Turmushni hikoyaga aylantirgan ijodkor

Pastdarg‘omlik taniqli jurnailist Tog‘aymurod Shomurodov 80 yoshini qarshiladi.

Faxriy ijodkor mehnat faoliyatini mexanizatorlikdan boshlagan bo‘lsa-da, publitsistika, badiiy adabiyotda o‘z o‘rniga ega ijodkor sifatida tanildi, elda obro‘-e’tibor topdi.

Ustoz jurnalistning ijtimoiy hayot hodisalari mahorat bilan yoritilgan maqolalari avvaliga tuman, keyinchalik viloyat gazetasi sahifalariga mazmun bag‘ishladi. Voqealar tasviri, turli obrazlar ruhiyati singdirilgan salmoqli hikoyalari “Jonning huzuri”, “Xotinidan qo‘rqmaydigan odam”, “Zamin farzandi”, “Osmon qulagan kun”, “Mungli ko‘zlar” kabi kitoblar chop etilishiga zamin hozirladi.

Salkam 40 yil "Zarafshon" gazetasi tahririyatida ishlagan faxriy jurnalist,  “Do‘stlik” ordeni sohibi T.Shomurodov bugun o‘zining 80 yoshini qarshilamoqda.

Ustozni ushbu qutlug‘ sana bilan tabriklab, ijodidan namuna havola qilamiz.

***

Yo‘qolgan halovat

Eri kundosh olib kelsa ham Sobira bunchalik kuyinmasdi. Yegani oldida, yemagani ortida, tinchgina yashayotgandi. Malik ishdan charchab kelsa-da, o‘g‘ilchasini yelkasiga opichlab o‘ynatar, Sobiraga mehr bilan boqib, ovqatini maqtab-maqtab yer, er-xotin bir-biriga xumor bilan qarab, shiringina suhbatlashib o‘tirardi.

Endi o‘sha baxtiyor kunlar qani? Xotini ham, o‘g‘li ham Malikning esiga kelmaydi. Mashina oldi-yu, es-hushi o‘shanda bo‘lib qoldi.

- O‘lar bo‘lsam, o‘lib bo‘ldim, shu mashinani deb ro‘zg‘ordan qut-baraka, fayz ketdi. Erta-yu kech ordona bilan ovorasiz. Na bir so‘m pul, na tishga bosadigan biror yegulik qolmadi. Topganingiz o‘sha arzandaga ketyapti. Hali videomagnitofon o‘rnatasizmi, hali o‘rindig‘ini almashtirasizmi, hali oynasini qoraytirib, ichini chimildiqdek bezaganingizga o‘laymi? Ularga yana bir mashinaning puli ketdi-yov!..

Mashinani hafsala bilan yuvayotgan Malik javrab, sigir sog‘ishga ketayotgan Sobiraga “Sen nimani tushunarding”, deganday yovqarash qildi-da, mashinaga o‘tirib, magnitofonni varanglatib qo‘ydi. Huzur qilib kerishdi-da, rulni u yoq-bu yoqqa burib, mamnun iljaydi: “Toychoqginamdan aylanay, mashinamisan mashina, naqd kelinchak”…

Malik ishdan qaytsa, darvoza lang ochiq. Hayron bo‘ldi.

- Sobira! Azamatjon! Hoy, qayerdasizlar?

Yo‘q, sado chiqmadi. Xonaga ko‘z yugurtirdi. Hamma narsa joyida. “E, bularga bir gap bo‘ldimi yo qo‘shnilarnikiga chiqishdimikan? Nima bo‘lganda ham darvoza-eshiklarni ochiq-sochiq qoldirmasdi”. Ko‘zi xontaxta ustidagi varaqqa tushdi. “Xatmi?”. Olib, ko‘z yugurtirdi. “Malik aka, bunday xorlikda yashay olmayman. Mashinangiz bilan yashayvering, biz ketdik. Ortimizdan borib yurmang. Sobira”.

Obbo, Malik necha yillar orzu qilib olgan mashinasi xotini bilan o‘rtasiga rahna soladi, deb o‘ylamagandi. Bir zum esankirab turdi. Borib, yalinib-yolvorib olib kelmasa bo‘lmaydi…

Tog‘aymurod Shomurodov.