Qurilish chiqindilari, ochilgan quvurlar va oqib yotgan toza suv: piyodalar yo‘laklari egasizdek ko‘rinmoqda

Bugungi kunda shahar va qishloqlarimizda velo va piyodalar yo‘lak­lari qurilmoqda. Jumladan, Samarqand shahri ko‘chalarida ham chiroyli yo‘laklar, yashil maydonlar tashkil etilmoqda. Biroq ayrimlar bu qulaylikning qad­riga yetmayapti. Aksincha, xonadon oldidagi yo‘laklarni egallab olish, buzish holatlari uchrayotganini qanday tushunish mumkin?

Masalan, Mir Said Baraka ko‘chasining ikki chetidagi yo‘laklarga to‘kilgan tosh va qurilish chiqindilaridan piyodalar o‘tishga qiynalmoqda.

Samarqand veterinariya meditsinasi ins­titutining akademik litseyi ro‘parasidagi piyodalar yo‘lagida plitalar sinib, tartibsiz tashlab qo‘yilganiga ancha vaqt bo‘lgan. Mazkur ko‘chaning 1-tor ko‘chasida kanalizatsiya quvuridan oqayotgan suv yo‘lakka chiqyapti.

Ko‘chaning 3-tor yo‘lagi boshlanishida ham yo‘lakning o‘rtasidagi quduqdan suv «qaynab» chiqyapti. Shu ko‘chada yashovchilarning aytishicha, qariyb 3 oydan buyon shu ahvol. 

- Bir necha kundan beri zarurat yuzasidan Samarqand shahar kadastr bo‘limiga qatnayman, - deydi O‘lmas Hamidov. - Shu quvurdagi ichimlik suvi ko‘chani uzluksiz yuvib turibdi. Bunga e’tibor beradigan mutasaddi tashkilot yo‘q. Necha kunki, behuda oqayotgan suvni to‘xtatish haqida hech kim o‘ylamaydi.

Mevazor ko‘chasida joylashgan «Optiho lux» MChJ binosi yonida chiqindilar qutisi o‘rnatilgan bo‘lsa-da, shu yerdagi ariqcha barg-xazon va qurilish chiqindilari bilan to‘lgan.

- Bu chiqindilarni shu atrofda yashovchi xonadon egalari olib kelib to‘kkan bo‘lsa kerak, - deydi korxona rahbari F.Xo‘jayev. - Lekin shu yerda chiqindi qutisi bor, odamlar chiqindini unga tashlamay bino yoniga, ariq ichiga to‘kib ketmoqda. Yomoni, mana vaqt allamahal bo‘lgan bo‘lsa-da, chiqindi tashuvchi mashinalar ham kelgani yo‘q.

Oldinga qarab borarkanmiz, yo‘lakdan tabiiy gaz tarmog‘i uchun chuqur kovlab qo‘yilganiga ko‘zimiz tushdi. Chuqur oldidagi xonadonda biror kishi yo‘qligi sababli uni kim kovlaganligini bilishning iloji bo‘lmadi.

- Ikki oy ilgari shu yerda yashovchi bir nechta xonadon egalari kelib, gaz tarmog‘iga ulanish uchun xandaq qazib, quvurlarni ochdi, - deydi shu yerdagi do‘kon egalaridan biri. - Biroq shahar gaz idorasidagilar ruxsat berishmadi, shekilli, ishni to‘xtatib, quduqlarni shu holda tashlab ketishdi. Shu-shu, piyodalar yo‘lagi yopilib qolgan, yomg‘ir tufayli kovlangan tuproq loyga aylandi.

Mir Said Baraka ko‘chasi 5-tor yo‘lakda ham ichimlik suvi quvuridan ko‘chaga suv sizib chiqyapti. Mazkur holat haqida aholi tomonidan shahar hokimligi va «Samarqand suv ta’minoti» MChJga bir necha bor murojaatlar qilingan bo‘lsa-da, haligacha uni mahkamlab qo‘yadigan mard topilmayapti ekan. Qizig‘i, toza ichimlik suvi shu yerdagi chiqindilar uyumi orasidan sizib chiqyapti. Bu esa «Maroqand obod» MChJ tomonidan chiqindilar olib ketilmayotganligini ham bildirib turibdi. Agar ular Prezident maktabining orqa tarafini o‘z vaqtida chiqindilardan tozalab turishganida, balki ichimlik suvi isrof bo‘lishining oldi olingan bo‘larmidi?

- Chiqindi uyumlari va ichimlik suvining qarovsiz oqib yotgani haqida mahalla raisiga ham murojaat qilgan edik, - deydi shu ko‘chada yashovchi fuqarolardan biri. - «Maroqand obod»dagilar bugun kelib chiqindilarni olib ketishga va’da berishgan edi. Ilgari suvsozlar kelib ichimlik suvi quvurining yorilgan joyi­ga yog‘ochdan tiqin qilib ketishgandi. Biroq uzoqqa bormadi, yana toza suv isrof bo‘lib oqib yotibdi.

Yo‘laklarni egallab olish "an’ana"si Amir Temur ko‘chasida ham bor ekan. Viloyat transport boshqarmasi yaqinida olib borilgan qurilish ishlaridan so‘ng yo‘lakda bir uyum qurilish chiqindilari va tuproq qolgan. 

Shuningdek, shu yerdagi yangi mehmonxona quruvchilari yo‘lakni butunlay egallab olibdi.

Amir Temur va Gagarin ko‘chalari chorrahasida mashinalar tig‘izligi hamda hududdagi restoranlarning yo‘laklarni egallab olganligi sababli, piyodalar yurishga qiynalmoqda. Buni shu chorrahada bir necha bor yo‘l-transport  hodisalari sodir etilganligidan ham bilish mumkin.

Muammoga kim izoh beradi?

Aslida jurnalistik nuqtai nazardan kelib chiqib, ikkinchi taraf – shahar hokimligi mutasaddilaridan izoh olishga harakat qildik.

Xususan, shahar hokimining ayni masalaga mas’ul o‘rinbosarini qidirib bordik. Uning mutaxassislaridan biri o‘rinbosar xonada emasligini, biz ko‘targan masala yuzasidan hech qanday ma’lumot berolmasligini bildirdi.

Hokim o‘rinbosarining qo‘l telefoniga bir necha marta qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz esa javobsiz qoldi.

Dilmurod To‘xtayev,

F.Ro‘ziboyev (foto).