Samarqandda yangi yo‘llarga bazalt metallidan yasalgan biopanjara to‘shalib, ustidan asfalt yotqizilmoqda

Samarqand shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari jarayonida Dahbed va Motrid ko‘chalarida ham 4 kilometrlik yo‘l infratuzilmasi yangilanmoqda.

Ko‘cha kengaytirilib, aholi uchun veloyo‘laklar tashkil etilmoqda. Qurilish-ta’mirlash  ishlari pudratchi «New-tech-Samarkand» MChJ ishchi-xizmatchilari tomonidan olib borilmoqda.  

 

- Mazkur ko‘chaning kengligi 18 metrdan 22 metrga yetkaziladi, - deydi korxona uchastka boshlig‘i Ilash Qarshiboyev. - Yo‘lni ikkiga ajratib turgan 3 metrlik yashil maydonchadagi daraxtlar boshqa joyga ko‘chirilib, o‘rnida temir to‘siq o‘rnatiladi. Yo‘l chetidagi ariqlar usti yopiladi. Lotoklarning har 12 metr joyidan esa yomg‘ir suvlari tushadigan teshiklar qoldiriladi va xavfsizlik ta’minlanib, usti mahkamlanadi. Shuningdek, ko‘chaning ikki tomonida 80 ta tungi yoritkich o‘rnatiladi.

Korxonaning 30 nafar ishchisi tomonidan hozirgacha velo va piyodalar yo‘lagi uchun 600 metr masofada joy tayyorlandi. Kuniga 200 metr yo‘lak joyi, 300 metr suvoqova uchun quvurlar tashlanmoqda.    

Yo‘lsozlar Samarqand shahri uchun yangilik bo‘lgan loyihaga qo‘l urgan. Ular yo‘lga bazalt metallidan yasalgan biopanjara to‘shab, ustidan asfalt yotqizishni mo‘ljallagan.

- Yo‘llarga asfalt yotqizilgach, mashinalarning og‘ir yuk bilan yuraverishi natijasida qayta ta’mirlashga to‘g‘ri kelardi, - deydi xususiy korxona ustasi Husan Rustamov. - Endi xalqaro talablar asosida amalga oshiriladigan mazkur usul yo‘lning uzoq yillar xizmat qilishida muhim omil bo‘ladi. Shuningdek, avtomashinalar va piyodalarning harakati tartibga tushadi, xavfsizligi ta’minlanadi.

Mazkur ob’yektda “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali ishchilari tabiiy gaz, «Samarqand suv ta’minoti» MChJ hamda «Suv ta’minoti va oqova suv ob’yektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DUK viloyat boshqarmasi tomonidan ichimlik suvi tarmoqlari yangilanmoqda.

- 3 kilometrdan ziyod masofadagi ichimlik suvi tarmoqlarini almashtirishni rejalashtirganmiz, - deydi «Favorit grupp» MChJ ish boshqaruvchisi Komiljon Begmatov. – Rudakiy ko‘chasidan Dahbed ko‘chasi orqali Motrid mahalla markazigacha bo‘lgan masofadagi eski quvurlar o‘rniga 325 millimetr o‘lchamdagi po‘lat quvurlar o‘rnatiladi. Hozirgacha 500 metrdan ziyod quvur ko‘milib, 134 metriga joy hozirlandi. Ishchilarimiz avtomashinalar qatnoviga xalaqit bermaslik uchun kecha-kunduz ikki navbatda ishlamoqda.

- Mazkur ichimlik suvi tarmoqlari o‘tgan asrning 60-70 yillarida qurilgan bo‘lib, quvurlar butunlay yaroqsiz ahvolga kelib qolgan edi, - deydi «Suv ta’minoti va oqova suv ob’yektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DUK viloyat boshqarmasining texnik nazoratchisi O‘ktam Normurodov. – Natijada toza suvning 50 foizi yo‘qotilardi. Yangi o‘rnatilayotgan po‘lat quvurlar 50 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, mashinalarning harakati natijasida yuzaga keladigan deformatsiyaga dosh beradi. Quvurlar zamonaviy loyihalar asosida 2,-2,5 metr chuqurlikda o‘rnatilmoqda.

Suvsozlar 1,2 milliard so‘mlik loyihaga ko‘ra o‘z ishlarini muddatidan oldin, ya’ni joriy yilning uchinchi choragida yakuniga yetkazishni maqsad qilishgan.

Ob’yektda «O‘zbektelekom» aksiyadorlik jamiyatining Samarqand shahar telekommunikatsiya bog‘lanmasining Sh.Alimov boshchiligidagi quruvchilar brigadasi ham mehnat qilmoqda.

Aloqachilar Motriddan Qorasuv massivigacha bo‘lgan 3,5 kilometr masofaga optik tolali kabel tortish ishlarini boshlagan. Bir oy muddatda o‘z ishini yakunlashni ko‘zlagan quruvchilar tomonidan hozirgacha qariyb 1000 metr masofada joy kovlanib, aloqa kabellari yotqizildi.

Dilmurod To‘xtayev.

***

Husan Eltoyev olgan suratlar.