Deputatlar yo‘l harakati sohasidagi ayrim jarimalarni kamaytirmoqchi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Deputatlar “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilishdi.

Yangi qonun loyihasida bir necha jarimalar mikdorini kamaytirish nazarda tutilgan. Masalan, muddati o‘tgan sug‘urta polisi yoki unda qayd etilmagan shaxsning avtotransportni boshqarganligi, sug‘urta polisiga ega bo‘lmaganlik, pasport tizimi koidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori ikki baravarga (122,5 ming so‘m) kamaytirilmoqda.

Shuningdek, kodeksdagi ayrim javobgarliklar miqdori ham bugungi kun talabi va xavflilik darajasiga mos emas. Shundan kelib chiqib, yangi qonun loyihasida haydovchilarga «bluetooth», quloqchin va qo‘lni band qilmaydigan boshqa vositalardan foydalanishga ruxsat berilmoqda. Monitor o‘rnatganlik uchun ham javobgarlik bekor qilinyapti.

Shu bilan birga, transport vositasini boshqarishda zarur bo‘lgan hujjatlar haydovchi yonida bo‘lmasa, uning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjati asosida transport vositalarini boshqarish huquqi beriladigan bo‘lyapti. Bunda ushbu hujjatlarning mavjudligi yo‘l nazorati xodimi tomonidan elektron tizim orqali tekshirilishi belgilanmoqda.