Samarqand yo‘llarida boshqaruv avtomatlashadi

Yo‘llarda tirbandliklar ko‘p, avtohalokatlar kamaymayapti. Achinarlisi, bu holat insonlar o‘limiga sabab bo‘lyapti. Ommatan bunga ichki ishlar idoralarining yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarini ham aybdor sanaymiz.

Ular tomonidan yetarlicha ish qilinmayapti, degan e’tirozlar kuzatiladi. Haqiqatda shundaymi, buni bilishga harakat qildik. Va shu maqsadda viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Boyxo‘rozovdan bir nechta savollarimizga javob oldik.

- Davlat rahbari 2022 yil fevral oyida bir oy muddatda viloyat markazlarida yo‘l harakatini boshqarish va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi konsepsiyalar ishlab chiqish topshirig‘ini bergandi. Bu borada viloyatimizda qanday ishlar amalga oshirildi?

- Topshiriq asosida Samarqand shahrida harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l harakatini tashkil qilishga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida investor tomonidan texnik vositalarni (interaktiv yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlari, yo‘l chiziqlari, elektron tablolar, svetofor qurilmalari va boshqalar) o‘rnatish bo‘yicha taklif kiritildi.

Hududni atroflicha o‘rganish maqsadida joriy yilning may-iyun oylarida «Atlas International» kompaniyasi mutaxassislari Samarqand shahriga keldi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, 3881 ta yangi yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlarini o‘rnatish, 50 kilometr uzunlikdagi yo‘llarda yotiq yo‘l chiziqlarini chizish, 54 ta chorrahadagi 504 ta transport va 318 ta piyodalar svetofor qurilmalarini yangilash, shuningdek, yagona boshqaruv tizimiga integratsiya qilish uchun svetofor ob’yektlariga shisha tolali kabellarni tortish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Samarqand shahrida 16 ta ko‘chaning umumiy uzunligi 56,8 kilometr yo‘llari va 54 ta chorrahani masofadan boshqariladigan yagona tizimga ulash, 3881 ta intensiv nur qaytaruvchi yangi yo‘l belgilari o‘rnatish, 54 ta svetofor simlarini yer ostidan o‘tkazish ishlari amalga oshiriladi.

- Shu o‘rinda savol tug‘iladi, Samarqand shahridagi svetoforlarni viloyat IIBdagi situatsion markaz orqali boshqarishni yo‘lga qo‘yish uchun qanday muammolar mavjud? Masalani hal qilish – svetoforlarni masofadan boshqarish, u yerdagi real holatni kuzatib turishni yo‘lga qo‘yish uchun qanday amaliy ishlar qilindi? Galdagi rejalar qanaqa?

- Samarqand shahri ko‘chalarida tirbandliklarning oldini olish, harakatni zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida boshqarish maqsadida joriy yilning may oyida 7 ta chorrahada o‘rnatilgan svetodiodli svetoforlar yechib olindi. Ularning o‘rniga Germaniya-O‘zbekiston «Atlas International» xorijiy qo‘shma korxonasi tomonidan olib kelingan, Shveysariya davlatida ishlab chiqarilgan, yangi «SWARCO» rusumli svetofor qurilmalari o‘rnatilib, alohida imkoniyatlarga ega boshqaruv apparatlari o‘rnatildi. Mazkur svetofor ob’yektlarini kuzatish, boshqarish va nazorat qilish maqsadida viloyat IIB YHXBda tashkil etilgan situatsion markazga ulandi.

Kelgusida shahardagi yana 47 ta chorrahada ayni shunday svetoforlar o‘rnatish rejalashtirilib, bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

- Samarqand shahrida tirbandliklarning katta qismi svetoforlar ishlamay qolishi oqibatida yuzaga keladi. Sovuq tushishi bilan har yili kuzatiladigan bu holat nega svetoforlarni muqobil yoqilg‘i turlariga, deylik, quyosh panellari, elektr energiyasi saqlovchi qurilmalarga o‘tkazish orqali hal etilmaydi?

- Albatta, bu masala ko‘rib chiqilyapti. Misol uchun, ayni vaqtda Farg‘ona viloyatidagi «Oltiariq dizayn» xususiy korxonasi bilan hamkorlikda svetofor ob’yektini muqobil energiya bilan ta’minlovchi quyosh panelli 24/7 ga o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bitta chorrahadagi svetofor ob’yektini muqobil elektr energiyasiga o‘tkazish uchun qariyb 24 million so‘m mablag‘ talab etiladi.

Bugungi kunda ushbu korxona tomonidan Farg‘ona viloyatida muqobil elektr energiyasi bilan ishlovchi svetofor sinovdan o‘tkazilmoqda. Ijobiy natijalar olingandan so‘ng tajriba respublika miqyosida joriy etiladi.

- Ko‘chalar, ayniqsa, xalqaro va davlat ahamiyatidagi yo‘llarda sodir bo‘layotgan transport hodisalarining aksariyati tezlikka rioya qilmaslik bilan bog‘liq. Bunda avtoulovlar tezligini o‘lchash va qoidabuzarliklarni qayd etish vositalari muhim ahamiyatga ega. Shu sababli ayni masalada davlat-xususiy sherikligi uchun barcha imkoniyatlar yaratildi. Biroq uning natijasi ko‘rinmayotgandek. Siz nima deysiz?

- Viloyatimizda 4097 kilometr avtomobil yo‘llari, jumladan, 5 ta xalqaro ahamiyatdagi 385 kilometr, 29 ta davlat ahamiyatidagi 979 kilometr hamda 202 ta mahalliy tipdagi 2733 kilometr yo‘llar mavjud.

Amaldagi tartib asosida xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarida transport vositalarining tezligini qayd etuvchi 27 ta maxsus avtomatlashtirilgan dasturiy-texnik vositalar (radar) o‘rnatilgan. Hozirgi kunda ularning 15 tasi ishchi holatda, 12 tasi esa viloyat va respublika monitoring markazlariga integratsiya qilish jarayonida.

Bundan tashqari, viloyat bo‘yicha qoidabuzarliklarni qayd etuvchi 71 ta maxsus avtomatlashtirilgan dasturiy-texnik vositalar o‘rnatilgan. Jumladan, Samarqand shahridagi 14 ta chorraha va 1 ta yo‘l yoqasida 53 ta kamera mavjud.

Mazkur vositalarning 32 tasi ishchi holatda, 39 tasi esa viloyat va respublika monitoring markazlariga integratsiya qilish jarayonida.

- Davlat rahbari haydovchining intizomiga qarab, uni o‘qitgan avtomaktab faoliyatiga baho berilishini bildirgandi. Bu borada nima yangiliklar amalga oshirildi?

Umuman, yo‘llardagi transport hodisalari aksariyat hollarda haydovchilarning ta’lim va madaniyati bilan bog‘liqligini o‘zingiz ham ko‘p bora ta’kidlagansiz. Biroq haydovchilik guvohnomasi berish tizimida o‘zgarish ko‘zga tashlanmayapti. Saytimizda bu boradagi firibgarliklar bilan bog‘liq xabarlar berildi.

Mas’ul idora sifatida o‘qitish va imtihon olish sifatini yaxshilash uchun nima ishlar qilinyapti?

- Yil boshidan buyon boshqarma hamda joylardagi ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limlarining xodimlari tomonidan reja asosida haydovchilarni tayyorlash hamda qayta tayyorlovchi ta’lim muassasalarida 314 marta tekshiruv o‘tkazildi. Bunda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 96 ta o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish vaqtincha to‘xtatildi.

Xususan, Samarqand tumanida joylashgan haydovchilikka nomzodlardan amaliy imtihonlar oladigan YHXB 2-TRO‘ va IO bo‘linmasi ma’muriy hududidagi avtodrom Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 maydagi 272-sonli qarori talablari darajasida emasligi bois talab asosida to‘liq qayta jihozlangunga qadar imtihon olish to‘xtatilgan.

Bugungi kunda haydovchilikka nomzodlardan inson omilisiz nazariy va amaliy imtihon olishni ta’minlash maqsadida Past Darg‘om tumani hududida imtihon markazi qurilmoqda. Yil oxirigacha qadar qurilish yakunlanib, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati monitoring markaziga integratsiya qilingandan so‘ng foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Yoqubjon Marqayev suhbatlashdi.

***

Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.