Oliy ta’limda Italiya-O‘zbekiston hamkorligi mustahkamlanmoqda
Samarqand davlat chet tillar instituti 1999 yildan buyon O‘zbekistonda italyan tili va madaniyatini o‘qitish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
O‘sha vaqtda Italiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda Massimo Toskani va Giovanna Piyera Viale Samarqandda ilk ta’lim kurslarini boshlagan edi. Bu paytda italyan tili faqat ikkinchi til sifatida o‘rgatilgan, ammo bu katta loyihaning boshlanishi, ya’ni Markaziy Osiyoda italyan tili va madaniyatiga bo‘lgan talabni qondirishga qo‘yilgan ilk qadam edi.
25 yillik faoliyatimizni birgina maqola bilan sarhisob qilish qiyin, albatta. Lekin bizning faoliyatimizda 2005 va 2016 yillar muhim yillar sifatida qaraladi. Masalan, 2005 yilda kafedramizda italyan tili birinchi til sifatida o‘qitila boshladi va Sils imtihonlari o‘tkazish uchun tayanch muassasa sifatida tan olindi. 2016 yilda institutda magistratura yo‘nalishi ochildi.
Bugungi kunda kafedramizda 11 nafar mahalliy o‘qituvchi (5 nafar doktorant va 4 nafar mustaqil tadqiqotchi) va ikki nafar italyan o‘qituvchisi faoliyat olib bormoqda. Shu bilan birga, filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishida 200 dan ortiq talaba, ikkinchi chet tili va kechki yo‘nalishlarda esa 300 nafar talaba tahsil olmoqda.
O‘qituvchi va talabalarimiz har yili Italya vazirligi (MAESI) va Italiya oliy ta’lim muassasalari tomonidan taqdim etilayotgan tanlovlarga qatnashib keladi. Tanlovda g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilarimiz xorijda bir oylik malaka oshirsa, til imtihonidan o‘tgan talabalarimiz uch oylik stajirovkaga yuboriladi.
Shuningdek, kafedramiz o‘qituvchilari darsdan tashqari tadbirlarda ham ishtirok etib kelmoqda. Masalan, kamina va Andrea Gallo tarixiy muzeydagi noyob eksponatlar haqida tayyorlangan videoni italyan tiliga tarjima qilib, muzey ilmiy fondini yana bir tilga boyitdik. Shuningdek, italiyalik sayyohlar bilan uchrashuvlar, kinoteatrda italyan tilida kino namoyishlari, dunyo bo‘ylab italyan tili haftaligi kabi tadbirlarda ham faol qatnashamiz.
2024 yilning yanvarida institut nashriyoti tomonidan roman-german tillari fakulteti, ispan va italyan filologiyasi kafedrasi o‘qituvchilari muallifligida italyan tili morfologiyasi bo‘yicha o‘zbek tilida ilk darslik chop etildi. Darslik nafaqat talabalar, balki mustaqil ravishda italyan tilini o‘rganuvchilar uchun ham qo‘llanma hisoblanadi.
Talabalarimiz ham italyan tilini yaxshi o‘zlashtirib, turli tanlovlarda yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Masalan, joriy yilning avgust oyida Italiyada 3-kurs talabasi Abdulla Lutfullayev italyan tilida she’r yozish bo‘yicha tanlovda qatnashib, 1-o‘rinni egalladi. Yaqinda 2-kurs talabasi Shuhrat Karimov oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan respublika fan olimpiadasida 2-o‘rinni oldi.
Bahora Sodiqova,
SamDChTI ispan va italyan filologiyasi
kafedrasi katta o‘qituvchisi.