Davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish qanday oqibatga sabab bo‘ladi?
Aksariyatimizda bunday holat uchun javobgarlik belgilanganini bilamiz, ammo bunday normalar amalda ishlashi to‘g‘risida tasavvurimiz yo‘q.
Samarqand tumanidagi mahallalardan birining raisi ham shunday o‘ylagani aniq. Basharti shunday bo‘lmaganida joriy yilning oktyabrida u raislik qiladigan mahalla binosida o‘rnatilgan bayroq rangi o‘chib, yaroqsiz holga kelib qolganligi, davlat ramzlariga hurmatsizlik qilganligi aniqlanmagan bo‘lardi.
Sud uni MJtKning 203-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topdi va unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari, ya’ni 375 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinladi.
Aslida qonunchilikda MJtKning 203-1-moddasida davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun fuqarolarga BHMning 1 baravarigacha, mansabdor shaxslarga 3 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima solish mumkinligi belgilangan.
Samarqand viloyati sudlari tomonidan 10 ga yaqin ana shunday ishlar ko‘rib chiqilgan.
Ochiq manbalarda sud qarorlariga ko‘ra, davlat bayrog‘ini ifloslangan holatda, yaroqsiz va yirtilgan ko‘rinishda, o‘z sifatini yo‘qotgan tarzda saqlab kelganligi, shuningdek belgilanmagan joylarga to‘shab qo‘yganligi aniqlanib, jazo muqarrarligi tam’minlangan.
Misol uchun, Payariq tumanidagi bir maktab direktorining o‘rinbosariga davlatimiz ramzi hisoblangan bayroq belgilangan tartibda o‘rnatilmasdan xonalarning biriga yerga to‘shalib, tartibsiz xonada saqlanib kelinayotganligi uchun 1 million so‘mdan ko‘proq jarima tayinlangan.
Tumandagi yana bir shunday holat uchun maktab direktoriga jarima qo‘llanilgan.