Samarqand davlat chet tillar instituti – yurtimiz va xorijda o‘z o‘rniga ega oliy ta’lim muassasasi bo‘ladi

Vatanimiz mustaqilligining natijasi o‘laroq tashkil etilgan Samarqand davlat chet tillar instituti 30 yoshga to‘ldi. O‘tgan davr mobaynida institut shakllanish bosqichini bosib o‘tib, bugun yurtimizdagi ko‘zga ko‘ringan oliy ta’lim muassasalaridan biriga aylandi. Instituti rektori Bahodir XOLIQOV bilan suhbatimiz institutning 30 yillik faoliyati, erishilgan yutuqlar, amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar haqida bo‘ldi.

– Bitta fakultet negizida tashkil etilgan institut o‘tgan 30 yil ichida to‘la shakllanib, respublikamizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biriga aylandi. Lekin buning zamirida qancha mehnat, zahmat borligini shu dargohda faoliyat yuritayotganlar boshqalardan ko‘ra teranroq anglaydi. Siz ham, garchi joriy yilda institutga rahbar bo‘lib kelgan bo‘lsangiz-da, bundan avval shu institut faoliyati bilan yaxshi tanish ta’lim sohasi vakili sifatida institut bosib o‘tgan yo‘l haqida nimalar deya olasiz?

– Chet tillar sohasida kadrlar tayyorlashni jadallashtirish, mintaqadagi korxonalar va muassasalarning kengayib borayotgan xalqaro aloqalarni yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida 1994 yil 8 noyabrda “Samarqand davlat chet tillar institutini tashkil etish to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilingan edi.

Ana shu voqelikka bu yil 30 yil to‘ldi. Samarqand davlat universitetining tegishli fakulteti negizida tashkil etilgan institutda dastlabki yillarda nemis filologiyasi, ingliz filologiyasi, fransuz filologiyasi va maktabgacha tarbiya fakultetlari hamda ikkinchi til, falsafa va iqtisod, umumiy tilshunoslik, jahon adabiyoti kafedralari faoliyat ko‘rsatgan. 500 nafar atrofida talaba tahsil olgan.

Institutimiz jamoasining yillar davomida orttirgan tajribasi, to‘plagan malakasi, ko‘rsatgan fidoyiliklari natijasida ana shu yangi ilm-ma’rifat maskani o‘z o‘rniga ega bo‘lgan oliy o‘quv yurti sifatida e’tirofga sazovor bo‘ldi. Bugunga kelib Samarqand davlat chet tillar instituti 13 ming nafarga yaqin talaba tahsil olayotgan, faqatgina O‘zbekistonda emas, xorijda ham tanilgan oliy ta’lim muassasalaridan biriga aylandi. Institutimiz nafaqat Samarqand, balki Navoiy, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari uchun xorijiy til mutaxassislarini tayyorlovchi yetakchi ta’lim dargohiga aylandi.

Bugun institutimiz tashkil etilganidan faoliyat yuritib, uning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Berdiqul Tursunov, Muhammadjon Mamatov, Inoyatulla Suvonqulov, Anatoliy Bushuy, Poshali Usmon, Ne’mat Turniyozov, O‘g‘iloy Otavaliyeva, Muhammadjon Xolbekov, Abdumurod Ko‘chiboyev, Nuriddin Begaliyev, Ermat Iskandarov singari ustozlarni (oxiratlari obod bo‘lsin!) faxr bilan yodga olamiz. Ayni paytda ham biz bilan hamkorlik qilayotgan, birga ishlayotgan Yusuf Abdullayev, Shahriyor Safarov, Shuhrat Sirojiddinov, G‘anisher Rahimov, Ilhomjon To‘xtasinov, Ashur Yaxshiyev, Muxtor Begmatov, Ibodulla Ilyosov, Muyassar Mahmudova, Mustafo Bozorov kabi olimlarimiz mehnatini qadrlaymiz.

Hozir institutimizda 8 ta fakultet, 25 ta kafedra faoliyat ko‘rsatmoqda. 19 ta ta’lim yo‘nalishi, 16 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Mehnat bozoridagi talab va ehtiyojdan kelib chiqib, joriy o‘quv yilidan turizm va mehmondo‘stlik ta’lim yo‘nalishi ochildi. Mazkur ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarida 12500 nafardan ziyod bakalavr, 400 nafarga yaqin magistr tahsil olmoqda. Ularga saboq berayotgan 553 nafar professor-o‘qituvchilarimizning 161 nafari ilmiy darajaga ega. Jumladan, 36 nafar fan doktori, professor, 125 nafar fan nomzodi, falsafa doktori (PhD), dotsentlardir. 405 nafar xorijiy tillardan dars beradigan o‘qituvchilarimiz C2, C1, B2 til bilish sertifikatiga ega. Professor-o‘qituvchilar muntazam ravishda respublikamizdagi malaka oshirish markazlari hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘z malakalarini oshirib kelmoqda. Birgina joriy yilda 54 nafar o‘qituvchimiz yurtimizda, 19 nafari xorijda malaka oshirdi. Ta’lim sifatini oshirish maqsadida keyingi ikki yilda 54 nafar xorijlik mutaxassis ishga jalb qilindi.

– Ta’limning natijasi sifat va samaradorlik bilan o‘lchanadi. Bu esa bevosita moddiy-texnik bazaga bog‘liq. Institutga moliyaviy mustaqillik berilishi bu imkoniyatlarni kengaytirishga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?

– Institutga moliyaviy mustaqillik berilishi ta’lim sifati va samaradorligi oshishiga katta turtki berdi, desak xato bo‘lmaydi. Chet tili mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2021-2022-o‘quv yilidan boshlab Narpay va Payariq tumanlarida institut filiallari ochilib, xorijiy tillar fakultetlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi kunda mazkur fakultetlarda uch yo‘nalish bo‘yicha 580 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Bu fakultetlar uchun ikki tumanda ham sobiq kollej binolari ajratilib, o‘tgan davr mobaynida talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun zarur sharoitlar yaratildi, talabalar turar joylari qurildi.

Bundan tashqari, ayni paytda Samarqand tumani markazi bo‘lgan Gulobod qo‘rg‘onida ham institut uchun yana bir bino ajratilib, rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Bu yerda ming o‘rinli o‘quv binosi, shuningdek, talabalar turar joylari tashkil etilmoqda.

Joriy o‘quv yili avvalida institutimizning 2 ming o‘rinli yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi. 74 milliard 287 million so‘m mablag‘ hisobidan bunyod etilgan 7 qavatli binoda 85 ta o‘quv xonasi, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan 300 o‘rinli mustaqil ta’lim xonasi, 320 o‘rinli faollar zali, axborot-resurs markazi, 2 ta sinxron tarjima amaliyoti xonasi, muzey, konferensiyalar zali hamda sport va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga mo‘ljallangan 5 ta xona mavjud. Mazkur binoda uchta fakultet talabalari tahsil olishmoqda.

Umuman, dastlab bittagina o‘quv binosida faoliyat boshlagan institutimizda hozirda o‘quv binolari soni 7 taga, talabalar turarjoylari 5 taga yetdi. Yaqin yillarda bu raqamlar yanada oshishi kutilmoqda. Buning uchun institutning iqtisodiy imkoniyatlari ham, ilmiy salohiyati ham yetarli. Bu, albatta, davlatimiz rahbari boshchiligida oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, oliy o‘quv yurtlariga moliyaviy va akademik mustaqillik berilishi samarasidir.

Qabul kvotalarining oshirilishi, institut uchun ajratilayotgan mablag‘lar, xorijiy grantlar, ta’lim jarayoni, o‘quv dasturlari bugungi kun talablari asosida yo‘lga qo‘yilgan. Ta’lim kredit-modul tizimi asosida tashkil etilgan. Boshqaruv va ta’lim tizimini raqamlashtirish maqsadida 2020-2021-o‘quv yilidan o‘quv jarayonlari HEMIS axborot-boshqaruv tizimida olib borilmoqda. Natijada o‘quv jarayoni to‘liq elektronlashtirilib, dars jadvallari, reyting daftarchasi, akademik guruh jurnali, talabalar davomati, nazoratlar jadvali, qaydnomalar, to‘lov-shartnomalari mazkur tizim orqali elektron shaklda yuritilmoqda.

Talabalarga “Yagona darcha” tamoyili asosida markazlashgan holda bir joydan xizmat ko‘rsatish maqsadida “Registrator ofisi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Talabalarga keng imkoniyat berish, ularning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Inkubation and acceleration senter” va yana boshqa qator loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.

Ta’lim sifatini oshirish va chet tillarini o‘qitishni yanada takomillashtirish maqsadida Britaniya kengashi bilan hamkorlikda PRESETT dasturi amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur bo‘yicha talabalarga zamonaviy texnologiyalar va innovatsion usullar yordamida darslar tashkil etiladi. Dars jarayonida didaktik o‘yinlar, multimedia vositalarini va internet manbalarini qo‘llash, CYeFR talablarida belgilangan to‘rt kompetensiyalarni jadal rivojlantirish maqsadida FLIPPED LEARNING, DOGME, HYBRID, “Zinama-zina”, “Charxpalak”, “3x4”, “Muammo”, “SWOT”, “FSMU”, “Muloqot”, “Skarabey” kabi yangicha pedagogik texnologiyalardan keng foydalanilmoqda. Shuningdek, ma’ruza va amaliy darslarda “Blis-so‘rov”, “Debat”, “Chorraha”, “Reja”, “Rotatsiya”, “Modellashtirish”, “Klaster”, “Muammoli vaziyat” kabi interfaol metodlar qo‘llanilmoqda.

Institutda bugungi kunda beshta yo‘nalish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot maktabi faoliyat olib boryapti. Bu institut jamoasining ilmiy salohiyati yildan-yilga oshib borayotganidan dalolatdir. Professor-o‘qituvchilar tomonidan yaratilgan ko‘plab o‘quv qo‘llanmalar, darsliklar va ilmiy maqolalarning asosiy qismi xorijiy jurnallarda nashr qilindi. Institutning o‘zida 3 ta ilmiy jurnal mavjud. Yaqinda yana 2 ta ilmiy jurnalni tashkil etish ilmiy kengash tomonidan tasdiqlandi. Endi institutimiz ilmiy jurnallari soni 5 tani tashkil etmoqda. 52 ta ilmiy ishlanmaga Intellektual mulk agentligi tomonidan mualliflik guvohnomalari berilgan.

Yoshlarning ilm-fan va innovatsiya sohasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar akademiyasi faoliyatini tubdan takomillashtirish maqsadida o‘tgan o‘quv yilida “Yoshlar akademiyasi liderlari” klubi tashkil etilgandi. Klub orqali talabalarning ilmiy sohadagi bilim va tajribalarini oshirish, ilmiy tadqiqotlar olib borishlari uchun ko‘nikmaga ega bo‘lishlariga e’tibor qaratildi. Har bir fakultetdan tanlangan nomzodlar bilan alohida-alohida ishlandi. Ularning bilim va ko‘nikmalari oshirildi. Natijada bu talabalar o‘zlarining liderlik qobiliyatlarini namoyon etib, boshqalarga namuna bo‘lib kelishmoqda.

Yaqinda institutimizda “Yosh olimlar jamiyati” tashkil etildi. Yoshlarni ilm o‘rganishga, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishlari uchun ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga imkoniyat yaratildi. “Ustoz – shogird” an’analariga asosan iqtidorli talabalar ustozlarga biriktirildi. Ayni kunlarda ilmga chanqoq va iqtidorli talabalar ishtirokida “Talabalar ilmiy konferensiyasi” tashkil etilmoqda. Unda ellik nafardan ortiq talabaning ilmiy maqolalari to‘planib, nashrga tayyorlanyapti.

– Bugungi kunda institut professor-o‘qituvchilari viloyat miqyosidagi xayrli ishlarga bosh qo‘shayotgani haqida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘qiyapmiz. Jumladan, Nurobod va Qo‘shrabot tumanlaridagi maktablarga amaliy yordam berilayotgan ekan...

– Ha, shunday. Hozirda viloyatimizning olis hududlaridagi ta’lim samaradorligi past bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim maktablariga o‘quv-uslubiy jihatdan yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Nurobod tumanidagi 16 ta maktabda institut professor-o‘qituvchilari tomonidan mahorat saboqlari tashkil etilmoqda, o‘qituvchilar tajribasi oshirilmoqda. Qo‘shrabot tumanida esa kam ta’minlangan oilalar farzandlari, xorijiy davlatlarga ishlash maqsadida ketayotgan fuqarolar uchun chet tillarni o‘qitishga mo‘ljallangan ikkita o‘quv markazi tashkil etildi. O‘quv markazlari institutimiz tomonidan jihozlar, o‘quv adabiyotlar, ko‘rgazmali vositalar, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta’minlandi. Markazlar tinglovchilariga professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan ingliz, nemis va koreys tillari o‘qitilmoqda.

– Tabiiyki, chet tillar instituti boshqa oliy ta’lim muassasalariga nisbatan ham ko‘proq xalqaro hamkorlikka e’tibor qaratishi zarur. Bu boradagi ishlar haqida nima deya olasiz?

– Dunyoning nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi institut istiqbolini belgilaydi. Hozirgi kunda institutimiz dunyoning rivojlangan davlatlari - AQSh, Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Xitoyning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik qilmoqda. Fransiyaning Puate universiteti, Ispaniyaning Kadis, Kastillya La-Mancha universitetlari, Germaniyaning Myunxen til va tarjima universiteti hamda Turkiyaning Burdur Mehmet Akif Ersoy va Hajettepe universitetlari bilan Yerasmus+ dasturining “Xalqaro kredit mobilligi” yo‘nalishlarida loyihalar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, AQSh, Germaniya, Italiya, Xitoy va Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonalari hamda KOICA, “American Council”, Toshkentdagi Gyote instituti kabi xalqaro tashkilotlar bilan ham mustahkam hamkorlik o‘rnatilgan.

2014 yilda Shanxay xorijiy tillar universiteti va Samarqand davlat chet tillar instituti o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik shartnomasiga muvofiq institutimiz qoshida Konfutsiy instituti tashkil etildi. Bu yerda har yili 100 nafardan ortiq turli yoshdagi tinglovchilar xitoy tilini o‘rganmoqda. 2017 yilning may oyida mazkur institut hamda XXRning ZTE shirkati hamkorligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan “Intellektual sinf” o‘quv xonasi, 2018 yilda esa zamonaviy “Sinxron tarjima auditoriyasi” tashkil etildi. Ayni paytda mazkur institutda 2 nafar mahalliy o‘qituvchi hamda XXRning turli universitetlari tavsiyasiga muvofiq kelgan 6 nafar xitoylik professor-o‘qituvchi samarali faoliyat olib bormoqda.

2022-2024 yillarda AQShning yurtimizdagi elchixonasi hamda Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashi bilan hamkorlikda “English Accyess Microscholarship Program” loyihasi tashkil etilgandi. Loyiha doirasida viloyatimiz shahar va tumanlaridagi maktablardan 33 nafar iqtidorli o‘quvchi tanlov asosida saralab olinib, ular uchun bepul ingliz tili kurslari tashkil etildi. Mazkur loyihada institutning 4 nafar ingliz tili fani o‘qituvchisi ishtirok etdi.

Har yili avgust oyida o‘nlab xorijlik talabalar uchun institutimizda Germaniyaning DAAD tashkiloti bilan hamkorlikda o‘zbek tili va madaniyatini o‘rgatishga qaratilgan yozgi maktab loyihasi amalga oshirib kelinmoqda.

2023-2024-o‘quv yilida turli xorijiy grantlar asosida 40 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi va 30 nafarga yaqin talabamiz xorijiy hamkor universitetlarda tahsil oldi, stajirovka o‘tadi, malaka oshirdi.

Yaqinda xorij safaridan qaytdim. Institutimiz delegatsiyasi Lotin Amerikasining eng katta va nufuzli universitetlaridan biri bo‘lgan Mexiko milliy avtonom universiteti va Meksikaning Toluka shahridagi Mexiko shtati avtonom universitetida bo‘lib, mazkur nufuzli oliy o‘quv yurtlari rahbariyati bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladik. Bundan oldinroq Yaponiyaning Nara prefekturasi gubernatori janob Makoto Yamashita hamda Nara prefekturasi universiteti prezidenti janob Okyudo Masamilar boshchiligidagi yapon delegatsiyasi Samarqand davlat chet tillar instituti mehmoni bo‘lishgandi. Delegatsiya rahbariyati bilan ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, akademik mobillikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgandi. Har uchala hamkor oliy o‘quv yurti bilan talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi hamda ilmiy-pedagogik aloqalar yo‘lga qo‘yiladi. Endi o‘qituvchilarimiz Yaponiya va Meksikada tajriba-stajirovkalarga yuboriladi, talabalarimiz akademik mobillik dasturlarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

– Har bir oliy o‘quv yurti bugun dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari reytingiga kirishni maqsad qilgan. Samarqand davlat chet tillar instituti-chi? Institutni qachon shunday ro‘yxatlarda ko‘rishimiz mumkin?

- Hozirgi kunda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari jahon ilm-fan va ta’lim makonida o‘z nufuzini oshirib bormoqda. Chunki, oliy ta’lim muassasalari muvaffaqiyatining asosiy ko‘rsatkichlari global reytingdir. Institut jamoasi reytingni ko‘tarish uchun zarur bo‘lgan talablar ustida ishlash vazifasini sidqidildan bajarib kelmoqda. Mana shu sa’y-harakatlar natijasida 2030 yilga borib Samarqand davlat chet tillar instituti xalqaro e’tirof etilgan ta’lim muassasalari reytingida 1000 talikdan o‘rin olishni maqsad qilgan. Joriy yil institutimiz Times higher education reyting tizimi natijalariga ko‘ra, 1001-1500 ga kirdi. Ishonamanki, jamoamiz xalqaro e’tirof etilgan ta’lim muassasalari reytingida 1000 talikdan o‘rin olish maqsadi yo‘lida hamjihat bo‘lib harakat qiladi.

Fursatdan foydalanib, Samarqand davlat chet tillar institutida saboq olib, ayni paytda mamlakatimiz va xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan sobiq bitiruvchilarimiz, ushbu dargohda mehnat qilgan professor-o‘qituvchilar va bugungi jamoamiz hamda barcha talabalarimizni ilm dargohimizning o‘ttiz yilligi bilan tabriklayman!

G‘olib HASANOV suhbatlashdi.