Tibbiy sug‘urta tizimi ish boshladi: Imtiyozli davolanishga kimlar haqli?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 noyabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda boshqa qarorlar asosida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llashning elektron axborot tizimi bo‘yicha faoliyat olib borish maqsadida davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etildi.
Ushbu jamg‘arma tomonidan kelgusida aholining barcha qatlamlarini kafolatlangan paket doirasida sifatli va zarur tibbiy yordam bilan ta’minlash, tajriba-sinov loyihasi doirasida davlat byudjetidan kafolatlangan paketni moliyalashtirish maqsadida ajratiladigan mablag‘larni jamlash, boshqarish, ularning maqsadli va samarali sarflanishini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Tajriba-sinov loyihasining natijalariga ko‘ra, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.
2023 yildan boshlab bepul tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi eng avvalo, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini o‘z ichiga oladi va sug‘urtada ishtirok etishi yoki ishtirok etmasligidan qat’i nazar , har bir kishiga bepul taqdim etiladi.
Negaki, davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari hajmi aholiga O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rsatiladigan bepul tibbiy yordamdir.
Kafolatlangan paket davlat muassasalarida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tashxis va davolash klinik standartlari hamda klinik protokollarga muvofiq amalga oshiriladi.
Ilk qadamlar
Viloyatimizda ushbu maqsadlarni amalga oshirish maqsadida “Yo‘l xarita” ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, viloyatdagi barcha davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari xatlovdan o‘tkazildi. Muassasalarning kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmat hajmlarini ko‘rsata olish imkoniyati, ularning moddiy-texnik bazasi, zarur asbob-uskuna va tibbiy jihozlar, malakali tibbiyot xodimlari bilan ta’minlanganligi, kompyuter jamlanmalari va texnika vositalari bilan ta’minlanganlik holati to‘liq o‘rganib chiqildi.
Jamg‘arma hududiy tibbiyot muassasalarini shartnoma asosida moliyalashtirishni boshladi. Ushbu maqsadda 2022 yildan viloyatdagi 6 ta muassasada davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan 4,5 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi hamda shartnomada belgilangan summaning 70 foizi (3,1 milliard so‘m) muassasalar hisob raqamlariga ko‘chirib berildi.
Imtiyozli davolanishga haqli fuqarolar
Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozli toifadagi shaxslar ro‘yxati:
* bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar;
* chin yetimlar;
* I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
* 1941-1945 yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan shaxslar;
* yoshga oid pensiyaga chiqqan ishlamaydigan shaxslar;
* 1941-1945 yillardagi urush davrida mehnat jabhasining qatnashchilari;
* Chernobil AES falokatini tugatishda ishtirok etgan shaxslar jumlasiga kiruvchi nogironligi bo‘lgan shaxslar;
* baynalmilalchi-jangchilar;
* “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalarning a’zolari;
* Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha 18 yoshga to‘lmagan patologiyali bolalar;
* chaqiruv komissiyalarining yo‘llanmalari bo‘yicha chaqiruv yoshidagi (18-27 yoshdagi) shaxslar;
* Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha patologiyali homilador ayollar;
* Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha endokrin kasalliklariga chalingan bemorlar;
* Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha jinsiy yo‘l bilan yuqtiriladigan kasalliklarga chalingan shaxslar;
* Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha sil kasalligiga chalingan shaxslar;
* Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha, onkologik kasalliklarga chalingan shaxslar.
Qancha bemor hozirgacha imtiyozli davolandi?
Bugungi kunga qadar jamg‘arma bilan shartnoma imzolagan viloyatdagi muassasalarda 163 nafar bemor imtiyozli davolandi. Jumladan, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 23 nafar (56,2 million so‘m), viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 7 nafar (76,05 million so‘m), viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasida 23 nafar (44,1 million so‘m), respublika ixtisoslashgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat bo‘limida 10 nafar (95,1 million so‘m), respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat bo‘limida 100 nafar (1 milliard 680 million so‘m) bemor imtiyozli davolanib chiqdi.
Davron Razzoqov,
Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi viloyat bo‘limi mas’uli.