Endi "radar"da qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishi haqidagi ma’lumot rasmiy shaxsga 48 soatda yuborilmasa, ma’muriy huquqbuzarlik ishi yuritilmaydi
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, kichik hajmli elektr dvigatelli transport vositalarini va individual harakatlanish vositalarini boshqarish vaqtida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishi to‘g‘risidagi ma’lumot jarima solish haqida qaror chiqarishga vakolatli bo‘lgan shaxsga 48 soat ichida yuborilmagan taqdirda, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish yuritilmasligi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, tez tibbiy yordam hamda yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari transport vositalaridan foydalangan holda sodir etilgan qoidabuzarliklar yuzasidan ma’muriy ishlarni ortiqcha qog‘ozbozlikni bartaraf etish maqsadida tugatish tartibi joriy etiladi.