Toyloq tumanida “Toyloq saxovati” meva-sabzavot festivali o‘tkazildi

Ilk bor tashkil etilgan festivalda viloyatdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalar, ko‘chatchilik xo‘jaliklari, eksportyorlar, Toyloq, Urgut, Bulung‘ur, Jomboy va Samarqand tumanlari dehqon va bog‘bonlari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Tadbir avvalida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Bo‘ronov viloyat rahbari A.Boboyevning festival ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Shundan so‘ng sohada fidoyilik ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik xodimlari, qayta ishlovchi va eksportyor korxonalar va fermerlarga viloyat, tuman hokimliklarining tashakkurnomalari topshirildi. 

Festivalning ushbu tumanda o‘tkazilgani bejiz emas. Toyloq tumanida dehqonchilik va bog‘dorchilik qadimdan xalq turmushining ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Zarafshon daryosi bo‘yida joylashgan tumanda Amir Temurning Bog‘izog‘on va Davlatobod bog‘lari bo‘lgan. Festival tumanda yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini keng jamoatchilikka namoyish qilish, dehqon va fermerlarning mehnatini e’tirof etish, o‘zaro tajriba almashish, qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilg‘or innovatsion yechimlarni targ‘ib qilishga qaratilgan. 

- Tumanimiz 27816 gektar umumiy yer maydoniga ega bo‘lib, shundan 12299 gektari qishloq xo‘jaligida foydalaniladi, - deydi tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Haydarov. – Joriy yilda tumanda 44,2 ming tonna sabza­vot, 70 ming tonna kartoshka, 17,6 ming tonna meva va 52 ming tonna uzum yetishtirildi. 2618 gektar tokzor va 881 gektar bog‘da yetishtirilgan hosilning katta qismi qayta ishlanib, 9 ming tonnasi eksportga yo‘naltirildi. 

Yillar davomida yer resurslari qisqarib, aholi soni ortib bormoqda. Bu esa tabiiyki, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, narx barqarorligiga erishishni taqozo etadi. Bunda yagona yechim, an’anaviy dehqonchilik usullarini takomillashtirib, agrar tarmoqqa ilmiy ishlanmalarni jalb etish, yiliga ikki-uch marotaba hosil olish lozim bo‘ladi. Mazkur festivalni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri ham shu. Birgina tumanimiz misolida oladigan bo‘lsak, avval bir gektar yerdan 15-20 tonnagacha kartoshka olinardi. Hozir ilmiy ishlanmalarning joriy etilishi, super elita navlar keltirib ekilishi tufayli gektaridan 45-50 tonna hosil olinmoqda. Bu esa 7-8 yil oldingi dehqonchilikka nisbatan birgina kartoshkadan 2-2,5 barobar ko‘p hosil olinayotganini ko‘rsatadi. Meva va uzum yetishtirishda ham ilgarigi bog‘larda gektariga o‘rtacha 10 tonna mahsulot olingan bo‘lsa, intensiv usuldagi bog‘lar tashkil qilingani hisobiga hosildorlik gektariga 60-70 tonnagacha oshdi. Tumanimizda uzum, meva va pomidorni qayta ishlash zavodlarimiz bor. Ular yiliga 10 ming tonnadan ortiq mahsulotni qayta ishlab, Markaziy Osiyo va MDH davlatlariga eksport qilmoqda. 

Dehqonchilikda faqat sifatli ekish emas, balki suvdan unumli foydalanishni yo‘lga qo‘yish ham muhim. Bu borada tumanda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish ko‘rsatkichi 55 foizga yetdi. Yerga munosa­batning o‘zgarishi hisobiga yiliga tumanning eksport salohiyati 10 foizga oshyapti. 

Festival doirasida olim va mutaxassislar, seleksionerlar, tajribali dehqonlar ishtirokida ilmiy konferensiya ham o‘tkazilib, sohadagi yangiliklar, hosildor navlar, xaridorgir mahsulotlar va ularni yetishtirish borasida ma’ruzalar tinglandi. 

Festivalda sabzavot va kartoshka urug‘lari navlaridan foydalanish usullari va afzalliklari bo‘yicha ko‘rgazmalar hamda turli zararkunandalardan himoya qilish texnologiyasi bo‘yicha tadqiqotlar namoyish etildi. Namoyishlarda meva-sabzavot va kartoshka mahsulotlarini sotish, qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi mahalliy va xorijiy tadbirkorlar qatnashdi. 

O‘ktam Xudoyberdiyev, 

Baxtiyor Mustanov.