushtarakligini  ruyobga chiqaradi. 

Yaxshi o‘qituvchi 100 foiz ustama oladi

Qarorda akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish uchun ilg‘or xorijiy mamlakatlar malakali ekspertlari jalb qilinishiga urg‘u berilgan, 2021 yildan boshlab peshqadam xorijiy mamlakatlar, shu jumladan Finlandiyaning malakali ekspertlarini jalb qilgan holda har yili akademik litseylar faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan «Yo‘l xarita»sini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi belgilangani diqqatga sazovordir.  Bu tizimga  yangicha qarashlar, ilg‘or texnologiyalar kirib kelayotganini anglatadi.

Qarorga ko‘ra, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 2021 yil 1 yanvardan boshlab akademik litsey pedagoglari va xodimlarining mehnatini munosib rag‘batlantirish Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi ayrim fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablarning tegishli xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari asosida amalga oshiriladigan bo‘ldi. Bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli oliy ta’lim muassasasining moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib, byudjetdan tashqari, jumladan to‘lov-kontrakt mablag‘lari hisobidan akademik litseylarda o‘rnak ko‘rsatgan pedagog va xodimlarga lavozim maoshlarining 100 foizigacha miqdorida har oylik ustamalar to‘lanishiga izn berilmoqda. Buning zamirida samarali va namunali mehnatga nisbatan rag‘batdan tashqari o‘qituvchida o‘z ustida ishlash, tashabbuskorlik ko‘rsatish, yangi pedtexnologiyalarni qo‘llashga bo‘lgan intilishni qo‘llab-quvvatlash mujassam.

Akademik litseylarning fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD), shuningdek, fan doktori yoxud fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga, professor yoki dotsent ilmiy unvonlariga ega bo‘lgan pedagog xodimlari mehnatga haq to‘lash shartlariga ko‘ra oliy ta’lim muassasasi katta o‘qituvchisiga tenglashtirildi.

Akademik litseylarga byudjetdan tashqari, shuningdek oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan iqtidorli pedagoglarning xorijiy mamlakatlar ta’lim muassasalarida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha qisqa muddatli malaka oshirish, shu jumladan onlayn kurslarda o‘qishi bilan bog‘liq xarajatlarni to‘liq yoki qisman qoplash imkoniyatlari berilmoqdaki, bu ham o‘qituvchi salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Akademik litseyning reytingi bo‘ladi

Akademik litseylarda guruh jurnali, reyting daftarchasi, o‘quv mash-g‘ulotlari, imtihon jadvallari, o‘quvchilar o‘zlashtirishi, davomati, diplom va akademik ma’lumotnomalarni raqamlashtirishni nazarda tutuvchi axborot tizimini joriy etish ko‘zda tutilyapti. Shunisi diqqatga sazavorki, bu ta’limda samaradorlikni ta’minlashga xizmat qilibgina qolmay, tizimdagi ma’lumotlardan ota-onalarning ham bemalol tanishish imkoniyatini yaratadi. Natijada ota-onalar farzandining litseyda qanday o‘qiyotgani, darslardagi ishtiroki bo‘yicha boxabar bo‘lib boradilar.

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab akademik litseylarning respublika bo‘yicha reytingi yuritilishi belgilab qo‘yildi. Bu o‘zaro raqobat va musobaqa muhitini yuzaga keltirishi tabiiy. Qarorda reyting natijalari bo‘yicha uzluksiz 3 yil davomida ta’lim sifatiga oid ko‘rsatkichlarida salbiy dinamika kuzatilgan so‘nggi 5 ta o‘rindan birini egallab kelgan akademik litseylar boshqa oliy ta’lim muassasasi tasarrufiga o‘tkazilishi yoki boshqa turdagi ta’lim muassasasi sifatida qayta tashkil etilishi belgilangan. Mazkur  talab   akademik litsey jamoasini bir qadar hushyor torttiradi, ta’lim sifat ko‘rsatkichini oshirish uchun jiddiy harakat qilishga, javobgarlikni his etishga da’vat etadi.

Ma’lumki, ta’lim va tarbiya bir biri bilan chambarchas bog‘liq. Birisiz ikkinchisini tasavvur qilish qiyin. Qarorda o‘quvchi yoshlarda keng dunyoqarash, intellektual salohiyat, ijodiy va tahliliy fikrlashni rivojlantirish, ilm-fanga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularning fan olimpiadalaridagi ishtirokini kengaytirish bilan birgalikda o‘quvchilarni amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, vatanparvarlik, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik ruhida tarbiyalash masalasi ham alohida ta’kidlab o‘tilgan.

Qarorda belgilab berilgan keng ko‘lamli vazifalarning ayrimlari bo‘yicha muxtasar fikr yuritdik, xolos. Unda akademik litseylar umumiy faoliyatini takomillashtirish, o‘qitish sifat darajasini oshirish bo‘yicha  bandma-band  juda ko‘p yo‘nalish va vazifalar belgilangan. Umuman olganda, bu hujjat  akademik litseylar faoliyatini isloh qilish borasidagi jiddiy va katta odimning boshlanishidir.

Amrillo AHMEDOV,

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali akademik litseyi direktori o‘rinbosari.