Samarqandda yo‘llardagi halokatlar o‘rtacha 100 ming nafar aholiga nisbatan 1,7 tadan to‘g‘ri kelmoqda

Bu haqda viloyat IIB YHXB boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi, podpolkovnik Ahmad Jo‘rayev ishtirokida o‘tgan matbuot  anjumanida aytildi.

Qayd etilishicha, yo‘l-transport hodisalarining 32 tasi yoki 55 foizi piyodalarni urib yuborish bilan bog‘liq bo‘lgan. Shuningdek, 16 holatda to‘qnashuv, 7 tasida velosipedchini urib yuborish qayd etilgan.

Joriy yilning ikki oyida qayd etilgan mazkur yo‘l-transport hodisalari kelib chiqish sabablariga ko‘ra, 24 tasi belgilangan tezlikka rioya qilmaslik, 11 tasi yo‘nalishni keskin o‘zgartirib yuborish, 9 tasi piyodalarni belgilangan joydan o‘tkazmaslik, 7 tasi oraliq masofani saqlamaslik oqibatida sodir etilgan.

Shuningdek, 6 holatda piyodalarning qoidabuzarligi, 4 holatda esa avtotransport vositalarining qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat IIB YHXB YPX otryad inspektorlari 103 ta transport vositasi bilan ikki smenada xizmati olib bormoqda. Xodimlarning kundalik xizmat faoliyati markazlashgan serverga ulangan bodikameralar, xizmat transportlariga o‘rnatilgan JPRS vositalari orqali nazorat qilib boriladi.

Yo‘l harakati ishtirokchilarining qoidabuzarliklarini aniqlash, bunda inson omilini cheklash maqsadida 29 ta onlayn rejimida ishlaydigan fotoradar hamda 10 ta statsionar PDD uskunalari mavjud.

Ayni paytda Germaniyadan keltirilgan 5 ta mobil “ATLAS Kobalt” radarlaridan ham foydalanilmoqda. Birgina mazkur vosita yordamida 59 696 ta qoidabuzarlik aniqlanib, 1 mlrd. 621 mln. 80 ming so‘m jarima belgilangan.

Olib borilgan bu kabi ishlar va kuchaytirilgan reyd tadbirlari natijasida yo‘l-transport hodisalarining soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaygan.

Xususan, umumiy yo‘l-transport hodisalari 66 ta qayd etilib, 2021 yilning shu davridagidan 81 yoki 56 ta kam sodir etilgan. Bunda 52 nafar shaxs tan jarohati olib (2021 yilda 125 nafar), 31 nafar shaxs (2021 yilda 40 nafar) halok bo‘lgan.

Yo‘l-transport hodisalarining 12 tasi (2021 yilda 24 ta) bolalar ishtirokida yuz bergan.