Yo‘lovchi daftaridan: "Nega haydovchiga yordam bermadim?"
Uyga qaytayotsam, bir “Neksiya 3”ning old g‘ildiragi ariqqa tushib ketganini ko‘rdim.
Oldindan ketayotgan mashina to‘xtadi, men ham to‘xtadim. Orqadan yana bir mashina to‘xtadi.
Bir ovozdan chiqarvoramiz degan to‘xtamga keldik. Ammo haydovchi jim o‘tiribdi. Borib oynasini taqillatdim, harakat yo‘q.
Eshikni ochganimni bilaman, aroq hidi gupillab urildi. “Mashinadan tushing, ichgansiz shekilli” desam, “Yo‘q, ichmaganman” deb tushdi-da, “Oldinga itaramiz” dedi. “O‘zi old g‘ildirak ariqda bo‘lsa, qanaqasiga oldinga itarish mumkin”, desak, jim bo‘pqoldi.
Holati shu darajadaki, vaziyatni tushuna olmayapti. Shu payt evakuator kelib, haydovchi mashinani tortish uchun arqon bilan tushib keldi.
“Neksiya” haydovchisining ahvolidan kelib chiqib, mashinani chiqarmaslikka qaror qildik. Borib biror piyodani yoki mashinani urib yuborishi ham hech gapmas. Bizning gaplarimizni eshitib, haydovchi yo‘lning narigi tomoniga o‘tib keta boshladi.
Mana shunaqalarning dastidan kimningdir joniga, kimningdir moliga zarar yetyapti.
Muhammad Temur A’zam