Yo‘l harakati bo‘yicha belgilangan jarimalar miqdori kamaytiriladi
“Adolat” SDPning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasida yo‘l harakati sohasidagi ayrim huquqbuzarliklar uchun belgilangan jarimalar miqdorini kamaytirish taklif qilindi.
Xususan, transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarga Bluetooth, quloqchin kabi qo‘lni band qilmaydigan aksessuarlardan foydalangan holda telefonda gaplashishga ruxsat berilmoqda. Shuningdek, transport vositasi salonining old qismiga o‘rnatilgan monitor uchun ham javobgarlik bekor qilinmoqda.
Bundan tashqari, tezlikni oshirib yuborganlik uchun radarlar qayd etgan tezlikdan soatiga 5 km ayirib tashlagan holda javobgarlikka tortish taklif qilinmoqda.
Shuningdek, haydovchilardan “prava”, texpasport, sug‘urta polisi kabi hujjatlarni yonida olib yurish talab qilinmaydi. Faqat biometrik pasport yoki ID-karta yetarli bo‘ladi. Haydovchining transport vositalarini boshqarish huquqi bor yoki yo‘qligi DYHXX xodimi tomonidan elektron tizim orqali mustaqil tekshiriladi.
Qonun loyihasiga qo‘shimcha ravishda deputatlar tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-3-moddasi (Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi) 2-qismi sanksiyasidagi jarima miqdorini amaldagi BHMning 5 baravari o‘rniga 3 baravar qilib belgilash taklifi bildirildi.