Mashinangiz shinalari sirpanchiq yo‘lda harakatlanishga javob beradimi?
Mana, qish ham boshlandi. Harorat keskin pasayib, qor yog‘yapti, yo‘llar muzlayapti. Bunday paytda tajribali haydovchilar avtomobillariga maxsus qishki shinalar o‘rnatgan, avtomobilning eskirgan disklarini yangisiga almashtirgan. Lekin hamma haydovchilar ham bu ehtiyotkorlik chorasini ko‘rmagan-da.
Mavsumga qarab tanlangan g‘ildiraklar yo‘llarda avtomobil narxi yoki haydovchi mahoratidan qat’iy nazar, asosiy xavfsizlik vositasi sanaladi. Savolimiz shu: sizning avtomobilingiz qishki mavsumga va yo‘llarda bexavotir harakatlanishingizga tayyormi?
- Tan olish kerak, bugun mashina minib yurganlarning barchasi ham qishga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rishmaydi, - deydi «Samarqandavtotexxizmat» aksiyadorlik jamiyati bosh muhandisi Sharofiddin Pardayev. – Bilganlari esa faqat shina va antifrezni yangilasa bo‘ldi, deb o‘ylashadi. Uyda mustaqil ravishda mashinaning pechkasi va ventelyatori ishlayotganiga ishonch hosil qilishingiz lozim. Shinalarini qorda yurishga mo‘ljallangan shinalarga almashtiring. Shuningdek, dvigatel moyi va antifrezini yangilang. Oyna tozalagich, tormoz tizimi (kolodka) va uzatmalar qutisini yaxshi ishlayotganini tekshirib ko‘ring. Eshik qulflarini sovuq haroratga chidamli bo‘lgan polimer silikon moy bilan ishlov bering. Suv aylanishi to‘xtab qolmasligi uchun drenajlarni tozalang.
Agar mashinadan qishda ko‘p foydalanilsa, albatta loy bo‘ladi. Yuvayotganda kimyoviy moddalardan kamroq foydalaning. Chunki bo‘yoqlar tashqi plastik qismlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Iloji bo‘lsa, qishda ushbu protseduradan voz kechib va mashinani korroziyaga qarshi aralashma va vositalar bilan himoya qilgan yaxshiroq.
Avtomobilni past haroratda va ochiq havoda yuvmaslik kerak. Aks holda, bu holat bo‘yoqning shikastlanishiga va keyinchalik kuchli zanglanishiga olib keladi. Shuningdek, oynada yoriqlar ham paydo bo‘lishi mumkin.
Aslida avtomobilingizni qish mavsumiga ishonchli qilib tayyorlamoqchi bo‘lsangiz, hududingizdagi avtoservislarga murojaat qilib, texnik tayyorgarlikdan o‘tkazganingiz ma’qul.
Bugun bozorlarda avtohavaskorlarni bir qarashdayoq o‘ziga jalb qiluvchi shina, disk va boshqa turdagi ehtiyot qismlarni istagancha uchratish mumkin. Ammo, nima bo‘lganda ham shaxsiy avtomobil uchun jihozlarni eng ishonchli va sinovdan o‘tganlarini xarid qilgan ma’qul.
Dilmurod To‘xtayev.