Samarqandning barcha tuman va shahar markazlarida “Salomatlik yo‘laklari” tashkil etiladi

Endi Samarqand viloyatinig shahar va tuman markazlaridagi markaziy ko‘chalarda va turistik ob’yektlarga olib boruvchi yo‘llarda yurish va velosport uchun “Salomatlik yo‘laklari” tashkil etiladi.

Bu bo‘yicha loyiha ishlab chiqilib, 2021 yil oxirigacha ishlar amalga oshirilishi rejalashtirildi. Loyihada mavjud piyodalar yo‘laklarini yangilash, kengaytirish orqali turli yoshdagi piyodalar uchun hamda velosipedda yuruvchilarning xavfsiz va to‘siqsiz harakatlanishiga sharoit yaratiladi.

– Ushbu ishlar viloyatimiz aholisini sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish hamda ularning jismoniy tarbiya va sport bilan doimiy shug‘ullanishi uchun amalga oshirilmoqda, – deydi viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziyev. – Zamonaviy yurish va velosport yo‘laklaridan tashqari, kelgusi yillarda stritbol, badminton, «workout» sport turlarini o‘zida mujassam etgan sport maydonchalari ham tashkil etiladi. Misol uchun, Samarqand shahrining Orzu Mahmudov, Shohruh Mirzo, Amir Temur ko‘chalari hamda Universitet xiyoboni bo‘ylab 36,5 kilometr masofada shunday yo‘laklar tashkil etiladi.

Viloyatning shahar va tuman markazlarida piyoda va velosipedda yurish uchun 104,35 kilometr masofada “Salomatlik yo‘laklari”, 109,84 kilometrlik “Velosiped yo‘laklari” tashkil qilinadi. Bulardan tashqari, viloyat bo‘yicha 56 ta Workout, 33 ta stritbol, 32 ta badminton sport maydonchalari hamda 60 ta mini futbol o‘yingohlari barpo etiladi.

Husan ELTOYeV.