Piyodalar yo‘laklari savdo maydoni emas

2021 yil yakuni bilan viloyatimizning barcha shahar va tumanida salomatlik yo‘laklari foydalanishga topshirildi. Birgina Samarqand shahrining o‘zida 30 kilometrdan ziyod shunday yo‘laklar qurildi.

Universitet xiyoboni, Beruniy, Rudakiy ko‘chalaridagi piyodalar yo‘laklari talab darajasida qurilgan. Qizil va kulrang toifaga bo‘lingan yo‘laklarda nafaqat piyodalar, balki velosipedchilarni ham ko‘rish mumkin. Biroq Dahbed ko‘chasidagi 1-hammom ro‘parasida piyodalar yo‘lagini kovlayotgan shaxslar bizning savollarimizga javob berishni istamadi.

- Yangi qurilgan yo‘lakni buzib, rasvosini chiqarishdi, - deydi "Dahbed" mahallasida istiqomat qiluvchi Rahmon Usmonov. – Ularga bu ishlari yaxshi emasligini aytganimizda, biz ruxsat olganmiz, deya ishlarini davom ettirishyapti. Mahalla ichkarisiga ichimlik suvi va oqova tarmoqlari tortish uchun 1 metr chuqurlikda xandaq qazilmoqda. Qancha mablag‘ sarflanib qurilgan-ku   axir, buzib ketaverishadimi? Buning uchun kim javob beradi?         

Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yaqin hududdagi piyodalar yo‘laklariga yondosh tor ko‘chalarning asfalt yoki beton bilan qop­lanmaganligi sabab abgor ahvolga kelib qolgan. Ko‘chaga tutash tosh-tuproq yo‘llar yomg‘ir yoqqach, loy va balchiqqa aylanibdi. Shuningdek, beton ariqchalar qurilish chiqindilari, barg va shox-shabbalar bilan to‘lishi tufayli suv yo‘lini to‘sib qo‘ygan.

Dahbed ko‘chasida joylashgan 6-umumta’lim maktabi yonidagi kanalizatsiya qudug‘ining qopqog‘i yo‘qligi e’tiborimizni tortdi. Ochiq quduqqa kimdir belgi sifatida yog‘och tiqib qo‘yibdi.

Yomg‘irdan so‘ng cho‘kkan piyodalar yo‘laklarini Orzu Mahmudov, Mahmud Koshg‘ariy, O‘zbekiston, Vohid Abdullayev ko‘chalarida ham ko‘rish mumkin. Ayniqsa, Samarqand shahar 2-tug‘ruqxonasi yaqinida yo‘laklar talabga javob bermaydi. Ba’zi joylarda singan beton va  plitka bo‘laklari, qurilish chiqindilari bor.

Bir oy ilgari  Zarnews.uz  telegram kanalida Amir Temur ko‘chasidagi ayrim oshxona, savdo do‘koni hamda mehmonxonalarning piyodalar yo‘laklarini to‘sib  qo‘yganligi, yo‘laklar qurilish maydoniga aylangani tanqid qilingandi. Oradan shuncha vaqt o‘tsa-da, tanqiddan tegishli xulosa qilinmagan ko‘rinadi. Davlat idoralari va yangi qurilgan ko‘p qavatli uylar oldida piyodalar yo‘laklari tartibga solingan. Ammo viloyat transport boshqarmasi, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti akademik litseyiga yaqin joylarda yashil maydonlar toptalib, yo‘laklar yaroqsiz ahvolga kelgan. Qurilishi davom etayotgan binolarning qurilish chiqindilari, qog‘oz parchalarini, ayrim joylarda esa kanalizatsiya quduqlaridan oqova  sizib yo‘lakka chiqayotganligini kuzatish mumkin.

Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasidagi piyodalar yo‘lak­lari «uddaburon» tadbirkorlar tomonidan «Avtokredit» yozuvi bitilgan yengil mashinalar bilan to‘sib qo‘yilgan. Ularni mashina saqlash joyi bo‘lsa-da, piyodalarning o‘tishlariga xalaqit bergan holda yo‘laklarda saqlanayotgani ajablanarli. 

Piyodalar yo‘lagi sotish uchun qo‘yilgan mashinalar bilan to‘sib qo‘yilganini suratga olayotganimizni ko‘rgan ayrim tadbirkorlar nima uchun bunday qilayotganimiz bilan qiziqdi.

- Ikki yildan buyon qonuniy tadbirkorlik bilan shug‘ullanamiz, - deydi ismini aytishni xohlamagan mashina sotuvchi yigit. – Bu joyni ijaraga olganmiz. To‘g‘ri, shahar hokimiyatidan kelib mashinalarni piyodalar yo‘lagiga chiqarmasligimizni tayinlashgan. Agar mashinalarni ko‘cha yoqasiga yoki yo‘lakka qo‘ymasak xaridorlarni qiziqtira olmaymiz. Natijada bozorimiz kasod bo‘ladi.

«Marhabo» bekati yaqinidagi ulgurji savdo do‘konlari, oshxonalar kirish qismi piyodalar yo‘lagiga chiqib ketganligi yo‘lovchilarga qiyinchilik tug‘dirmoqda.

- 51-umumta’lim maktabi atrofidagi ko‘p qavatli uylardan birida yashayman,- dey­di Xoliq bobo. – «Dom»imiz atrofida kecha-kunduz yuzlab mashinalarning shovqini tinmaydi. Peshonasiga «Avtokredit» deb yozib olgan mashinalar bozoriga aylanib ketgan. Piyodalar yo‘laklarini egallab olishganidan sayr qilib bo‘lmaydi. Axir, bu uylarda ham keksalar, yosh bolalar, homilador ayollar yashaydi. Hammaning joniga tegib bo‘lishdi. Nahotki, bu tadbirkorlarni shahardan tashqariga chiqarib bo‘lmasa?

14-umumta’lim maktabi, shahar «Barkamol avlod» bolalar markazi ro‘parasidagi piyodalar yo‘lagidan bu yaqin orada mutasaddilar o‘tmagan ko‘rinadi. Chunki u yerdagi piyodalar yo‘lagiga 15 yil ilgari to‘shalgan asfalt qoplamasining ayrim joylari ko‘chib, ba’zi joylari uvalanib ketgan. Chuqur joylarida ko‘lmaklar paydo bo‘lganligidan yo‘lovchilar o‘tib bo‘lmaydigan holatga kelib qolibdi. Kamiga yo‘lakka o‘rnatilgan beton gulxona allaqachon o‘z vazifasini o‘tab bo‘lgan.

Ko‘chada joylashgan shahar bolalar shifoxonasi oldidagi yo‘lakda tashkil etilgan qo‘lbola «bozorcha»ni nahotki birorta mutasaddi ko‘rmagan bo‘lsa? Yoki Samarqand shahar markaziy poliklinikasi oldidagi loy bosgan piyodalar yo‘lagini ko‘rib, bu yer shahar mas’ul­lari nazaridan chetda qolganmikan, deya o‘ylab qolasan.

Shuningdek, «Hududgaz Samarqand» MChJ oldida ham piyodalar o‘tishi uchun sharoit yaratilmagan. Chunki mazkur ko‘chada joylashgan qurilish mollari do‘konlari egalari daraxt ekish, gulxona yoki yashil maydoncha tashkil etish o‘rniga piyodalar yo‘lagini to‘sgan holda o‘z mahsulotlarini qo‘yib olishgan.  

Alisher Navoiy shohko‘chasida piyodalar yo‘lagining qurilganiga ko‘p bo‘lgan emas. Biroq aholining quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi, kanalizatsiya tarmoqlari tortilishi bahonasida yo‘lakning 350-400 metr qismi  kavlab tashlandi. Quruvchilar sovuqqa qolmasdan o‘z ishlarini bajarishdi-yu, yo‘lakni ta’mirlashni unutishgan, shekilli.

Piyodalar yo‘laklarini qurish uchun davlatimizning milliardlab mablag‘i sarflanganligini unutmaslik kerak. Buning uchun jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarur.   

Dilmurod To‘xtayev.

***

Baxtiyor Mustanov olgan suratlar.