Davlat ramzlariga nega hurmatsizlik qilyapmiz?
Davlatimiz ramzlarida xalqimizning sha’ni, g‘ururi, or-nomusi, tarixiy xotirasi va orzu-umidlari aks etgan. Biroq keyingi paytda davlatimiz ramzlariga hurmatsizlik qilinayotganiga tez-tez guvoh bo‘lyapmiz.
Madhiyani tinglashning ham qoidasi bor
Amerikada yashaydigan tanishimning aytishicha, AQSh oilalarida ertalabki nonushta yoki kechki ovqat paytida televizorda gimn ijro etilsa, hamma o‘rnidan turib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, birgalikda kuylar ekan. Chunki bu yurtga, millatga hurmat belgisi hisoblanarkan. Biz esa madhiya tinglashni oddiy holdek qabul qilamiz. Hatto madhiya yangrasa ham unga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatamiz.
Yaqinda oliygoh bitiruvchilariga diplom topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirlarning birini yoritdik. Unda bitiruvchilarning ota-onalari va yaqin qarindoshlari ham ishtirok etdi. Tadbir boshlanishidan oldin boshlovchi hamma joyini egallashini va birozdan keyin davlat madhiyasi yangrashini e’lon qildi. Madhiya boshlangandan so‘ng tadbir ishtirokchilarini suratga olar ekanman, kimdir telefonda yoki o‘zaro gaplashayotgani, birov ko‘ksiga qo‘lini qo‘ymagani va yana kimdir orqada o‘tirib olganiga guvoh bo‘ldim.
Aytish joizki, bu yerda faqat odamlarning emas, balki tadbir tashkilotchilarining ham aybi bor. Tadbirlarni tashkil etishdan oldin milliy mentalitetimizga putur yetkaziladigan jihatlar e’tiborga olinishi va oldindan bu haqda o‘ylanishi kerak. Zotan, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi Qonunning 7-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ko‘pchilik huzurida ijro etilganda, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, hozir bo‘lgan kishilar madhiyani tik turib va o‘ng qo‘l kaftini ko‘krakning chap tomoniga qo‘yib, harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qo‘lini bosh kiyimiga qo‘yib tinglaydi», deb belgilab qo‘yilgan. Afsuski, keyingi paytda bu qoidalarga amal qilinmayapti va nafaqat davlatimiz madhiyasi, balki davlatimiz gerbi hamda bayrog‘iga ham hurmatsizlik ortib bormoqda.
Davlatimiz ramzlari milliy valyutaga oyoqosti qilish uchun tushirilmagan
Gerb — bu bir davlatni boshqalardan ajratib turadigan nishoni, ramzi va timsolidir. Gerb qaysi davlatga tegishli bo‘lsa, o‘sha davlatning tarixiy an’analarini ifodalovchi ramziy ahamiyatga ega bo‘lgan tasvirlar yig‘indisidan iborat. Mamlakatimiz gerbidagi har bir rang, chiziq, belgi chuqur ramziy ma’noga ega. Jumladan, gerbning pastki qismida, davlat bayrog‘ini eslatuvchi chambar bandida zarhal harflar bilan barchamiz uchun aziz va muqaddas bo‘lgan «O‘zbekiston» so‘zi bitilgan. Davlat bayrog‘i esa bir parcha mato emas. U jasorat, or-nomus, shon-sharaf belgisi, mustaqilligimiz timsoli, unda o‘zligimiz mujassam. Ana shularning barchasi milliy valyutamizda ham aks etgan, ya’ni pulda davlatimiz ramzlarining tasviri tushirilgan.
Achinarlisi, so‘nggi vaqtlarda to‘y-hasham va shunga o‘xshagan tadbirlarda urfga aylangan illat - pul sochish davlatimiz ramzlari oyoq osti qilinayotgani, obro‘si to‘kilayotganini ko‘rsatmoqda. Umuman, to‘ylardagi dabdababozlik, isrofgarchilik, pul sochish holatlari haqida ko‘p gapiriladi va masala dolzarb muhokamalarga ham sabab bo‘ladiyu, o‘t olmagan cho‘g‘day tutab-tutab yana o‘chib qoladi. Pullarga yozish ham ramzlarimizga bo‘lgan hurmatsizlikdir.
Xo‘sh, davlat ramzlariga hurmatsizlik uchun qonunchiligimizda qanday javobgarlik bor?
Jinoyat kodeksining 215-moddasi «Davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish» deb nomlanadi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish - eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi”.
«Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks»ning 2031-moddasi «Davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish» deb nomlanadi. Unga ko‘ra: O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima qo‘llaniladi.
Qonunchilikda javobgarliklar belgilangan, ammo to‘yda pul sochib, davlatimiz ramzlarini oyoq osti qilgan, tadbirlarda davlat madhiyasiga mensimay hurmatsiz munosabatda bo‘layotgan shaxslarga nega jazo qo‘llanilmayapti? Aslida yurtini, xalqini sevgan, uning kelajagi uchun qayg‘urgan odam davlat ramzlariga hurmatsizlik qilmaydi. Befarq insonlar esa har bir jamiyatda uchraydi, lekin jamoatchilik nazorati o‘rnatilsa, qonunlar ishlasa, ularni ham to‘g‘ri yo‘lga boshlasa bo‘ladi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.