Zarafshonbot’ga murojaat: O‘zim bo‘lmagan joy — Namangandan “tezlikni oshirganim uchun” jarima qog‘ozi keldi

Bundan oldin ham fotoradarlar xato qilishi haqida eshitgandim, ammo ishonmasdim. Bugun o‘zimga jarima xati kelgach amin bo‘ldim.

Unda shunday yozilgan:

“Men Namangan viloyati Pop tumani IIB YHXB inspektori Abduvohidov Islombek Atxamjon o‘g‘li maxsus avtomatlashtirilgan foto va video moslamalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishi tafsilotlarini ko‘rib chiqib, quyidagilarni aniqladim:
2022 yil 4 yanvar kuni soat 21:37da Namangan viloyati Namangan shahri I.Karimov ko‘chasi yo‘nalishida Samarqand viloyati Samarqand shahri 29-daha 1/56 da ro‘yxatda turuvchi Mamarasulov Shohruh Faxriddin o‘g‘li fuqaro “MATIZ” rusumli 30P 369 PA davlat raqam belgili transport vositasida 70 km/s tezlik chegaralangan joyda 91 km/s tezlikda harakatlanib kelgan. Bu bilan O‘zbekiston Respublikasi MJTKning 128X3 moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etgan”.

Aslida esa o‘sha kuni o‘zimga tegishli “Matiz” rusumli avtomashinam bilan Samarqand shahri hududidan chiqmaganman. Buni shahardagi musiqa va san’at maktabi videokuzatuv kamerasidagi tasvirlar ham isbotlaydi.

Qolaversa xatga tushgan suratda mashina “Matiz”ga o‘xshamaydi, nazarimda. Bu kabi xatoliklar bilan fuqarolar asabbuzarliklarga, ortiqcha vaqt yo‘qotishlarga uchrayapti.

Men va men kabilar duch kelgan bu muammoni kim hal qiladi? Xato qilgan fotoqurilma va xat yo‘llagan inspektorga ham chora ko‘riladimi?

Shohruh Mamarasulov, Samarqand shahri.