MIB: "Tezlikni ayamay oshirgan haydovchidan jarima ham "ayamay" undiriladi"

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari hamda viloyat IIB JXX YHXB vakillari hamkorligida "AutoCon" tadbirlarida ma’muriy jarimalari mavjud bo‘lgan avtomashinalarni aniqlash va ularni vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Aniqlanishicha, "Nexia 3" avtomobili haydovchisining 71 ta ma’muriy jarima hamda 3 ta boshqa turdagi qoidabuzarliklari bo‘lsa-da, ularni o‘z vaqtida to‘lamagan va uning qarzdorligi 26 mln. so‘mni tashkil etgan.

Hozirda, avtomashina Nurobod tuman hududidan topilib, vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Barcha jarimalar to‘langandan so‘ng, avtotransport vositasi jarima maydonchasidan chiqarilishi, aks holda, auksion savdolariga qo‘yilishi tushuntirilgan.

Eng muhim vazifa – inson ulovda yurganida o‘zi va o‘zgalarni xatarga qo‘ymasligi, piyodalar, yo‘lovchilar va boshqa haydovchilar hayotiga xavf solmasligi kerak. Buning uchun esa yo‘l harakati ishtirokchilarining barchasi qoidalariga qat’iy rioya qilishlari lozim bo‘ladi, deyiladi, byuro viloyat boshqarmasi xabarida.