Qanday avtomobil turar joylari soliqqa tortiladi?

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan joriy yilning 1 yanvaridan boshlab ko‘p kvartirali uylarga bevosita bog‘liq bo‘lgan avtomashina turar joylari jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq ob’yektiga kiritilgani muhokama qilinmoqda.

Ta’kidlash joizki, bu kabi ob’yekt soliq bazasiga nisbatan 0,23 foiz miqdoridagi soliq stavkasida soliqqa tortiladi.

Ushbu me’yor amaliyotda ko‘p qavatli uylarning yer osti qavatida joylashgan avtomashina turar joylariga kadastr qiymati belgilangan holda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishi sababli aniqlashtiruvchi xususiyatga ega. Masalan, avtomashina turar joy kadastr qiymati 12 million so‘m miqdorida belgilangan. Ushbu kadastr qiymatiga nisbatan 0,23 foiz miqdorida soliq stavkasi qo‘llaniladi. Natijada bir avtomashina turar joyi uchun yillik jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i summasi 27,6 ming so‘mni tashkil qiladi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, bugungi kunda jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan garajlar yer solig‘i va mol-mulk solig‘iga tortilmoqda. Mazkur norma turar joyi hovlisida o‘zining avtomashinasi uchun joyni obodonlashtirishga qaror qilgan jismoniy shaxslarga, yuridik shaxslarning avtotransport vositalarini saqlash xizmati (pullik avto turargoh)dan foydalanuvchi jismoniy shaxslarga nisbatan tatbiq qilinmaydi. Ushbu holatda yuridik shaxs soliq to‘lovchi sanaladi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.